Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putinning navbatdagi saylovlarda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Reuters

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, prezident bu borada hech qanday bayonot bermagan, u odatdagidek tartibda ishlamoqda. Kreml rasmiysi Rossiya Markaziy saylov komissiyasining (MSK) prezidentlik saylovi kampaniyasi boshlanishiga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarga ham izoh bergan.

“Bu ish jarayoni, MSK o‘z vazifalarini bajarmoqda. Hali Kremlning prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik boshlangani haqida gapirishga erta, tashviqot boshlanmadi. Kremlda juda ko‘p dolzarb ishlar bor, ko‘ryapsiz, prezidentning ish grafigi faol”, — dedi Peskov.

Putinning navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish to‘g‘risida hali qaror qabul qilmagan deb hisoblash mumkinmi, degan savolga Peskov prezident tomonidan bu borada hech qanday bayonot berilmaganini aytdi.

“Prezident bu borada hech qanday bayonot bergani yo‘q. Hozircha, yana bir bor takrorlayman, prezidentning odatiy kun tartibi doirasida ish davom etmoqda”, — dedi u.

Rossiyada prezidentlik saylovlari 2024-yil 17-martda bo‘lib o‘tadi. Bundan avval, 2018-yil 7-may kuni Vladimir Putinning to‘rtinchi prezidentlik muddati boshlangandi.

2020-yilda Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq 2024-yilda Putin yana prezidentlik uchun nomzodini qo‘yishi mumkin. 2021-yil oktabr oyida CNBC bilan intervyuda Rossiya rahbari kelgusi saylovlarda ishtirok etish bo‘yicha hali bir qarorga kelmaganini aytgandi.