Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari Turkiyada elektr energetikasi tizimida amalga oshirilgan islohotlar qanday natija bergani va buning omillarini o‘rgandi.                                                                                                                                    

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Elektr energetikasi tizimini isloh qilishning zarurati:

— o‘tgan asrning 90-yillari oxirlarida Turkiyada davlat byudjeti ko‘rsatkichlari yomonlashdi;     

— elektr energiyasi uchun subsidiya ajratish davlat uchun moliyaviy jihatdan qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi;

— 2002—2007-yillarda elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlari sezilarli darajada oshdi, biroq tariflar o‘zgarmadi. Oqibatda mavjud infratuzilmani ta’mirlash va yangisini qurish imkoniyati cheklandi. 

Islohotlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad:

  • elektr energiyasi uchun oshib borayotgan talabni qondirish;
  • elektr energetikasi tizimi samaradorligini oshirish;            
  • davlat budjeti ko‘rsatkichlarini yaxshilash;
  • xususiy investitsiyalarni jalb qilish va tizimdagi monopoliyani tugatish;
  • Yevropa Ittifoqiga a’zo bo'lishning dastlabki talablarini bajarish.

Islohotlar doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar:

Institutsional islohotlar borasida:

— elektr energiyasini ishlab chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash, ulgurji va chakana savdosini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha davlat korxonalari xususiylashtirildi;

Tariflarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha:

— 2008-yilning yanvar oyida elektr energiyasi uchun tariflar 20 foizga oshirildi;

— bozordagi taklifga muvofiq har chorakda elektr energiyasi uchun tariflarning o‘zgarish mexanizmi joriy qilindi;

— 2008-yil oxiriga kelib, tariflar 50 foizgacha oshirildi. 

Islohotlarning asosiy natijalari: 

— elektr energiyasi uchun oshib borayotgan talabni qondirish imkoniyati paydo bo‘ldi;

— raqobat muhiti shakllandi, ishlab chiqarish va taqsimlash samaradorligi oshishiga erishildi. 

— budjeti hisobidan ajratiluvchi subsidiyalarni kamaytirish hisobiga davlat xarajatlari qisqardi va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash davom ettirildi. 

 Xulosalar: 

  • iqtisodiyotni erkinlashtirish elektr energetikasi sohasidagi islohotlarga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • jadal iqtisodiy o‘sish aholi turmush darajasining oshishiga olib kelganligi sababli aholi tizimdagi islohotlarni ijobiy qabul qildi. 2008-yilda tariflarning 50 foizga oshishi aholi daromadlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi. Chunki aholi daromadlari muntazam oshib bordi;
  • mustaqil institutlar va tashkilotlarning ishtiroki islohotlar doirasida zarur texnik (siyosatdan holi) qarorlarni qabul qilishni osonlashtirdi.

Material Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2013-yildagi tahliliy hisobotlari asosida tayyorlandi.