16-yanvar sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Berlindagi bunkerga ko‘chib o‘tgan Gitler, sovet qo‘shinlarining mamlakatga kiritilishiga norozilik bildirib, o‘ziga o‘t qo‘ygan chexoslovakiyalik talaba hamda bolalarni o‘ldirib, ularni yegan amerikalik manyakka oid faktlar o‘rin olgan.

Bunkerga ko‘chib o‘tgan Gitler

1945-yil 16-yanvar kuni Adolf Gitler aviahujumlar xavfi sabab Berlinda maxsus qurilgan fyurerbunkerga ko‘chib o‘tgandi. Nemis fashizmi yetakchisi aynan shu yerda umrining so‘nggi kunlarini o‘tkazgan. Gitler bunkerda Yeva Braun bilan nikohdan o‘tgan, qol ostidagilar buyruqlar berib, o‘z joniga qasd qilgan. 2-may kuni sovet askarlarini natsistlar qarorgohini shturm bilan egallagan. Ammo ular faqatgina oddiy ishchilarni asirga olishga muvaffaq bo‘lgan — barcha muhim shaxslar vafot etib bo‘lgandi.

Foto: AP Photo

Qizil armiyaning hujumi Uchinchi reyx yetakchisini rexskanselyariya sifatida jihozlangan fyurerbunkerga ko‘chib o‘tishga majbur qilgandi. 15-martga qadar Gitler uni ora-sira tark etib turgan bo‘lsa, oxirgi 1,5 oy davomida u yer ostidan chiqmagan.

Bunkerning paydo bo‘lishi haqida Gitlerning telefonisti bo‘lgan va soqchisi vazifasini bajargan Roxush Mish o‘z memuarlarida yozib qoldirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mustahkam bunkerning qurilishiga SSSR tashqi ishlar vaziri Vyacheslav Molotovning 1940-yil 12—13-noyabr kuni Berlinga tashrifi sabab bo‘lgan. Yuqori martabali mehmon ketishidan oldin uning sharafiga xayrlashuv bazmi o‘tkazilgan.

Banketdan keyin Molotov tashqariga chiqqan. Mish uni qarorgohga yo‘l oluvchi mashinaga qadar kuzatib qo‘ygan. “Mehmonxonaga qaytganimda havo trevogasi haqida ma’lumot oldim. Dushman samolyoti Berlinga kelayotgandi. Shunda elchi Valter Xevel birinchi bo‘lib tilga kirdi: ‘Samolyot shahar ustidan uchib, boshimizga bomba tashlasa, Molotovni nima qilamiz? Uning uchun yetarlicha xavfsiz joyimiz yo‘qku!’. O‘shanda Gitler mustahkam bunker qurish buyrug‘ini berdi. ‘Hali vaqti keladiki, nafaqat ‘Adlon’ mehmonxonasi, balki Germaniya davlatining rahbari ham o‘z mehmonlariga ishonchli boshpana taqdim etadi’, degan Gitler’, — eslaydi Mish.

Foto: AP Photo

Boshqa bir versiyaga ko‘ra, Gitler ishonchli boshpana qurish rejasini 1933-yilda natsistlar hokimiyat tepasiga kelganidan keyin o‘ylay boshlagan. Bunkerning birinchi namunasi 1936-yili kanselyariya binosi ortidagi bayram tantanalari uchun mo‘ljallangan zalning yerto‘lasida qurilgan. Beton devorlar qalinligi 2,5 metrga yetgan. Keyinroq tom qismi yana bir metrga oshirilgan. Shift balandligi 3,1 metrni tashkil etgan. O‘sha davrdagi barcha yer osti boshpanalari kabi bunker germetik edi va zaharli gazlardan to‘liq himoyalangan. 1943-yilda birinchi majmua yonidan yangisi qurila boshlangan. Gitler ilk bor bunkerga 1944-yil 25-noyabrda tashrif buyurgan. Asosiy bunkerning qurilish ishlari 1945-yil boshida yakunlangan.

Yangi kanselyariya Gitlerning doimiy qarorgohiga aylangandi. Fashistik Germaniya rahbariyati Ikkinchi jahon urushi oldingi urushlardan farq qilishini tushunib yetganida, fyurer imperiya kanselyariyasi hududida o‘zi va atrofidagilar uchun mustahkam yerto‘la qurishga rozilik beradi. Ammo 1945-yillar boshiga kelib imperiya kanselyariyasi bog‘ida faqat Gitler uchun qurilgan bunker bitgandi. U sakkiz metrli temir-beton bilan qoplangan va uchta yer osti chiqish yo‘liga ega bo‘lgan: Tashqi ishlar vazirligi binosiga, imperiya kanselyariyasi va bog‘ga”, — deb yozgandi 5-armiya Harbiy kengashi a’zosi general-leytenant Fedor Bokov.

Foto: AP Photo

Ushbu obyekt 4 metrli tashqi devorlar va yarim metrli ichki to‘siqqa ega edi. Yer osti binosining maydoni 250 kvadrat metrni tashkil etgan va 20 xonadan iborat bo‘lgan. Asosiy bunker maxsus o‘tish yo‘laklari va zinalar bilan birlashtirilgan. Yer osti binosining o‘n tomonidan majlislar uchun xona, qabulxona, kabinet, Gitler va Yeva Braunning yotoqxonasi, hojatxona va yuvinish xonasi bo‘lgan. Koridor oxirida Gibbelsning kabineti, fyurerning shaxsiy shifokori, sekretariat binosi, dizel-generatorli mashina zali bo‘lgan. Tan soqchilar koridorda yurishga majbur bo‘lgan.

Foto: AP Photo

Gitler kuni bilan bunkerda o‘tirmagan. Mamlakat va frontdagi vaziyatni u oldingidek imperiya kanselyariyasidagi kabinetidan boshqargan, partiyalar hamda vermaxt rahbarlarini ham shu yerda qabul qilgan. Biroq xavf tug‘ilgan zahoti, masalan, havo hujumi boshlanishi bilan Gitler sheriklari va o‘zlariga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bilan birga zudlik bilan fyurerbunkerga tushib olgan. Bunker muntazam yashash uchun mos kelmasdi.

1945-yil bahori boshlarida sovet qo‘shinlarining yaqinlashib kelishi vaziyatni o‘zgartirgan. 15-martdan keyin fyurer o‘z bunkerini faqat bir marta — 20-aprel kuni (56 yoshga to‘lganida) tark etgan. Shu kuni uning hayotiligidagi oxirgi suratga olish ishlari amalga oshirilgandi. 22-aprel kuni Gitlerning yoniga Yozef Gebbels oilasi bilan ko‘chib kelgan. Ularga to‘rtta xona ajratilgandi.

Foto: AP Photo

Mish Gitler bilan oxirigacha qolgan. Bundan tashqari, 30-aprel kuni fyurer o‘z joniga qasd qilgani, Gibbelsning buyrug‘i bilan lavozimdan ozod etilganiga va bunkerni tark etishga ruxsat olganiga qaramay, qochishga shoshmagan. Faqat 2-mayga kelib SS obersharfyurer yashirinishga uringan, biroq bu muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Mish hamda uning sheriklari fyurerbunkerdan bir necha kilometr narida asirga olingandi.

1947-yilda reyxskanselyariya binosi buzib tashlangan, fyurerbunkerga kirish yo‘llari portlatilgan. O‘nlab yillar davomida u konservatsiya holatida turgan. Gitlerning boshpanasi 1980-yil oxirida yangi turar joy kompleksi qurish maqsadida butunlab buzilgandi.

Sovet qo‘shinlaridan norozi bo‘lib o‘ziga o‘t qo‘ygan chexoslovakiyalik talaba

1969-yil 16-yanvar kuni Pragadagi Karlov universitetining falsafa fakulteti talabasi Sovet Ittifoqi va Varshava bitimining boshqa davlatlari qo‘shinlari Chexoslovakiyada bo‘lib turganiga norozilik bildirib, Vaslavskiy maydonida o‘ziga o‘t qo‘ygandi.

Foto: “TASS”

1968-yil avgustda Varshava bitimiga qo‘shilgan davlatlar “Praga bahori” nomi bilan nom qozongan islohotlarni to‘xtatish maqsadida Chexoslovakiyaga o‘z qo‘shinlarini kiritgan. Dubchek hokimiyati ag‘darilgan. Mamlakatda byurokratik reaksiya paydo bo‘lgan. Ommaviy hibsga olishlar va islohotlar tarafdorlarini ishdan bo‘shatishlar boshlangan. Senzura kuchaygan.

Yan Palax mamlakatga nisbatan sodir etilgan bosqinchilikka norozilik bildirib Vaslavskiy maydonida o‘ziga o‘t qo‘ygan. Olov bir zumda yongan. Alanga ichida qolgan Palax bir necha qadam yugurib, yiqilgan va asfaltda dumalab ketgan. Atrofdagi odamlar unga yordam berishga kirishib, o‘z paltolari bilan yonayotgan yigitni o‘chirishga uringan.

Palaxning portfelida o‘zining xatti-harakatini tushuntiruvchi maktub topilgan, shuningdek, bunday yo‘l bilan o‘zlarini qurbon qilgan holda Chexoslovakiyaga ishiga xorijiy davlatlarning harbiy aralashuviga qarshi norozilik bildirishga tayyor yoshlar tashkiloti mavjudligi ma’lum bo‘lgandi.

Foto: “TASS”

U bizni letargiyadan uyg‘otishni, senzura va biz yashagan bema’nilikni yengib o‘tishni xohladi”, — degandi Palaxning kursdoshi Ivan Jijkov.

Tanasining 85 foiz qismi kuyib ketgan Yan Karlov universiteti klinikasiga olib borilgan va oradan 3 soat o‘tgach u vafot etgan. Haykaltarosh talaba Olbram Zubek undan o‘lim oldi niqobini tushirib olgan. Palaxning 25-yanvarda o‘tkazilgan dafn marosimi norozilik namoyishlariga aylanib ketgandi.

Talabaning o‘limi butun Chexoslovakiyani larzaga solgan. Uning dafn marosimiga minglab insonlar tashrif buyurgan, marosimning o‘zi Chexiyada sovet qo‘shinlarining kiritilishiga qarshi eng yirik norozilik aksiyalaridan biriga aylangan. Chexoslovakiya gazetalari ham chetda qarab turmagan. Bosqinchilik harakatlari bir necha oydan beri davom etayotganiga qaramay, matbuot qisman erkin edi. Jurnalistlar Palaxning ishini bong urib yoritgan va sovet qo‘shinlarining kiritilishini keskin qoralagan.

Chexoslovakiya hukumati Yan Palaxning o‘ziga o‘t qo‘yish sabablarini yashirishga urinishgan. 20-yanvar kuni mamlakat Matbuot va axborot boshqramasi sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha faqat rasmiy xabarlarni chop etishni buyurgan. O‘shanda mamlakatdan ko‘plab xorijlik jurnalistlar chiqarib yuborilgan edi.

Chexoslovakiya hukumati, shuningdek, Yan Palaxning o‘ziga o‘t qo‘yish sabablarini noto‘g‘ri talqin qilishga tushgan. Kommunistik partiya deputati Vilyem Noviy Palax o‘z joniga qasd qilish niyatida bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, yigit qandaydir “sovuq olov”dan foydalanmoqchi bo‘lgan, biroq kimdir suyuqlikni benzinga almashtirib qo‘ygan. Besh kishi, jumladan, Yan Palax Vilyev Noviyni sha’n va qadr-qimmatini kamsitgani uchun sudga bergan. 1970-yilda sud Vilyem Noviyni aybsiz deb topgan va da’vogarlarga “sotsializm dushmanlari” tamg‘asi yopishtirilgan.

Foto: “TASS”

Rasmiy sovet hukumati ham yosh yigitning o‘z joniga qasd qilishida yuqoridagi versiyaga qo‘shilgan. Palaxning o‘limidan keyin 1969-yil aprelga qadar mamlakatda yana 26 kishi o‘ziga o‘t qo‘yish orqali norozilik bildirgan va yetti nafari halok bo‘lgan. Xususan, Yan Zayit ismli yigit ham xuddi o‘zi Vaslavskiy maydonida o‘z joniga qasd qilgandi.

SSSRda mavjud bo‘lgan sensuzaga va tez orada uning Chexoslovakiyada ham o‘rnatilishiga qaramay, Yan Palax “ozodlik mash’alasi” va sovet bosqiniga qarshi kurashish ramziga aylangan.

Amerikalik manyakning qo‘lga olinishi va qatl etilishi

1936-yil 16-yanvar kuni AQSHda seriyalik qotil, odamxo‘r, uzoq yillar davomida qo‘lga tushmasdan amerikalik oilalarni qo‘rquvga solib kelgan Albert Fish qatl etilgandi.

Foto: Getty Images

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1910-yildan 1934-yilga qadar Albert Fish 8—17 yosh oralig‘ida besh nafar bolani zo‘rlab, ularni maydalab tashlagan. Norasmiy manbalarning ta’kidlashicha, qurbonlar soni yuzdan oshadi. Qonxo‘r qotil 1928-yilda bederak yo‘qolgan 10 yoshli qiz Greys Baddning onasi qotildan sirli maktub olganidan so‘ng ushlangan.

Xemilton Fish 75 yoshli savdogar Randall Fish va 32 yoshli Ellen Fish oilasidagi kenja farzand bo‘lgan. U 1870-yili Vashingtonda dunyoga kelgan. Bolaning ota-onasi turli ruhiy kasalliklardan aziyat chekkani ma’lum. Bo‘lajak manyak besh yoshga to‘lganida uning otasi infarktdan vafot etgan. Ko‘p farzandli ona bolakayni bolalar uyiga berishga majbur bo‘ladi.

Mahalliy bolalar Femiltonga turli laqablar qo‘yib, uni tahqirlab kelgan. Oradan bir necha yil o‘tgachgina Ellen Fish ishga joylashib, to‘qqiz yoshli o‘g‘lini uyiga olib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo bolalar uyida boshidan o‘tkazganlari “Kulrang arvoh”ning ruhiyatini butunlay o‘zgartirib yuborishga ulgurgandi.

1890-yillar boshida Albert Fish Vashingtondan Nyu-Yorkkda ko‘chib o‘tgan. U sakkiz yil davomida voyaga yetmaganlarni zo‘rlab kelgan. Jabrlanuvchilar bu haqida politsiyaga murojaat qilmaslikni ma’qul ko‘rgan. Alamzada ona o‘g‘lini 19 yoshli Anna Meri Xoffmanga uylantirib qo‘ygan va u olti farzandni dunyoga keltirgan. 1903-yildan 1905-yilga qadar Albert o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgani uchun Sing-Sing qamoqxonasida jazo o‘tagan.

Foto: Getty Images

Albert Fish o‘zining birinchi qonli jinoyatini 1910-yilda sodir etgan. U Delaver shtatida yashovchi to‘qqiz yoshli Tomas Beddenni o‘ldirgandi. Oradan 9 yil o‘tgach, Jorjtaun politsiyasi Virginiya shtatida voyaga yetmagan aqli zaif yigitning jasadini topadi.

1924-yil 11-iyul kuni manyak Staten-Aylendda ikkinchi urinishda Beatris Kil ismli fermerning qizini o‘g‘irlab ketib, o‘ldirgan. Navbatdagi jinoyat bir necha kundan keyin sodir etilgan. Yo‘qolgan sakkiz yoshli Frensis Makdonnelning do‘stlari ko‘rsatmalaridan politsiya manyakning belgilarini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Bolakaylar do‘sti ozg‘in erkak bilan ketganini bildirgan. Ushbu ma’lumotlar u vaqtdagi tergov uchun yetarli emasdi, shu boisdan ish oldinga siljimagan.

58 yoshli Albert Fish taqdirida 1928-yil iyun hal qiluvchi vaziyatga aylangan. Kannibal mahalliy gazetalardan birida Edvard Badd ismli erkak qishloq hududida ish izlayotganini yozgandi. Albert ish beruvchi sifatida belgilangan mazilga borib, Baddning oila a’zolari ishonchiga kirgan va 10 yoshli Greysning ota-onasini o‘zi bilan jiyanining tug‘ilgan kuniga borishga ko‘ndirgan. Oila shundan keyin farzandini qayta ko‘rmagan. Ota-ona tomonidan jinoyatchining tashqi ko‘rinishi bo‘yicha bergan ma’lumotlari tergovni olib borishga yetarli emasdi.

Albert Fish oxirgi isbotlangan jinoyatini 1927-yil 11-fevralda sodir etgan. Bu safar Billi Gaffni kannibalning qurboniga aylangandi. Yo‘qolgan bolaning do‘sti Billi Bilton politsiyaga uning kim bilan ketganini aytib bergan. Keyinchalik Bruklindagi tramvay xodimi Jozef Mixan jinoyatchi va qurbonni ko‘rganini bildirgan. Bolaning jasadi baribir topilmagan. Jinoyat tafsilotlari 1934-yili Albert Fish hibsga olinganidan keyin ma’lum bo‘lgan. Kannibal qamoqdaligida o‘z advokatiga maktub yozib, unda bolakayni qanday o‘ldirgani va keyin uni yeganini batafsil yozgandi.

Foto: Getty Images

Albert Fish qo‘lga olinishidan biroz oldin, 1934-yil noyabrida Deliya Badd noma’lum insondan bedarak yo‘qolgan qizi Greys haqida maktub oladi. Manyak ayolga Greysni o‘g‘irlab ketgani haqida yozgandi. Xatning originali politsiya uchastkasiga olib borilgan va u tergovchi Uilyam Kingning qo‘liga yetib borgan. Politsiyachi Nyu-York konvertidagi xususiy haydovchilar xayriya assotsiatsiyasining emblemasiga e’tibor qaratgan. Bino egasi bilan suhbatda u yerda mo‘ylovlariga oq tushgan erkak yashagani ma’lum bo‘lgan. King gumonlanuvchi bilan shaxsan tanishishga qaror qilgan. Uchrashuv fojia bilan yakunlanishiga bir bahya qolgan, manyak tergovchiga pichoq bilan tashlangan, biroq xodim uni qo‘lga olib, idoraga olib kelgan.

1935-yil 21-mart kuni kannibal o‘lim jazosiga hukm etilgan. Fish o‘z tanasiga o‘nlab ignalarni sanchgani uchun elektr stulida jinoyatchining tanasi orqali tok o‘tkazishning imkoni bo‘lmagan. Ikkinchi urinishda barchasi uddalangan va manyak o‘ldirilgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.