Har qanday ota-ona uchun farzandining ulg‘ayganini va mustaqil hayotga tayyorligini ko‘rishdan kattaroq quvonch yo‘q. Bu masalada mashhurlar ham oddiy odamlardan farq qilmaydi. O‘zlarining shon-shuhratiga, karyerasi va boyligiga qaramay, ular birinchi navbatda farzandlarining baxtli va muvaffaqiyatli bo‘lishini xohlashadi.

Pirs Brosnan va o‘g‘li Dilan

Foto: AdMe

Dilan — besh farzandning to‘rtinchisi. Dilan har doim otasini ajoyib yigit deb ta’riflagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bolaligida otasining mashhur odam ekanini bilmasdi, odamlar ko‘chada Pirsga yaqinlashganda, u shunchaki otamning do‘stlari ko‘p deb o‘ylagan. Garchi aktyor o‘g‘illari bilan juda yaqin munosabatda bo‘lsa-da, bolalari kasb tanlashda undan o‘rnak olishmaydi, chunki Pirs ularni kasb mashaqqati haqida ogohlantirgan.

Dilan 2020-yilda kollejni tamomlagach, mag‘rur ota o‘g‘lini quchoqlab turgan suratini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi, izohda esa shunday yozilgandi: “Bu katta dunyoga yo‘l ol va uni o‘zingniki qil. Jasur, saxiy va mard bo‘l”.

Dueyn Jonson va qizi Simone

Foto: AdMe

Simone — Dueyn Jonsonning to‘ng‘ich qizi. Hozir u 21 yoshda va otasining izidan bormoqda. Qiz yaqinda musobaqalarda restler (kurashchi) sifatida qatnasha boshladi, shu tariqa ushbu sport tarixidagi 4-avloddagi birinchi restlerga aylandi.

Dueyn qizining qaroridan faxrlanadi va boshqa bolalari kabi uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Bir necha yil oldin aktyor Simone haqida shunday degan edi: “U tug‘ilganda qo‘limga olib: Men har doim senga g‘amxo‘rlik qilaman. Umringning oxirigacha xavfsiz bo‘lasan, — deb va’da bergandim”.

Riz Uizerspun va qizi Ava

Foto: AdMe

46 yoshli aktrisa va 23 yoshli qizi Ava o‘rtasida juda kuchli rishtalar mavjud. Bu yil Avaning tug‘ilgan kunida faxrga to‘la ona shunday deb yozdi: “Sening har kuni ajoyib ayol bo‘lib ulg‘ayishingni kuzatish men uchun haqiqiy sovg‘adir”.

Garchi ko‘pchilik uchun ular egizak opa-singillarga o‘xshasa ham, ona va qizning bu borada o‘z fikri bor. Rizning so‘zlariga ko‘ra, u va Ava buni payqashmaydi.

Ketrin Zeta-Jons va qizi Keris

Foto: AdMe

19 yoshli Keris 53 yoshli aktrisa va Maykl Duglasning kenja qizi. Ketrin qizi bilan o‘xshashligini namoyish qilish uchun birgalikdagi fotosuratlarini tez-tez ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiradi.

Yulduzli maqomiga qaramay, Ketrin va uning eri farzandlarini oddiy oiladek tarbiyalashga harakat qilgan. “Men ishlagan paytda Maykl bolalar bilan uyda o‘tirardi yoki aksincha. Farzandlarim o‘z ildizlarini bilishlarini, aql bilan o‘ylashlarini va odob-axloqni unutmasliklarini juda xohlayman”, — deydi Ketrin.

Arnold Shvarsenegger va qizi Ketrin

Foto: AdMe

Ketrin — Arnold Shvarseneggerning ikkinchi farzandi. 2019-yilda u Kris Prattga turmushga chiqdi. Arnold qizi aktyorga turmushga chiqqanidan juda hayratda qolganini tan oladi. Bolaligida u otasi bilan suratga olish maydonchasiga borishni yoqtirmasdi. “Boshqa farzandlarim kameralar oldida rol o‘ynashimni tomosha qilishni yaxshi ko‘rishardi, lekin Ketrin suratga olish vaqtida doim yig‘lardi”, — deydi u.

Shunday bo‘lsa ham Arnold qizining baxtli ekanligidan xursand va kuyovini oson til topishadigan ajoyib yigit sifatida tasvirlaydi. O‘z navbatida, Ketrin otasini tug‘ilgan kuni bilan ijtimoiy tarmoqlarda tabrikladi va unga bo‘lgan mehrini izhor qildi: “Siz dunyodagi eng yaxshi va eng quvnoq dadasiz! Sizning borligingiz — bizning baxtimiz”.

Sofiya Vergara va uning o‘g‘li Manolo

Foto: AdMe

Aktrisa Manoloni 19 yoshida dunyoga keltirgan va uning bolaligi baxtli bo‘lishi uchun qo‘lidan kelganini qilgan. “Odamlar o‘g‘limni odobli, kelishgan va quvnoq ekanligi uchun maqtashsa, barcha qurbonliklarim behuda ketmaganini tushunaman”, — deydi Sofiya.

Hozir Manolo 31 yoshda va uning onasi bilan ko‘p umumiy jihatlari bor, jumladan, itlarga bo‘lgan katta muhabbat. U hatto itlar uchun hashamatli brendni ishga tushirdi va Sofiya uning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Madonna va o‘g‘li Devid

Foto: AdMe

Madonna Devidni Afrikaning Malavi davlatidagi bolalar uyida ko‘rganidayoq u bilan bog‘liq nimadir borligini his qiladi. Shundan so‘ng xonanda 1 yoshdan oshgan bolakayni asrab oladi. Hozir Devid 17 yoshda va onasi u bilan juda faxrlanadi. O‘g‘li 16 yoshga to‘lgan kunida u shunday deb yozgan edi: “Devid, birpasda katta bo‘lib qolganingga ishonolmayapman! Sen rassom, sportchi va shunchaki xarizmatik yigitsan”.

Madonna Devidni o‘ziga juda o‘xshash deb hisoblaydi: “Menimcha, boshqa bolalarimga qaraganda unda genlarim ko‘proq”.

Mavzuga doir: