AQSH o‘zi Ukrainaga harbiy ko‘mak sifatida taqdim etgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini yashirincha modifikatsiya qilib, ularni Rossiya hududlariga uzoq masofali raketalar uchirish imkoniyatidan mahrum etgan. Bu haqda The Wall Street Journal Amerika ma’muriyatidagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Foto: EPA

Vashington Moskva bilan nizo kuchayib ketishi xavfini kamaytirish uchun shunday chora ko‘rgan, deydi gazeta suhbatdoshlari.

Xususan, modifikatsiya qilingan qurilmalardan parvoz masofasi 300 kilometrgacha bo‘lgan ATACMS raketalarini uchirish uchun foydalanib bo‘lmaydi. AQSH Ukrainaga bunday raketalarni yetkazib bermagan, biroq Kiyev ATACMS’ni boshqa manbalardan olgan taqdirda, ularni HIMARS orqali qo‘llash imkoniyatini cheklab qo‘ydi.

Ukraina AQSHdan 20 ta HIMARS start qurilmalarini va parvoz masofasi 80 kilometrgacha bo‘lgan raketalarning katta zaxirasini qabul qilib olgandi. Bu raketalar Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Rossiya bosib olgan hududlarda ularning o‘q-dori omborlari va qo‘mondonlik markazlariga zarbalar berish uchun qo‘llaniladi. Ta’kidlanganidek, HIMARS topshirilayotgan vaqtida prezident Vladimir Zelenskiy AQSHga ular Rossiya hududidagi nishonlarga zarbalar berishda qo‘llanilmasligi haqida shaxsan o‘zi va’da bergandi.