Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida profilaktika inspektori tabel quroli bilan o‘z boshini jarohatladi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshloq tumani IIB profilaktika inspektori katta leytenant A.U. 5-dekabrda tungi xizmatdan chiqib, tuman IIBda o‘tkazilgan ertalabki yo‘riqnomaga kelmagan hamda u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan.

O‘tkazilgan surishtiruv ishlari davomida katta leytenant A.U. yashash xonadonidan taxminan 3 kilometr uzoqlikdagi Besarang qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanali yoqasidagi yo‘lning chetida, o‘ziga tegishli bo‘lgan Spark avtomobilida o‘ziga biriktirilgan PM tabel quroli bilan bosh qismidan jarohatlangan, koma holatda topilgan va zudlik bilan tibbiy muassasaga joylashtirilgan.

Aniqlanishicha, xodim, ijtimoiy tarmoqlarning “1Xbet” ilovasidan foydalanib, 2022-yilning avgustida 45 million so‘m yutqazgani uchun qarzdorlik muammosi hal etilib, intizomiy tartibda jazolangan hamda viloyat IIB qoshidagi Intizomiy kengash nazoratida bo‘lgan.

Hozirda holat viloyat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Ma’lumot uchun, Respublika kesimida qimor o‘yinlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar soni 2019-yilda 1 454 ta tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilning 6 oyida 2 325 taga yetgan. Ushbu o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar 2019-yilda 55 ta bo‘lsa, 2022-yilning 6 oyida 90 tadan oshgan.

Mavzuga doir: