Britaniyaning Financial Times nashri Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni “Yil odami” deb topdi.

Foto: Financial Times

Nashr prezidentni “Ukraina xalqining Rossiya agressiyasiga qarshi kurashdagi jasorati va matonati timsoli” deb e’lon qildi.

“Ukraina prezidenti avtoritarizmga qarshi global kurashda demokratik dunyoning flagmani bo‘ldi, bu XXI asrning yo‘nalishini belgilab berishi mumkin”, deb yozadi Financial Times.

Aynan shu sabablarga ko‘ra nashr Ukraina rahbarini “Yil odami” deb tanlagan. Zelenskiy prezidentlik davrida ko‘plab tanqidlarga uchragan bo‘lsa-da, urush yillarida u o‘zini yaxshi rahbar sifatida ko‘rsatgani, jumladan, Ukrainaning urushga qarshi turishiga yordam bergani, G‘arb davlatlarini bu borada Ukrainaga yordam ko‘rsatishga jalb qilgani qayd etilgan.

Prezident AQSHning evakuatsiya qilish haqidagi taklifini qabul qilish o‘rniga Kiyevda qolgani “Ukraina armiyasi va uning xalqini urushga qarshilik ko‘rsatishga undagan eng muhim daqiqalardan biri bo‘lgani” ta’kidlanadi.

“Bu ukrainaliklar va G‘arb ittifoqchilari uchun kutilmagan javob bo‘ldi, ular mamlakat siyosiy yetakchisidan unchalik umid qilmagan”, — deya ta’kidlaydi Financial Times.

Shu bilan birga, Zelenskiy nashrga Rossiya urushining dastlabki kunlari va Kiyevda qolish qarori haqida gapirgan.

“Men jasoratlidan ko‘ra ko‘proq javobgarman. Chunki odamlarga pand berishni xohlamayman”, — deydi u.