Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 5-dekabr kuni Yaponiyaning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Takashi Xatorini qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Uchrashuv elchining ishonch yorliqlari nusxalarini topshirish marosimi bilan boshlandi. Vazir elchini lavozimga kirishishi bilan tabriklab, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston—Yaponiya strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuqori darajadagi ishonch va o‘zaro anglashuvga erishish, sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun zarur mexanizmlarni yaratish imkonini bergani qayd etildi. Oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari, jumladan, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti yig‘ilishi o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.