O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida gender mavzusi va jamiyatda zo‘ravonlikni rad etish bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyaga bag‘ishlangan 17 Faces of Action (“Matonatning 17 qiyofasi”) fotoko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

G‘oya muallifi — Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati sektori mudiri Saida Mirziyoyeva. Tadbir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan tashkil etilmoqda.

Ko‘rgazma BMTning Jeneva bo‘limi bosh direktori Tatyana Valova – tarixda bu lavozimni egallagan birinchi ayol hamda Shveysariya Ayollarining o‘zaro yordam uyushmasi (ASWE) tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. Tadbir bugungi kunda ayollarning roli, ularning erkaklar bilan bir qatorda jamiyatda yangi, yanada adolatli, farovon hayotni barpo etib, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qilayotganliklarini ko‘rsatishga qaratilgan.

Barqaror rivojlanish maqsadlari – BMT tomonidan 2015-yilda barcha uchun yanada yaxshi va barqaror kelajakka erishish rejasi” sifatida ishlab chiqilgan 17 ta global maqsad to‘plamidir. Ushbu maqsadlar Bosh assambleyaning “2030-yilgacha bo‘lgan davrda kun tartibi” rezolyutsiyasida qayd etilgan.

BMTga a’zo mamlakatlar bilan birga loyiha amalga oshirish: har bir mamlakatdan barqaror rivojlanish maqsadlarini o‘zida mujassamlashtirgan 17 ta ayolni tanlab, ko‘rgazma tashkil qilish haqida g‘oya paydo bo‘ldi. 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlari – bu bizni o‘ylantirayotgan hamma narsa: qashshoqlikka qarshi kurash, munosib ta’lim olish va mehnat qilish, atrof va suv muhitini himoya qilish, inson huquqlari, tinch yashash huquqi va shu kabi boshqa maqsadlarni o‘z ichiga oladi. Bularning barchasiga erishishda 17-maqsad – hamkorlik qilish maqsadi bor. Barqaror rivojlanish maqsadlari Tashkilotga a’zo bo‘lgan barcha davlatlardan kelayotgan harakatlarga o‘ziga xos chaqiriqdir, — deydi BMTning Jeneva bo‘limi bosh direktori Tatyana Valova g‘oyaning paydo bo‘lishi haqida gapirib.

Bunday ko‘rgazma ilk marotaba Ozarbayjonda o‘tkazilgan edi. O‘zbekiston mazkur loyiha o‘zining amaliy ifodasini topgan dunyodagi ikkinchi mamlakat bo‘ldi.

Ekspozitsiya ikki blokda namoyish etiladi. Ularning asosiysi kelajakni yanada go‘zal, adolatli va mehr-oqibatli qilish yo‘lida o‘z hayoti va bor kuch-g‘ayratini umumiy farovonlikka bag‘ishlagan O‘zbekiston ayollariga bag‘ishlanadi.

Ular hech bir to‘siqlardan qo‘rqmay, o‘zlarining cheksiz salohiyatga ega ekani, har qanday sohada yuksak natijalarni qo‘lga kiritibgina qolmay, insonlar mehrini zabt etib, o‘zlariga ergashtira olishlarini dunyoga ko‘rsatgan ayollardir.

Qahramonlar orasida tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, institutsional rivojlanish sohasidagi olimalar, ayollar huquqlari himoyachilari, ayol iqtisodchilar, sportchilar, IT-texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar va boshqa iste’dodlar bor.

Ko‘rgazma tashkilotchilari tadbir, ushbu ko‘zga ko‘ringan ayollarga hurmat va ularning xizmati, jamiyatdagi ijobiy ta’siriga bo‘lgan minnatdorchilik bo‘libgina qolmay, balki ko‘plab ayollarning hayotning turli sohalariga haqiqiy ijobiy ta’sirini anglashga ham yordam beradi, degan umidda. Ushbu namoyish orqali ayollar BMTning barqaror rivojlanish sohasidagi 17 ta maqsadning elchisi bo‘ladi.

Ko‘rgazmaning ikkinchi qismi BMT tomonidan taqdim etilgan “Millatlar saroyi: mulohaza uchun vaqt” deb nomlanadi. Klassik oq-qora uslubdagi fotosuratlarda kovid pandemiyasining eng og‘ir davrlari ko‘rsatib beriladi. Millatlar saroyi tomoshabinlar ko‘z o‘nggida kimsasiz holatda paydo bo‘ladi.

Bu ishlar “Matonatning 17 qiyofasi” Xalqaro loyihasiga hamroh bo‘lib, u amalga oshiriladigan barcha mamlakatlarda umid, barqarorlik va har bir qiyinchilikdan so‘ng yengillik borligini anglash ramzi sifatida o‘tkaziladi. Loyiha yakunlangach, ular Jenevaga qaytadi. Millatlar saroyidagi yakuniy fotoko‘rgazmada butun dunyo taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan ayollarning o‘nlab portretlari namoyish etiladi.