Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Lingvist” sport sog‘lomlashtirish oromgohi sotildi. Bu haqda E-auksion portali ma’lum qildi.

Foto: E-auksion

Lot auksionga Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan joylashtirilgan edi.

Yer uchastkasining umumiy maydoni — 2,40 gektar. Binoning maydoni — 400,88 kvadrat metr.

Oromgohda suv, elektr ta’minoti mavjud bo‘lsa-da, gaz va kanalizatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Lot izohida yozilishicha, oromgohni sotib olgan shaxs turistik xizmat ko‘rsatish majmuasini qurish, hududda kamida 3 yulduzli toifadagi 50 xonali mehmonxona faoliyatini tashkil etish majburiyatini oladi. Investitsiya majburiyatlarini bajarish muddati esa 24 oy etib belgilangan.

Auksionga qo‘yilgan maskanning boshlang‘ich bahosi 3,05 mlrd so‘m edi. 5-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan savdoda u 5,03 mlrd so‘mga sotildi.

Auksion g‘olibi sifatida Xojiakbar Abdulxakimov ko‘rsatilgan. Hozirda u “Malga logistics” korxonasining rahbari hisoblanadi.

Avvalroq Toshkentdagi sport markazi 30 mlrd so‘mga auksionga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.