Oliy Majlis Senati sammitida ishtirok etgan mehmonlar uchun yozilgan dasturxon respublika budjeti uchun 1 milliard 56 million so‘mga tushdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan shartnoma nusxalari oshkor etmoqda.

Foto: Telegram

Ma’lum bo‘lishicha, 1 milliard 56 million so‘mga 300 nafar kishi mehmon qilingan.

Restoranlar va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi “Sky events” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan xizmat ko‘rsatilgan mehmondorchilik 2022-yilning 8—9-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan.

Hujjatlarda qayd etilishicha, 8-sentabr kuni 300 nafar mehmon uchun tashkil qilingan tushlik 345 million so‘mga tushgan. O‘sha kungi kechki ovqat uchun esa 263 million 120 ming so‘m xarj qilingan. Ikkinchi kundagi kofe-break 103 million 500 ming so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, tushlik 345 million so‘mga tushgan.

“Daryo” Moliya vazirligi respublika budjeti xarajatlarini kamaytirish borasida fikr bildirayotgan paytda mazkur sammit mehmonlari uchun tashkil etilgan mehmondorchilikka 1 milliard 56 million so‘m sarflanishi qay darajada to‘g‘riligini so‘rab, Senat axborot xizmatiga so‘rov yubordi.

Bu sammit parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlarning ayol rahbarlari ishtirokidagi 14-sammit bo‘lib, juda muhim tadbir bo‘lgan. Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro maydonda qanchadan-qancha tashabbuslarni ilgari suryapti va va qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu tashabbuslar mana shunga o‘xshash sammitlar maydonida ilgari suriladi.

Bu degani ularning og‘zini moylash maqsadida tashkil etildi degani emas. Bu sammit a’zo mamlakatlarda navbatma-navbat o‘tkaziladi. Bu — O‘zbekistonga katta ishonch, — deydi Senat axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov.

Uning aytishicha, hozirda aksariyat mamlakatlar parlament diplomatiyasiga tayanmoqda.

Masalan, nega oxirgi vaqtlarda Turkiya xalqaro maydonda o‘z so‘ziga ega bo‘lib boryapti, ular ham xalqaro tashkilotlar doirasida o‘z so‘zini ayta oldi. Yoki bo‘lmasa Xitoy, 2017—2020-yillarda “Bir makon bir yo‘l” loyihasi doirasida boshqa mamlakatlarning turli soha vakillarini chaqirib, 20 kunlab seminarlar o‘tkazdi. Hamma xarajatni Xitoy tomoni ko‘tardi. Milliardlik aholiga ega Xitoy uchun bu nimaga kerak deb o‘ylaysiz? To‘liq yedirib-ichirib, kamiga kunlik xarajatlar uchun boshqa mamlakat vakillarining qo‘llariga pul ham berdi.

Maqsad — o‘zinikini o‘tkazish. Hozirda aksariyat mamlakatlar parlament diplomatiyasiga tayanmoqda. Sababi davlatlar o‘rtasidagi kelishuvni amalga oshirishda hukumatlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni parlament nazorati instituti orqali bartaraf etish mumkin, — deydi Senat axborot xizmati mas’uli.