Samarqandda o‘quvchining onasi “zamdirektor”ni kaltaklagani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi qo‘shimcha ma’lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, ushbu holat Toyloq tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganilgan. Tumandagi 6-umumta’lim maktabida 17-noyabr kuni dars jadvaliga asosan 1-soat 9-“A” sinfida ona tili darsi bo‘lgan. Fan o‘qituvchisi D.G‘. 1-soat darsda bo‘lsa-da, geografiya o‘qituvchisi M.X. oilasida ma’raka borligi uchun iltimos qilib, o‘zaro kelishuvga ko‘ra, 2 ta sinfda ( 9-“A” va 9-“B” sinfida) parallel ravishda dars o‘tgan.

Soat 8:25 da 9-“B” sinfida geografiya darsini o‘tayotgan o‘qituvchi M.X. voqea sodir bo‘lgan payt 9-“A” sinfiga topshiriq berayotgan bo‘lgan. Nazoratsiz qolgan 9-“B” sinf o‘quvchilari M.D. sinfdoshi Sh.Sh.ga ruchkasini uzatayotgan paytda (otib yuborgan) tasodifan sinfdoshi X.N.ning ko‘ziga tegib ketib, jarohatlagan. Shu paytda maktab hamshirasi E.G. va maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari jabrlanuvchi o‘quvchini tez yordam kelishini kutmasdan yo‘l mashinasida Toyloq tumani tibbiyot bo‘limiga olib borgan va X.N.ning ota-onasiga xabar berilgan.

Tuman tibbiyot bo‘limi tez yordam bo‘linmasida bemorga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilib, viloyat shifoxonasiga yuborilgan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Jabrlanuvchi X.N.ning onasi V.Sh. 24-noyabr kuni soat taxminan 9:10 atrofida maktabga kelib, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.X.ning sochidan tortib, do‘pposlab urgan. Ta’kidlanishicha, jabr ko‘rgan qizning onasi sodir bo‘lgan hodisa haqida direktor o‘rinbosari unga o‘z vaqtida xabar qilmaganini bildirgan.

Holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktabda dars paytida o‘quvchilarning nazoratsiz qoldirilgani va o‘qituvchilarning o‘zaro dars almashishiga imkon yaratilgani uchun maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari B.Sh. hamda maktab amaliyotchi psixologi M.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, mazkur maktab direktori R.D. o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.

Mavzuga doir: