Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarani kesib o‘tishda pasport nazoratini yengillashtirishga kelishib oldi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

Foto: Sputnik

Ma’lumot Jogorku Keneshning Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi yig‘ilishida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aybek Ortiqboyev tomonidan e’lon qilingan. Unga ko‘ra, endilikda ikki davlat fuqarolari ID-kartasini ko‘rsatish orqali chegaradan o‘tishi mumkin.

“16 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar chegarani kesib o‘tishda pasport ko‘rsatadi. Tegishli protokol O‘zbekiston prezidentining 9-dekabr kuni Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolanadi”, — deydi vazir o‘rinbosari.

Ta‘kidlanishicha, Qirg‘iziston xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi O‘zbekiston bilan mazkur kelishuvni qo‘llab-quvvatladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov O‘zbekiston bilan chegara bitimini ratifikatsiyalash to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. 17-noyabr kuni Jogorku Kenesh O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilgan. Yig‘ilishda prezident Sadir Japarov ham ishtirok etgan. Ratifikatsiyani 64 nafari deputat yoqlagan, 19 nafari esa qarshi ovoz bergan.