“Hududiy elektr tarmoqlari”AJning xabar berishicha, respublikaga kirib kelgan sovuq havo oqimi oqibatida ayni paytda ko‘plab hududlarda qalin qor yog‘ishi va haroratning keskin tushib ketishi, buning ortidan elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham sezilarli oshgani kuzatilmoqda.

Foto: “Daryo” / Elshod Salimov

Qayd etilishicha, ana shunday vaziyatda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilib, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib borishi oqibatida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham mos ravishda tushib ketmoqda.

4-dekabr kuni respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 219 mln kVt/soatni tashkil etgan bo‘lib, bu 2021-yilga nisbatan 22 mln kVt/soat yoki 11 foizga ko‘pdir. Shuningdek, dekabr oyining dastlabki 4 kunida respublika bo‘yicha iste’mol hajmi 875 mln kVt/soatni tashkil etib, bu 2021-yilga nisbatan 93 mln kVt/soat yoki 12 foizga ko‘p hisoblanadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, xususan, energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash va elektr energiya ishlab chiqarish obyektlari, yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yirik avariyalar vujudga kelishining oldini olish maqsadida respublikaning turli hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar kiritilmoqda.

O‘z navbatida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning barcha tarkibiy korxonalari ishchi-xodimlari tomonidan joylarda sodir bo‘layotgan avariyali holatlarni bartaraf etishga qaratilgan zarur choralar tezkorlik bilan ko‘rilayotgani bildirilgan. Buning uchun respublika bo‘yicha jami 1 434 nafar xodimdan iborat 478 ta tezkor avariyaviy chiqish brigada hamda ularga 398 ta maxsus avariyaviy chiqish mashinasi va texnikalar safarbar qilingan.

Fursatdan foydalanib, iste’molchilardan ushbu vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish hamda energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash uchun imkon qadar elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz, — deyiladi bayonotda.

Mavzuga doir: