Yakunlangan hafta ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hamda jamoatchilik yodida Ortiqxo‘jayevning 100 million dollar so‘rashda ayblangani-yu, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning quruvchilarni nogironlik aravachasiga mindirib, ish sifatini tekshirib ko‘rgani bilan yodda qoldi. “Daryo” yakunlangan haftaning eng shov-shuvli voqealarini yodga olishda davom etadi.

Minerva City loyihasining yakuniga yetmay qolishi bilan bog‘liq shov-shuvlarni izohlagan hindistonlik investor Murali Lal Jalan “Kun.uz”ga bergan intervyusida loyihaning yakuniga yetmay qolishi Toshkent shahri hokimi bilan kelishmay qolganida ekanini aytgan.

Toshkent shahar Yangihayot tumanida to‘xtab qolgan qurilish 

Foto: “Kun.uz”

Ma’lum bo‘lishicha, 2018-yilning 28-sentabr kuni MJ Developers O‘zbekiston hukumati bilan 100 million dollarlik sarmoya shartnomasini imzolab, o‘zining 4 ta yirik loyihasiga sarmoya kiritishni boshlagan. Dastlab Buxoroda 5 yulduzli mehmonxona qurilishi, keyinroq Namanganda Namangan Square, Toshkentda Minerva City “aqlli” shaharchalari hamda Bektemir tumanida Lake City sun’iy ko‘li qurilishi boshlangan.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va investor Murari Lal Jalan Minerva City’ga tamal toshi qo‘ymoqda.

Hozirda Buxoro va Namangandagi ishlar muammosiz davom etmoqda. Loyihaning bir qismi hisoblangan xalqaro universitet binosining tamal toshini qo‘yish marosimida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham qatnashib, loyiha barcha uchun olamshumul bo‘lishi, bu jarayonda sarmoyadorlarga har taraflama yordam berilishi va ularga imkoniyatlar ochib berilishini aytgandi. Oradan salkam 3 yil vaqt o‘tdi. Hududda turar joy majmualarining bir qismi bunyod etildi. Ammo hozirga kelib ishlar to‘xtab qolgan.

2021-yil mart oyida Jahongir Ortiqxo‘jayev meni hokimlik binosiga chaqirib, shantaj yo‘li bilan qo‘pol muomala qildi. Menga ikkita ta yo‘l qoldirishdi: yo loyihalarimdan birini, masalan, Bektemir tumanida joylashgan Lake City’ni amalga oshirishdan rasman voz kechishim, yo 100 million dollarni depozit sifatida bankka joylashim kerak edi. Men hokimga kelishuvdan tashqari hech kim yangi talablar qo‘ymasligini, tadbirkor sifatida 7 yil ichida sarflanishi kerak bo‘lgan pulni kimningdir hojati uchun oldindan o‘tkazish qiyinligini tushuntirdim.

Ammo hokim agar o‘z xohishim bilan shu ishdan birini qilmasam, Minerva City’ni ham, qolgan barcha loyihalarim ham olib qo‘yilishini va O‘zbekistonda kun kechirishim qiyin bo‘lishini aytdi. Boshida shartnomani imzolayotganimizda, barcha kelishuvga amal qilinishi va majburiyatlar bajarilishi va’da qilgandi, endi esa hokim bu mamlakatda shartnomalar hech qanday rol o‘ynamasligini ta’kidlamoqda, — degandi.

Mazkur ayblovlarga javob bergan poytaxt hokimligi axborot xizmati buni davlat xizmatchisini obro‘sizlantirishga urinish deya baholadi. Biroq, hokimlik ayni kunga qadar mazkur ayblovlarga jo‘yali javob bermadi.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Qozog‘istonlik rahbarlar ishini takrorlasa-da, jamoatchilik olqishiga sabab bo‘ldi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istondagi rahbarlar quruvchilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar sifatini tekshirish maqsadida nogironlik aravachasiga o‘tirib, quruvchilar tomonidan nogironligi bor fuqarolarga qanday imkoniyat yaratilganini tekshirib ko‘rgani aks etgan videolar tarqalgandi. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham viloyatda qurilgan yangi ko‘p qavatli uylarga kirib-chiqishda, shuningdek, uylar atrofidagi yo‘lakchalarda nogironlik aravachasida harakatlanish qanchalik qulay ekanini tekshirishga urindi va quruvchilarni nogironlik aravachasiga o‘tkazib, yangi qurilgan yo‘laklardan yurgizdi. Biroq, quruvchilar sog‘lom bo‘lsa-da, nogironligi bor fuqarolar uchun o‘zlari qurgan yo‘laklardan yurib o‘tolmadi. Andijon hokimi bu holatni ko‘rgach, quruvchilar ishini talabga javob bermaydi dedi.

Foto: Videodan skrinshot

O‘tgan haftada shuningdek, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida ko‘mirga navbatga turganlar videosi tarqalib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari gaz yo‘q, svet yo‘q, endi ko‘mir sotib olishimizda ham muammomi deya e’tiroz bildirdi. Shu kunning o‘zida viloyat hokimi muammo yuzaga kelgan joyga borgan va mutasaddilar bilan bu borada suhbatlashgan.

Yakunlangan hafta boshida Buxoro viloyati sudi Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi tartibsizliklarda ayblanayotganlar ishini ko‘rib chiqishni boshladi.

2022-yilning 28-noyabr kuni Buxoro viloyati sudida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Nukus voqealarida ayblanayotganlar ishini ko‘rib chiqishni boshladi. Oliy sud matbuot xizmati davlat ayblovchisi tomonidan o‘qib eshittirilgan ayblov xulosasining qisqacha mazmuni bilan tanishtirib, kim nimada ayblanayotganiga aniqlik kiritdi. Shuningdek, sud jarayonida Nukusdagi tartibsizliklar paytida qancha zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Oliy sud axborot xizmati

Foto: Oliy sud axborot xizmati

Ajablanarlisi, sudda Dauletmurad Tajimuratovni yelkasida ko‘tarib, Jo‘qorg‘i Kengesga olib borgan va uning Jo‘qorg‘i Kenges raisi bo‘lishi kerakligini talab qilgan sudlanuvchi Tajimuratovni jinoyatchi va firibgar deb atadi. Jurnalist Lolagul Qallixanova esa uning chaqiriqlari sabab odamlar ko‘tarilishini bilganini, ammo bu darajada urush bo‘ladi deb o‘ylamaganini qo‘shimcha qildi va aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi. Qolaversa, u Nukus voqealarining kelib chiqishiga Jo‘qorg‘i Kenges deputatlarining passiv ishlaganini sabab qilib ko‘rsatdi. “Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari xalq bilan muloqot qilganida bu voqealar kelib chiqmasdi”, — dedi u. Yana bir sudlanuvchi esa Nukus voqealariga Dauletmurad Tajimuratov va Lolagul Qallixanova aybdor deb chiqdi. Bunga javoban esa keyingi sud majlisida Dauletmurad Tajimuratov odamlar o‘limida o‘zini ayblamasligini bildirdi.