Moldovaning Ukraina bilan chegaradosh hududiga 5-dekabr kuni raketa kelib tushdi. Bu haqda Moldova Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Moldova Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, portlamay qolgan raketa Brichan shahri yaqinidagi bog‘da chegara politsiyasi tomonidan aniqlangan. Hodisa joyi qurshab olingan va huquq-tartibot xodimlari ishlamoqda. Hozircha mamlakat Ichki ishlar vazirligi raketaning kimga tegishli ekani haqida ma’lumot bermagan.

Foto: Moldova Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati

Foto: Moldova Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, 15-noyabr kuni Polshaning Ukraina bilan chegaradosh Prjevodov qishlog‘iga ikkita raketa tushdi, ikki kishi halok bo‘ldi. Voqea sababli Polsha bosh vaziri Mateush Moraveski xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha hukumat qo‘mitasining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazdi. Havoga qiruvchi samolyotlar ko‘tarildi. Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Polshada qulagan raketa bilan bog‘liq voqea G‘arb jahon urushi ehtimolini oshirayotganini isbotlashini aytdi.

O‘z navbatida, Turkiya prezidenti Polshaga tushgan raketalarning Rossiyaga aloqasi yo‘qligini aytdi. NATO bosh kotibi ham raketalarning Ukrainaga tegishli ekani ehtimoli yuqoriligini bildirdi. Ammo bunda Kiyev aybdor emasligi, Rossiya javobgar ekanini aytdi. Polsha prezidenti ham shunday fikrlarni ilgari surdi. Germaniya va Britaniya esa Polshaga raketa tushishiga “Putin urushi” sababchiligini ta’kidladi.