Eronning davlatga qarashli Al-Alam axborot telekanali mamlakatda axloq politsiyasi yopilganini rad etdi. Bu haqda Al-Arabia xabar berdi.

Foto: The Independent

Ommaviy axborot vositalarida 4-dekabr kuni islom respublikasi o‘zining axloqiy politsiyasini yopgani haqida xabar tarqalgan. Xabarlarda Eron Bosh prokurori Muhammad Jafar Montazerining diniy anjumandagi so‘zlari keltirib o‘tiladi. Jumladan, Montazeri axloq politsiyasining sud tizimiga hech qanday aloqasi yo‘qligi va yopilganini aytgan.

Al-Alam Eron islom respublikasidagi hech bir rasmiy axloq politsiyasi yopilganini tasdiqlamaganini qayd etmoqda. Montazeri nutqida axloq politsiyasining sud tizimiga aloqasi yo‘qligini aytmoqchi bo‘lgani ta’kidlanadi.

“Ba’zi xorijiy ommaviy axborot vositalari bosh prokurorning bayonotini islom respublikasi hijobdan (qonunlardan) chekinayotgani, bunga so‘nggi tartibsizliklar ta’sir qilgani sifatida qaramoqda”, — deyiladi davlat telekanalida.

Sentabr oyining oxirida Eronda 22 yoshli Mahsa Amini hijobni “noto‘g‘ri” o‘ragani uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinganidan keyin vafot etishi ortidan norozilik namoyishlari boshlandi. Ular butun mamlakat bo‘ylab haligacha davom etmoqda. Namoyishlar kuch tuzilmalari tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilmoqda.

Eron rasmiylariga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 200 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Huquq himoyachilarining aytishicha, 2-dekabr holatiga ko‘ra Eronda 469 namoyishchi o‘ldirilgan, ulardan 64 nafari voyaga yetmaganlar. 18 mingdan ortiq namoyishchi hibsga olingan.

Mavzuga doir: