“Daryo” nashri 5-dekabrda O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni e’tiboringizga havola etadi.

Rossiyaga navbatdagi sanksiyalar: texnologiya, moliya va matbuot sohalarida qo‘yiladi.

Bryusselda Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi — urush boshidan buyon to‘qqizinchi paketini kiritish muhokama qilinmoqda, deb xabar beradi Politico. Nashr qayd etishicha, 3—4-dekabr kunlari Yevrokomissiya Yevroittifoqqa a’zo mamlakatlar bilan bu masalada maslahatlashuvlar o‘tkazgan.

Ayni vaziyatda: texnologiyalar, moliya va matbuot sohasidagi 180 tagacha pozitsiya sanksiyalarga uchrashi mumkin.

Bir nechta diplomatlar Politico’ga ma’lum qilishicha, sanksiyalar bo‘yicha kelishuvlarga “nisbatan tezkorlik bilan” — kelasi haftaga belgilangan Yevroittifoq sammitigacha erishilishi mumkin.

Sanksiyalarning sakkizinchi paketi Yevroittifoq tomonidan oktabr boshida tasdiqlangan edi. Unga, xususan, neft narxiga yuqori chegara, shuningdek, kriptohamyonga nisbatan taqiq va Rossiyadan qariyb yetti milliard dollarlik importga cheklovlar kirgan edi.

Eronda namoyishlar fonida Konstitutsiya qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

Eronning 1979-yilgi inqilobdan keyin qabul qilingan bosh qonuni qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiy Konstitutsiya kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqida ma’lum qildi, deb yozadi Al-Hadath.

Uning aytishicha, konstitutsiyasi “o‘zgaruvchan uslublar”ni ko‘zda tutadi va shunday tuzilganki, uni amalga oshirishda va mamlakat ishlarini boshqarishda hukumatga chorasiz vaziyatlardan chiqib ketish imkoniyatini beradi.

Raisiyning bayonoti mamlakatda sentabr o‘rtalaridan buyon davom etayotgan noroziliklar fonida yangradi, ularga esa kelib chiqishi kurd bo‘lgan 22 yoshli talaba Mahsa Aminiyning o‘limi sabab bo‘ldi.

4-dekabr kuni Eronda axloq politsiyasi tugatilgani ma’lum qilindi. “Axloq politsiyasining sud tizimiga hech qanday aloqasi yo‘q va u yopildi”, — dedi Eron bosh prokurori Muhammad Jafar Montazeri.

Safarbarlik boshlangach Rossiyadan ketsa-da, online ishlayotgan rossiyaliklar uchun cheklovlar qo‘yiladi

Rossiya Federatsiya kengashining davlat qurilishi va konstitutsiyaviy qonunchilik bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Klishas safarbarlik boshlanganidan keyin mamlakatni tark etgan rossiyaliklar uchun “iqtisodiyotning ta’sirchan sohalari”da masofadan ishlashni cheklab qo‘yishni taklif qildi.

Klishas “Vedomosti” gazetasiga ma’lum qilishicha, hukumat ketib qolgan rossiyaliklar uchun “chet eldagi hayotni noqulayroq qiladigan” chora-tadbirlarni ishlab chiqishi mumkin.

“Ularning ko‘pchiligi qochib ketdi, lekin Rossiya kompaniyalarida masofadan turib ishlashda davom etmoqda. Biz odamlarga u yerda (chet elda) ishlab, lekin pulni bu yerdan olish imkoniyatini berayotgan hamda ularning barchasi soliqlarni to‘layaptimi, yo‘qmi — buni tushunarsiz qilib qo‘yayotgan qonunlarni o‘zgartirib, bu sxemalarni cheklay olamizmi? Albatta”, — dedi Klishas.

Sentabr oyida safarbarlik boshlangach, Rossiya aholisining ko‘pchiligi qo‘shni mamlakatlarga jo‘nab ketdi, asosiy yo‘nalishlar Qozog‘iston, Gruziya va Finlyandiya bo‘ldi. Xususan, Qozog‘istonga 400 mingdan ortiq odam, Gruziyada 700 mingdan ziyod rossiyalik ketgan, hozir esa ularning har ikkisida 100 ming nafardan rossiyalik qolgan.

 O‘zbekistonda gaz va elektr muammosiga yechim bormi?

O‘zbekistonda qahraton qish boshlandi va doimgidek elektr va gaz muammosi kun tartibiga chiqdi. “O‘zgidromet” bunday sovuq havo 10-dekabrgacha davom etishini xabar qildi.

Ayni paytda Respublikaning deyarli barcha hududlarida elektr va gaz uzilishlari soni keskin ortgan. Ushbu masala yuzasidan “Daryo” Internet nashri ijtimoiy tarmoqlar faollarining mazkur masalada yozgan fikrlarini jamladi.

“Davletovuz” Telegram-kanalida energetika inqirozi sababchilarini javobgarlikka tortish masalasiga urg‘u berilgan bo‘lsa,

Iqtisodchi Otabek Bakirov gaz uchun soliqlar uch barobarga kamaytirilganiga qaramay, uni qazib olish nega kamayib borayotganini so‘roq ostiga oldi.

Huquqshunos Hamid Sodiq Telegram’dagi kanalida parlament binosini issiqlik ta’minotidan uzishni taklif qilgan.

Bloger Nozim Safarov esa bunday vaziyatda hukumat xalq bilan faol muloqotda bo‘lishi zarurligi haqida fikr bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 9-noyabrdan boshlab O‘zbekiston energotizimida og‘ir oqibatli “avariya” – blekaut xavfi yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bundan avval Energetika vazirligi elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni to‘g‘ri tushunishga chaqirgan.