Britaniyaning eng yirik kasaba uyushmalari assotsiatsiyasi Trades Union Congress (TUC) hisob-kitoblariga ko‘ra, an’anaviy Rojdestvo kechki ovqatiga kiritilgan mahsulotlar narxi 2022-yilda maoshdan uch baravarga oshgan. Ma’lumotlar bugun, 5-dekabr kuni e’lon qilingan

Foto: Bloomberg

TUC tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rojdestvo kechki ovqatlari narxi yiliga 18 foizga oshgan. Bu iste’molchi inflyatsiyasidan (11,1 foiz) yuqori. 

Mazkur davrda ish haqi o‘rtacha atigi 5,7 foizga oshdi. Rojdestvo to‘plami kurka, cho‘chqa go‘shti, sabzavotlar kabi mahsulotlarni, shuningdek, kechki ovqatni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan gaz va elektr energiyasini o‘z ichiga oladi.

TUC Buyuk Britaniya hukumatini yashash narxining oshishini to‘xtatish va ishchilarni retsessiya bilan bog‘liq qashshoqlikdan himoya qilish uchun hozir harakat qilishga chaqirdi. 

Boshqa narsalar qatorida, kasaba uyushmasi eng kam ish haqini soatiga 15 funt sterlingga (18,5 dollar) oshirishni, yashash narxining o‘sishiga qarab budjet sektori xodimlarining ish haqini indeksatsiya qilishni, shuningdek, kasaba uyushmalarining imkoniyatlarini kengaytirishni talab qilmoqda.