O‘zbekistonda 2022-yilda 136 ta tumanda 134 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari va ularga biriktirilgan 29 mingta fermer xo‘jaliklarida 1 mln 32 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlandi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi

Foto: “Daryo” / Musulmonbek Ibrohimov

Joriy yilda o‘rtacha hosildorlik gektariga 34 sentnerni tashkil etdi va jami 3 mln 510 ming tonna paxta yetishtirildi.

Bundan tashqari, terib olingan paxtaning 90 foizdan ortig‘i yuqori sort va klasslarga sotildi. Bu esa paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy holatini yaxshilanishiga olib keladi. 

Shuningdek, yuqori hosildorlik qayta ishlash quvvatiga ega klasterlarning xomashyo manbaining ko‘payishiga xizmat qiladi.

Joylarda 22,1 mingta terim otryadlari tashkil etilib, 1,8 mln nafar terimchilar jalb qilindi.

Shuningdek, terimda 1 089 ta paxta terish mashinalari, 15 320 ta transport traktorlari va 24 900 ta tirkamalar qatnashishi ta’minlandi.

O‘zbekistonda har gektar paxta maydonidan o‘rtacha hosildorlik 34 sentnerni tashkil qildi va 24 ta tumanda 30 sentnergacha, 41 ta tumanda 30-35 sentner va 71 ta tumanda 35-40 sentner hosil olindi.

Hududlar kesimida Qashqadaryo viloyatida 437 ming tonna, Buxoro viloyatida 360 ming tonna, Jizzax viloyatida 269 ming tonna, Samarqand viloyatida 258 ming tonna va Navoiy viloyatida 115 ming tonna paxta terilib, o‘tgan 2021-yilga nisbatan o‘rtacha hosildorlik 2,6-3,4 s/ga ga yuqori bo‘ldi.

Paxtani mexanizatsiya yordamida yig‘ishtirib olish ishlariga alohida e’tibor qaratilib, 1 089 ta paxta terish mashinalari bilan 632 ming tonna yoki 18 foiz paxta hosili terib olish yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilgi paxtani terib olish xarajatlarini moliyalashtirishda imtiyozli kreditning kafolatlangan hajmlari oylar bo‘yicha taqsimlanib, paxta yetishtiruvchilarga yetkazib berildi.

Shunindek, har besh kunda terimchilarga har kilogramm tergan paxtasi uchun o‘rtacha 1 600-2200 so‘mdan, mashinada terilgan 1 tonna paxta uchun 1,4 mln so‘mdan xizmat haqi to‘lab borildi va mavsumda 4 trln 669 mlrd so‘mdan ortiq terim pullari tarqatildi.