O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Bobomurod Hamdamov 2022-yilda 82 yoshni qarshiladi. Uni hech ikkilanmay baxtli ijodkor deyish mumkin. Chunki u ikki qardosh davlat san’atida o‘z o‘rnini topgan, o‘nlab o‘lmas qo‘shiqlarning muallifiga aylangan ijodkor hisoblanadi.

Afsuski, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ijodkorning xastalanib qolgani haqidagi videolar tarqaldi. “Daryo” muxbirlari ustoz san’atkordan xabar olib, uning oila a’zolari bilan suhbat tashkillashtirdi.

— Qaynotam Bobomurod Hamdamov doimiy davlat nazoratida bo‘ladi. Tibbiyot xodimlari kelib ahvollaridan xabardor bo‘lib turishadi. Bir oy avval ham shifokor kelib, sog‘lig‘ini tekshirgandan keyin “Bobomurod Hamdamovni yana qachon ko‘raman”, deb  esdalik uchun videoga olishgan. Afsuski, video ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketgan. Shifokordan nega bunday qilganini so‘raganimda uzr so‘rab, “Telefondan qanday chiqib ketganini bilmay qoldim”, dedi. Avvaliga keksa insonni bu holatda videoga olib tarqatishgandan ranjidim. Ammo videoda yomon holat tasvirlanmagan. Qaynotamning kayfiyatlari yaxshi, qo‘shiqni maroq bilan ijro etyapti.

Qaynotam xasta emas, hammasi keksalikdan. Bu yoshda insonning salomatligi birda yaxshi, birda yomon bo‘ladi. 2019-yili umurtqalari sinib, operatsiya bo‘lgandi. Buning asorati haligacha saqlanib qolgan. Boisi u paytda karantin bo‘lgani uchun to‘liq davolanmagan. Bundan tashqari, 2015-yildan buyon  yurishlari biroz qiyinlashgan.

Dadam baribir san’atning odami. Har kuni qo‘shiq eshitmasa, uxlolmaydi. “Sog‘ayib ketsam, yana konsert beramiz-a?” deb ko‘p so‘raydi. Bu yil ham may va avgust oyida konsertlarini o‘tkazdik. Yetti yildan buyon konsert berishni orzu qilardi. Shu bois karantindan avval respublika bo‘ylab gastrol konsertlarini o‘tkazdik. Bu yilgi yubiley konsertni o‘tkazishimizda esa madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning hissasi katta bo‘ldi, — deydi Bobomurod Hamdamovning kelini Nargiza Abduqayumova.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘plab muxlislar o‘z fikrlarini bildirishgan. Ular orasida xalq artisti qariganda e’tibordan chetda qolibdi, degan fikrlar ham bor.

Foto: “Daryo”

— Bu haqda gapirishni umuman istamayotgandim. Chunki 2020-yildan buyon oilamizdagi mojarolar hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Qaynotamning uy-joylari qizlari tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgani uchun tergov ishlari hali ham davom etmoqda. Fuqarolik sudi qarori bilan hovli-joy qizlariga olib berilgandan keyin ota chiqib ketishga majbur bo‘ldi. U yerda ham qolishlari mumkin edi, ammo to‘xtovsiz janjallar sabab ketishni istadi. Shu bois 6 oydan buyon ijara uyda yashashga majburmiz.

“Dom”da turamiz, xonalar tor. Oilamiz katta, shunday bo‘lsa-da, imkon qadar dadamga sharoit qilib berishga harakat qilganmiz. Bitta xonada katta dasturxon yozilgan, chunki kunora respublikaning turli hududlaridan qaynotamning muxlislari keladi.

Qaynotam yarim kechasi turib, og‘ir xo‘rsinayotganini eshitib, yonlariga kelaman. “Dada, qayeringiz og‘riyapti?” deb so‘rasam “Ko‘zim ochiq ketadimi? O‘g‘lim Shamsiddin bolaligidan kechib, 14 yoshidan buyon yonimda yurib, halol mehnati bilan uy-joyga o‘z hissasini qo‘shgan. O‘sha uy-joyni o‘g‘limga atab qurgandim. Niyatlarim boshqacha edi. Farzandimni ko‘chada qoldirib ketamanmi?” deb xo‘rsinib gapiradi.

Ammo sharoitimizni bilmagan ba’zi muxlislar keskin fikrlar yozishadi. Shularni o‘qib, ba’zan ko‘nglim og‘riydi. Inson ertasi kun nima bo‘lishini oldindan bilmas ekan. Qaynotam ham 5-10 yil avval kun kelib, shunday vaziyatga tushishlarini bilmagan, — deydi Bobomurod Hamdamovning kelini Nargiza Abduqayumova.

Mavzuga doir: 

O‘zbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamovning qizi uning mol-mulkini o‘z nomiga o‘tkazib oldi: Xonanda 81 yoshida ko‘chada qolishi mumkin