Nukus voqealari bo‘yicha Buxoro viloyatida davom etayotgan sud majlisidan “O‘zbekiston 24” kanalining “Menimcha” dasturida reportaj e’lon qilindi.

Unda, xususan, ommaga qiziq bo‘lgan quyidagi savollarga aniqlik kiritildi.

Sud ishi nega aynan Buxoroda bo‘lib o‘tyapti?

“Asosiy sabab hozirda Nukus shahridagi tergov hibsxonasi binosida kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, u yerda saqlangan barcha mahbuslar Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi tergov hibsxonalariga saqlanish uchun yuborilgan. Ko‘rilayotgan ushbu jinoyat ishidagi sudlanuvchilarning aksariyati Buxorodagi hibsxonada saqlanayotgani munosabati bilan jarayonni Buxoro shahri sudida o‘tkazish lozim deb topilgan”, — deydi Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov.

Ayblovlarni kim tan oldi/olmadi?

Hozirgacha 22 nafar sudlanuvchining 21 nafari o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan bo‘lsa, mitingni uyushtirishda yetakchilik qilib, pirovardida o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlashni maqsad qilgan Dauletmurat Tajimuratov aybini qisman tan olgan. “Odamlar o‘limida men o‘zimni aybdor hisoblamayman”, — deydi u.

1—2-iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilarning ishtirok etishini ta’minlagan va Tajimuratovni yelkasiga o‘tqazib, Jo‘qorg‘i Kengesni egallash maqsadida olib borgan Azamat Turdanov esa “Aybimizni tan olamiz, lekin bu yerga kelishimizning asl sababchisi Dauletmurat Tajimuratovning separatistik g‘oyalari haqidagi videolari, xalq miyasini zaharlagani bo‘ldi”, — deya izoh bergan.

Ushbu uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan Lolagul Qallixanova esa quyidagicha fikr bildirgan: “Farzandlaridan ayrilgan odamlardan kechirim so‘rayman. Men ish bu darajaga yetadi deb o‘ylamagan edim. Mamlakat suverenitetiga tajovuz qilish niyatim bo‘lmagan. Aybimga chin dildan pushaymonman”.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshida yuz bergan fojiali voqealar bilan bog‘liq harakatlarda ayblanayotgan 22 nafar shaxs ustidan Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan sud jarayonini diqqat bilan kuzatayotganini ma’lum qilgandi.

Biz O‘zbekiston hukumatiga jarayonni jamoatchilik, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari uchun ochiq va shaffofligini hamda bevosita to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiyani ta’minlagani uchun minnatdorchilik bildiramiz va jarayonning adolatli hamda xolis bo‘lishiga umid bildiramiz.

Biz hukumat fikrni erkin izhor qilish va yig‘ilishlar erkinligi bo‘yicha, shu jumladan, GSP+ doirasidagi o‘zining majburiyatlarini bajarishga chaqiramiz. 

Shuningdek, biz Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha tergov komissiyasining ishlari natijasini yaqin kunlarda olishni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz va ushbu natijalar jamoatchilikka e’lon qilinishiga umid qilamiz, — deyilgan bayonotda. 

Mavzuga doir: