Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan 2022-yil noyabr oyi uchun Toshkent shahrida uy-joy narxlari o‘zgarishi tahlil qilindi.  

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

2022-yilning noyabr oyida Toshkent shahri bo‘yicha uy savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 8 foizga (7 814 tadan 8 408 taga) oshgan. 

Mazkur davrda 1 kvadrat metr uchun narxlar o‘rtacha 27 foizga oshgan, ya’ni ushbu ko‘rsatkich 2021-yil noyabrda 849 dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yil noyabrda 1 078 dollarga yetdi. 

Toshkent shahrining ayrim hududlarida 1 kv metr uchun uy narxlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan (1 078 dollar) sezilarli darajada yuqori hisoblanadi. Xususan: 

  • Mirobodda — 1 285 dollar (+20 foiz); 
  • Yakkasaroyda — 1 178 dollar (+ 9 foiz); 
  • Shayxontohurda — 1 144 dollar (+6 foiz); 
  • Mirzo Ulug‘bekda — 1 137 dollar (+6 foiz); 
  • Yunusobodda — 1 117 dollar (+ 4 foiz).  

Ma’lumot uchun: 2022-yil 9 oyida Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 5,9 million so‘mga yetib, 2021-yilning mos davriga nisbatan 32,5 foizga o‘sgan. 

Ushbu davrda yillik inflyatsiya darajasi 12,2 foizni tashkil etganini hisobga olinsa, real ish haqi daromadlari 20,3 foizga oshgan. So‘mning 1 AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi 1 0672,30 so‘mdan 1 0973,39 so‘mga (2,8 foiz) o‘zgargan. 

2022-yil noyabr oyida o‘rtacha ta’mirlangan 2 xonali uy narxi o‘rtacha hisobda 55,7 ming dollarni tashkil etdi (2021-yil noyabrda — 41,6 ming dollar). 

Toshkent shahrida uy-joyga bo‘lgan talabning oshishi, bir tomondan, yashash uchun ijtimoiy infratuzilmaning nisbatan yaxshiroqligi bilan izohlash mumkin. 

Foto: "Daryo"/ Madina Nurman

Shuningdek, poytaxtda tug‘ilish koeffisiyenti ham sezilarli darajada oshdi. Ya’ni, Toshkentda bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni 2010-yilda 1,99 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 3,02 nafarga yetdi. 

Mazkur ko‘rsatkich ham oilaning kengroq maydonga ega xonadonga ko‘chib o‘tish istagini shakllantirishda ahamiyatli bo‘lishi mumkin.

PMTI tomonidan 2022-yilning sentabr va oktabr oylarida mamlakatimizda tug‘ilish darajasining nima sababdan yuqori ekanligini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazilganda, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 25—45 yosh oralig‘ida bo‘lgan 3 nafar va undan ko‘p farzandlari bor 200 nafar ayol ishtirok etdi. 

So‘rov natijalariga ko‘ra farzand ko‘rishga qaror qilishdagi asosiy sabablar sifatida salomatligi (43,8 foiz) va oilaviy sharoitining yaxshilanishi (47,9 foiz) ko‘rsatilgan.

Uy bozorida narxlar oshib borayotgan bir sharoitda aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturlari ko‘lamining kengaytirilishi uy bozoridagi faollikning saqlanib qolayotganiga asosiy sabab bo‘lmoqda. 

2022-yil 9 oyida banklar tomonidan aholiga 10,3 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu esa 2021-yilning mos davriga nisbatan 68 foizga ko‘proq hisoblanadi.

O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil to‘rtinchi chorakdan 2022-yil uchinchi chorakkacha bo‘lgan davrda berilgan ipoteka kreditlarining 73,1 foizi Moliya vazirligi mablag‘lari, 16,8 foizi banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

PMTI oldingi sharhida Toshkent shahrida uy-joy narxlarining tez sur’atlarda o‘sishini mazkur bozorning spekulyativ xususiyatga ega ekanligi bilan izohlagan edi. 

Talab tomondan, farzandlar soni, daromad va migratsiya faktorlaridan tashqari, uy narxlarining oshib borayotganligi aholining jamg‘armalarini investitsiyalarga yo‘naltirish bo‘yicha moliyaviy instrumentlarning cheklanganligidan dalolat beradi. 

Ya’ni, O‘zbekistonda kapital bozorining rivojlanmaganligi uzoq muddatli jamg‘armalarga ega aholi qatlamining ortiqcha mablag‘larini uy-joy uchun investitsiyalarga yo‘naltirishlariga sabab bo‘lmoqda. 

Shu bilan birga global miqyosda uy-joy narxlari tushishi kuzatilmoqda. Buning sabablari yashash uchun birlamchi xarajatlarning oshganligi, foiz stavkasining ko‘tarilishi va ishsizlik darajasining oshishi kabilar bilan izohlanadi.

Izoh: Ushbu tahlil uchun ma’lumotlar “www.olx.uz” saytidan veb-skreping (web-scraping) usuli yordamida olingan. 2020—2022-yillar uchun to‘plangan 113,5 mingta kuzatuv o‘rganilgan.