O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5200-sonli qarorining qabul qilinishi uzumchilik sohasini rivojlantirishda juda katta turtki bo‘ldi.

Aytish mumkinki, mazkur qaror orqali yangidan uzumchilik va vinochilik klaster tizimlarini tashkil etish istagida bo‘lgan tashabbuskorlarga, qolaversa, hamkorlik qilish istagi bo‘lgan xorijiy investorlarga imtiyozlar yaratilganligi, ayniqsa, uzumchilikni rivojlantirish uchun ishlab chiqaruvchilarga nafaqat iqtisodiy, balki huquqiy, moliyaviy va konsalting xizmatlar orqali davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yaratib berilganligi sohaga oid yana bir katta imkoniyatdir.

Xo‘jalik yuritishning klaster shakli qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayoniga keng joriy etilishi hisobidan ichki va tashqi bozorlarda uzumchilik mahsulotlarining raqobatbardoshligini ta’minlash, ko‘rsatilayotgan servis tarkibini, eng avvalo, ularning zamonaviy yuqori texnikaviy turlarini olib kirish va ular hisobiga tarkibiy tuzilmani tubdan o‘zgartirish imkoniyatlari yuzaga keladi. O‘rganish va tahlillar natijasida bugungi kunda 48 ta uzumchilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda uzumchilikda xo‘jalik yuritishning klaster shaklini amaliyotga tadbiq etish ishlari boshlab yuborildi.

So‘nggi ikki yil davomida 63 ta uzumchilik va vinochilik klasterlari tashkil etilib, ular tomonidan 15 ming gektar maydonda uzumzorlar barpo etildi.

Shundan:

  • 2,5 ming gektar xo‘raki;
  • 7,5 ming gektar kishmishbop;
  • 5,0 ming gektar sanoatbop uzumzorlardir.

Bundan tashqari, jami 500 mlrd so‘m investitsiyalar o‘zlashtirildi. Buning natijasida esa, 3 759 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkoniyat yaratildi.

Tashkil etilgan klasterlar tomonidan qisqa vaqt ichida 57,1 ming tonna uzum mahsulotini saqlash va qayta ishlash quvvatlari, jumladan, 50 ming tonna sig‘imli muzlatkich omborxonalari, 20 ming tonna quritish va 200 ming tonna uzum mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlari tashkil etildi hamda 250 mln dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

Respublikada miqyosida 2021—2022-yillarda suv ta’minoti og‘ir va lalmi maydonlarda 25 ming gektarda tomchilatib sug‘orish joriy qilinib, davlat budjetidan jami 100 mlrd so‘m subsidiya va tashabbuskorlarga 25 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Sanoat korxonalarining xom ashyo bazasini mustahkamlash maqsadida, 2021—2022-yillarda jami 12 ming gektar maydonda yangi sanoatbop navli plantatsiyalar barpo etildi.

Qisqa vaqt ichida albatta bu katta ko‘rsatkichdir. Ushba tashabbusning yanada natijadorligini oshirish maqsadida har bir klaster qoshida yangi uzum navlarini sinash maydonchalari va mikro laboratoriyalarni tashkil etish ham muhimdir. Sababi, xalqaro uzum navlarini yurtimizga olib kirish hamda ekib uni hosildorligi natijasiga erishish har doim ham muvoffaqiyatli yakunlanmaydi. Shu sababli ham, onalik bog‘larining tashkil etilishi sifatli va eksportbop uzum yetishtirishda muhim omil hisoblanadi.

Agentlik tomonidan uzumchilik va vinochilik sohasida yetakchi bo‘lgan AQSHning Kaliforniya — Devis universiteti mutaxassislari, Avstriyaning Tadqiqot universiteti va Oliy federal kolleji mutaxassislari bilan tuproq-iqlim sharoitlariga mos ko‘chatlarni tanlash, yerni tayyorlash, ko‘chatni ekish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, kasalliklarga qarshi kurashish, hosilni daladan iste’molchigacha yetkazib berish bo‘yicha tajribalar almashish yo‘lga qo‘yildi. O‘z navbatida aytish kerakki, ushbu jarayon soha uchun o‘ta muhimdir.

Ekib o‘stirilishi va yaxshi hosildorlikka erishishda tuproq, ekish ishlari olib borilishi nazarda tutilan yer maydoni va hattoki, shamol to‘g‘ri yo‘nalishini inobatga olish ham inkor etib bo‘lmas dalildir. Shu sababli ham, yurtimizning o‘ziga xos iqlimi quyoshi, toza havosi, to‘yingan yerlaridan olinayotgan uzumlar hamda qayta ishlab chiqarilgan mahsulotlar o‘zining toti bilan jahon bozorida nom taratgan va o‘z xaridoriga egadir.

Uzum hosilining sifatini yaxshilash, tok kasalliklarini oldini olish maqsadida respublika hududlarida keyingi besh yilda 50 ming gektar maydonni egallagan tokzorlar shpaleralarga ko‘tarilishi kutilmoqda. Natijada uzumzorlardan olinayotgan hosildorlik 10-13,0 tonnadan 25-40 tonnagacha oshadi. Bundan tashqari, bugungi kunda uzumzorlarni “voish” usuliga o‘tkazish bo‘yicha barcha hududlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oltiariq tajribalari bugungi kunda butun respublika bo‘ylab keng joriy etilmoqda. Albatta o‘z navbatida, Agentlik tashabbusi bilan klasterlar uchun hududlarda jami 12 ta ko‘rgazmali seminar va 3 ta “master klass” trening o‘tkazildi.

Eng muhimi shuki, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan yangidan tashkil etilgan uzumchilik plantatsiyalari uchun 7 ta yo‘nalish bo‘yicha subsidiya mablag‘lari moliyalashtirilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Agentlik tashabbusi bilan 20 ta yangi uzumchilik va vinochilik klaster rahbarlari o‘zaro tajriba almashish maqsadida Vengriya, Italiya, Ispaniya, Turkiya respublikalariga xizmat safarlariga yuborildi. Natijada esa, sovuqqa chidamli, hosildor “in-vitro” uzum ko‘chatlari hamda uzumzorlarni parvarishlash uchun mo‘ljallangan maxsus texnikalar sotib olish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, “in-vitro” sharoitida tayyorlangan uzum materiallaridan yiliga 1 mln dona sig‘imga ega bo‘lgan zamonaviy ko‘chatxona loyihasi uchun Agentlikning jamg‘armasi hisobidan “De Nova Agro” MCHJ ga 10 mlrd sum , “Sag Agro” MCHJ ga 3,5 mlrd so‘m, bundan tashqari “Business garden park” ma’suliyati cheklangan jamiyati uchun 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi. Natija esa, 2023-yilda 2 mln dona in-vitro sharoitida o‘stirilgan viruslardan xoli, sovuqqa chidamli, urug‘siz, payvandlangan uzum ko‘chatlari tashabbuskorlarimiz uchun yetkazib beriladi.

Joriy yil yakuniga qadar esa, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarda uzumchilikni rivojlantirish uchun, jami 186 mlrd so‘m investitsiyalarning o‘zlashtirilishi hisobiga klasterlar sonini 100 taga yetkazib, 4 ta “in-vitro” sharoitida payvandlangan tok ko‘chatlarni yetishtirishga ixtisoslashgan yangi zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etiladi. Buning natijasida o‘z navbatida, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan birga, soha miqyosida katta eksport natijasiga ham erishiladi.

So‘ngi yillarda respublika miqyosida uzumzorlar ko‘lamini kengaytirishda nafaqat yangi tokzorlar barpo etish, balki iqtisodiy samarasiz tokzorlar o‘rniga istiqbolli uzumzorlarlar barpo etish ham maqsadli va tizimli yo‘lga qo‘yilgan.Yangi tokzorlar barpo etishda esa tadbirkor va tashabbuskorlarimiz to‘la qo‘llab quvvatlash uchun subsidiya hamda uzoq muddatli kridit mablag‘lari ajratilmoqda.

Umid qilamizki, tashabbuskorlarimiz uchun yangi bog‘ yaratish yo‘lida berilayotgan ushbu e’tibor va ko‘mak albatta o‘z natijasini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida.