29-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Kim Chen Ir topshirig‘i bilan Janubiy Koreya yo‘lovchi samolyotining portlatilishi, samolyot boshqarayotib halokatga uchragan “Formula-1” chempioni hamda qishloqni yoqish topshirig‘ini bajarishda nemislarga asir tushgan Zoya Kosmodemyanskaya o‘tkazilishiga oid faktlar o‘rin olgan.

KXDRning 25 yoshli agenti tomonidan portlatilgan Janubiy Koreya samolyoti

1987-yil 29-noyabr kuni Andaman dengizi ustida Janubiy Koreyaning Korean Air aviakompaniyasiga tegishli Boeing 707-3B5C samolyoti portlab ketgandi. Portlash ikki nafar KXDR agentlari tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, fojia oqibatida 115 kishi halok bo‘lgandi.

Foto: Herald

Terrorchilardan biri 25 yoshli Kim Xen Xi bo‘lib, u Shimoliy Koreya agenti hisoblanadi (KXDRdagilar esa uni Janubiy Koreya agenti deydi). Teraktda u otasi rolini o‘ynagan keksa hamkasbi bilan ishtirok etgan. Uar Shimoli Koreyaning Sunan aeroportidan uchib, avvaliga Moskvaga yo‘l oladi, u yerda Budapeshtga borib, bir hafta yuradi. Bu vaqt davomida ular Shimoliy Koreyaning boshqa josuslari bilan hamkorlikni to‘xtatmagan. Kim sherigi bilan Budapeshtdan Venaga olib chiqiladi, ularga asli yaponiyalik ekanliklarini bildiruvchi soxta pasportlar beriladi.

Venada agentlar turist sifatida Vena—Belgrad—Bag‘dod—Abu-Dabi—Bahrayn va Abu-Dabi—Ummon—Rim yo‘nalishida chiptalar xarid qilgan. Bag‘doddan Abu-Dabi parvoz Korean Air aviakompaniyasining KE858 reysi orqali amalga oshirilishi kerak edi. Agentlar ikki kun oldin teraktning yana bir ishtirokchisi tomonidan berilgan bombani samolyotga o‘rnatib, Ummonga uchib ketgan.

Kimning aytishicha, terakt o‘sha vaqtda KXDR Oliy Xalq Kengashi deputati lavozimida ishlagan Kim Chen Ir tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Janubiy Koreya bu vaqtda Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan va u bunga yo‘l qo‘yishni xohlagan.

Yuqori martabali ofitser bizga Seuldagi Olimpiadadan oldin Janubiy Koreya samolyotini qulatishimizni buyurdi. Bu mamlakatda tartibsizlik va muammo keltirib chiqarishi kerak edi. Missiya inqilob nomiga jiddiy zarba beradi”, — degandi u.

Foto: Herald

Portlovchi qurilma Yaponiyaning Panasonic kompaniyasiga tegishli radio ko‘rinishida maskirovka qilingan, portlovchi modda esa alkogol idishiga joylangan. Agentlar samolyotda faollashtirilgan bombani o‘rindiq ostidagi buyumlar saqlanadigan bo‘lmada qoldirib, Abu-Dabida havo kemasidan tushib qolgan. Samolyot Bangkok tomon parvozini davom ettirgan. Uning bortida 115 kishi, jumladan, ekipaj a’zolari bo‘lgan. Yo‘lovchilarning aksariyati Yaqin Sharqdagi qurilish ishlaridan uyiga qaytayotgan koreyalik yoshlar edi.

Soat 05:02 da ekipaj Bangladeshdagi dispetcherga barchasi yaxshi ekani to‘g‘risida hisobot bergan. Soat 05:05 da esa bomba ishga tushgan. Samolyot Andaman dengizi ustidagi nazorat nuqtasidan o‘tishi kerak edi. Ekipaj nuqtadan o‘tilgani to‘g‘risida hisobot bermagach, dispetcherlar samolyot yo‘qolganini e’lon qilgan.

Havo kemasining bo‘laklari ikki haftadan keyin topilgan — mahalliy kemalardan biri unga duch kelgan. Bortda bo‘lgan barcha halok bo‘lgandi. Samolyot portlatilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxmin samolyot yo‘qolishi bilan paydo bo‘lgan. Maxsus xizmatlar Abu-Dabida tushib qolgan yo‘lovchilarni tekshirishga kirishgan.

Foto: Herald

Agentlar bu vaqtda Ummonga yo‘l olishi kerak edi, biroq viza bilan bog‘liq muammolar sabab ular yangi chiptalarni olgan — Bahraynga va u yerdan Rimga. Ammo bu vaqtga kelib maxsus xizmatlar agentlarning hujjatlari soxta ekanini aniqlashga ulgurgan va Bahranda ular mahalliy politsiya tomonidan hibsga olingan. Qo‘lga olinish vaqtida Kim politsiyachiga tashlanib, uning qurolini tortib olishga uringan, biroq buni uddalay olmagan.

Erkak politsiyachidan chekishga ruxsat so‘ragan. Rozilikni olgach, sigaret pachkasini olib, sherigi bilan bo‘lishgan. Terrorchi sigaretni og‘ziga solishi bilan uni tishlagan va tipirchilay boshlagan. Buni ko‘rgan politsiyachi Kim Xen Xining og‘zidagi ikkinchi sigaretni urib tushirgan.

Agentlar shifoxonaga yetkazilgan, biroq erkak sianiddan zaharlarnish oqibatida vafot etgandi, kapsula sigaret ichiga yashiringan bo‘lgan. Kim Xen Xi oz miqdordagi zaharni yutishga ulgurgani bois, omon qolgan.

Kim davolanish va tergov uchun Seulga jo‘natilgan. Qiz asli xitoylik yetim ekani, Yaponiyada ulg‘aygani va teraktga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgan. Biroq sigaretlar tahlili davomida bunday sigaretlar Janubiy Koreyada qo‘lga olingan KXDRning boshqa agentlarida ham bo‘lganini ko‘rsatgan.

Oradan bir hafta o‘tgach, Kim sodir etgan ishlariga iqror bo‘lgan. Janubiy Koreya siyosatchisi Chxve Yun Chjinning so‘zlariga ko‘ra, u janubdagi hayot o‘zlarining propaganda filmlaridan sezilarli farq qilishini tushunib yetgan va “Meni kechiringlar! Barchasini aytib beraman”, deya iqror bildirgan.

Foto: Herald

Kimning so‘zlariga ko‘ra, uni 16 yoshida Koreya Mehnat partiyasi og‘dirib olgan. Uch yil davomida u til o‘rgangan, jumladan, yapon tilini, keyin esa Shimoliy Koreya armiyasining maxfiy bo‘linmasida o‘qib quruq qo‘l bilan odam o‘ldirish, miltiq va granatalardan foydalanishni o‘rgangan. Teraktdan avval qizni samolyotning portlashi mamlakat farovonligi uchun xizmat qilishiga ishontirishgan.

Men qilgan gunohim uchun jazolanib, 100 marta o‘ldirilishim kerak”, — degan Kim Janubiy Koreya Milliy razvedka agentligi matbuot anjumanida.

Kim o‘lim jazosiga hukm etilgan, ammo keyinroq Janubiy Koreya prezidenti Ro De U qizni afv etgan. “Shimoliy Koreya rahbariyati — mana kim sud oldida javob berishi kerak. Bu bolalar — xuddi halok bo‘lgan yo‘lovchilar kabi rejim qurbonlaridir”, — degan prezident.

Shimoliy Koreya hukumati sodir bo‘lgan fojiaga o‘zlarining aloqadorligini rad etgan. Ularning versiyasi bo‘yicha terakt Janubiy Koreya tomonidan prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazish maqsadida uyushtirilgan.

Kim 1997-yilda Janubiy Koreya razvedkasining sobiq agentiga turmushga chiqqan va ikki nafar farzandni dunyoga keltirgan. Hozirda uning yashash joyi oshkor etilmaydi.

Bir poygachi tarixi: “Formula-1” chempioni Grem Xill

1975-yil 29-noyabr kuni “Forma-1” bo‘yicha ikki karra jahon chempioni britaniyalik poygachi Grem Xill aviahalokatda halok bo‘lgandi.

Foto: Somany Horses

Norman Grem Xill 1929-yil 15-fevralda Londonda dunyoga kelgan. Otasi birjada makler bo‘lib ishlagan va o‘g‘li iqtisodni o‘rganib, o‘z kasbini davom ettirishini orzu qilgan. Biroq yosh Gremning boshida umuman boshqa qiziqishlar bor edi — poyga, avtosport va mashinalar.

Kichik Xill texnika kollejini tamomlagan va Smith&Son kompaniyasiga mexanik bo‘lib ishga joylashgan. Ish davomida to‘plagan pullariga Grem birinchi mototsiklini xarid qilgan, biroq ko‘p o‘tmay avariyaga uchrab, qovurg‘asini sindirib olgan. Avariyadan keyin Xillning chap oyog‘i kaltaroq bo‘lib qolgan.

Avtosportning bo‘lajak “qiroli” flotdagi harbiy xizmatdan qaytib kelgach, eshkak eshish bo‘yicha London klubi a’zosiga aylangan va mazkur sport turi bilan jiddiy shug‘ullangan. 24 yoshida Grem o‘zining birinchi avtomobilini sotib olgan — Austin 1929. Xuddi mototsikl bilan bo‘lgani kabi Xill tezda muammoga duch kelgan. Safar vaqtida mashinaning tormoz tizimi ishlamay qolgan va u trotuarda to‘xtashga majbur bo‘lgan. Bir necha yildan keyin u avtomobil haydashni endi o‘rganayotgan inson, albatta, Austin’ni boshqarsihi kerakligini, chunki bu mashina odamda uchta sifatni shakllantirishini ta’kidlagan: diqqatni jamlash, qat’iyat va yo‘ldagi vaziyatni oldindan ko‘ra bilish.

Foto: Somany Horses

1953-yilda Xill istalgan inson pul to‘lab “Formula-3” chempionati uchun mo‘ljallangan haqiqiy Cooper poyga mashinasida sayr qilish mumkinligiga haqidagi e’lonni ko‘rib qolgan. Bu uning avtosportga birinchi qadami edi.

Ushbu tadbirni o‘tkazgan Brands Hatch avtomaktabi xodimlari Gremning qobiliyatidan hayratga tushib, unga mexaniklik lavozimini taklif qilgan. Ko‘p o‘tmay yosh poygachi karyera zinalaridan ko‘tarilib, bosh instruktorga aylangan, biroq rahbariyat bilan kelisha olmagani tufayli ko‘p o‘tmay u yerdan ketishga majbur bo‘lgan.

Foto: Somany Horses

Bir necha oydan keyin Gremning hayotini o‘zgartirib yuborgan yana bir voqea sodir bo‘lgan. Do‘sti Mayk Kostin unga Londondagi avtoshouga birga borishni taklif qilgan. Angliya poytaxti tomon ketish vaqtida Xill Mayklning tanishi — 1952-yilda Lotus Cars kompaniyasiga asos slogan Kolin Chepmen bilan tanishib qolgan.

Chepmen bilan tanishuv Xillning hayotini butunlay o‘zgartirib yuborgan. U “Formula-1” chempionatida ishtirok etishga tayyorlanayotgan Lotus jamoasi mexanigiga aylangan, shuningdek, Grem Kolin bilan bolid rulida o‘z imkoniyatini sinab ko‘rishga ham kelishib olgan.

1958-yilda Grem Xill Gran-Pri Monakodagi “Formula-1” musobaqasida Lotus 12 avtomobili bilan ilk bor ishtirok etgan. Shundan keyin Grem ikki mavsum davomida 16 ta Gran-Prida qatnashgan bo‘lib, ularning faqat to‘rttasida finishga yetib kelgan. Qolganlarida poygachi texnik muammolar sabab finishgacha yetib bormagan ham.

1960-yilda Xill BRM jamoasiga o‘tgan va uchinchi poygadan keyin Niderlandiyadagi musobaqada g‘alaba qozongan. Qisman muvaffaqiyatga qaramay, 1960 va 1961-yillardagi mavsumlarni poygachi 15-o‘rinda yakunlagan. Ta’kidlash kerakki, 1960-yil 17-sentabr kun Xill o‘g‘illi bo‘ladi va kelajakda u ham otasining izidan borib, “Formula-1” chempioniga aylangan.

Foto: Somany Horses

Poygachi va uning jamoasi hayotidagi tub o‘zgarish 1962-yilda ro‘y bergan — BRM egasi Alfred Ouenning poygachilardan qoniqmagani sabab yopilish arafasida edi. Jamoa chempionlikni qo‘lga kiritmasa, Alfred barchani o‘z uyiga jo‘natib yuborishga qaror qilgan. Hech kim kutmagan joydan BRM uddalab bo‘lmas ishni amalga oshirgan va Grem Xill birinchi marta Angliyada yig‘ilgan mashinada chempion bo‘lgan britaniyalikka aylangan. 1962-yilgi mavsumlarda o‘tkazilgan to‘qqizta Gran-Prining to‘rttasida Xill g‘alaba qozongan.

Keying uch yil davomida chempionat reytingining ikkinchi pog‘onasiga chiqib olgan poygachi Gran-Pri Monakoda uch marta g‘alaba qozongan.

1967-yilda Grem Xill Lotus jamoasiga qaytgan — Xill va uning sherigi Klark dueti barchani lol qoldirgan. Oradan bir yil o‘tib, Gremm yana bir bor chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan.

Foto: Somany Horses

1957-yil 29-noyabr kuni Grem Xill, Toni Brayz, kostruktor Stollmen va uch nafar mexanik — Terri Richards, Rey Brimbl va Toni Elkok Fransiyadagi sinovlardan Angliyaga qaytayotgan edi. Samolyotni Xillning o‘zi boshqarayotgan edi. Havo kemasi La-Manshni kesib o‘tib, London g‘arbidagi “Elstri” aeroportida yo‘l olgan. Buyuk Britaniya poytaxtiga bir necha kilometr qolganida samolyot quyuq tumanga duch kelgan va ko‘ruvchanlik keskin tushib ketgan. Paydo bo‘lgan kuchli shamol sabab barcha yonilg‘i sarflab bo‘lingan va Grem Xill favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘lgan. Qo‘nish vaqtida samolyot daraxtlarga urilib ketib, yerga qulagan va portlagan. Yo‘lovchilarning barchasi halok bo‘lgan.

Qishloqni yoqish topshirig‘ini olgan Zoya Kosmodemyanskaya

1941-yil 29-noyabr kuni “Petrishevo” qishlog‘ida partizanka Zoya Kosmodemyanskaya qatl etilgandi. Bu haqdagi ommaga birinchi marta 1942-yil 27-yanvarda e’lon qilingan. Shu kuni “Pravda” gazetasida Pyotr Lidovning “Tanya” ocherki paydo bo‘lgan. Kechga borib u Butunittifoq radiosiga topshirilgan. Gap jangovar vazifani bajarish vaqtida nemislar tomonidan ushlangan yosh partizanka haqida ketardi.

Foto: Mosarchiv

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha vaqtda ishning tergovi bilan maxsus komissiya shug‘ullangan va qahramonning haqiqiy ismini aniqlagan: u moskvalik 18 yoshli o‘quvchi Zoya Kosmodemyanskaya edi. O‘shanda Zoya Tambov viloyatidagi Osino-Gay qishlog‘ida o‘qituvchilar oilasida dunyoga kelgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, Zoyaning Aleksandr ismli ukasi ham bo‘lgan. Tez orada oila Moskvaga ko‘chib ketgan. Zoya maktabda yaxshi o‘qigan, kamtar va mehnatkash bo‘lgan.

1941-yil 30-sentabr kuni nemislarning Moskvaga bosqini boshlangan. 7-oktabrda Vyazma hududida fashistlar G‘abiy va Rezerv frontining beshinchi armiyasini qurshovga olishga erishgan. Moskvadagi muhim obyektlarni minalashtirishga qaror qilingan, jumladan, ko‘priklar va sanoat korxonalarini ham. Nemislar shaharga kirgudek bo‘lsa, obyektlar portlatilishi lozim edi.

Moskvaga havo zarbalari tinmagan. O‘shanda ko‘plab moskvaliklar kommunistik ishchilar batalyonlari, jangovar drujinalar, otryadlarga qo‘shilgan. 1941-yil oktabrda bir guruh yigit va qizlar bilan suhbatlashgan Zoya Kosmodemyanskaya ham bo‘linmaga qo‘shiladi. Zoya onasiga Moskva tumani Kommunistik yoshlar ittifoqiga (“Komsomol”) qo‘shilish uchun ariza bergani va uni frontga qabul qilishganini aytgan.

Foto: Mosarchiv

Shundan keyin u 2 mingga yaqin odam bilan Kunsevodagi 9903-sonli harbiy qismga yo‘l olgan. U yerda Zoya G‘arbiy front razvedka-diversiya qismi jangchisiga aylangan. Noyabr oyi boshlarida Zoya va uning sheriklariga birinchi topshiriq berilgan — dushman taraf ortidagi yo‘lni minalashtirish. Ular vazifani muvaffaqiyatli bajarib, harbiy qismga yo‘qotishlarsiz qaytib kelgan.

18-noyabr kuni 9903-harbiy qism qo‘porruvchi guruhi komandirlari Pavel Provorov va Boris Kraynov topshiriq oladi: Stalinning buyrug‘iga ko‘ra, ular 10 ta — “Anashkino”, “Gribsovo”, “Petrishevo”, “Usadkovo”, “Ilyatino”, “Grachevo”, “Pushkino”, “Mixaylovskoe”, “Bugaylovo”, “Korovino” aholi punktini yoqish topshirilgan. Vazifani bajarishga 5-7 kun berilgan. Guruhlar topshiriqni uddalash uchun birga yo‘l olgan.

Otryad “Golovkovo” qishlog‘ida nemislar tuzog‘iga tushib qolgan va o‘rtada otishma yuz bergan. Guruhning bir qismi halok bo‘lgan. Kraynov, Zoya va Vasiliy Klubkov uch kishi bo‘lib “Petrishevo”gay o‘l olgan — ular nemislar bor uchta uyni yoqib yuborishga muvaffaq bo‘lgan. Shu bilan birga, 20 ta ot, bitta nemis, ko‘plab miltiqlar, avtomat va telefon kabellari yonib ketgan.

Foto: Mosarchiv

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu uylar yoqilganidan keyin Zoya belgilangan nuqtaga qaytib kelmagan. Bhuning o‘rniga o‘rmonda qolib, ertasi kuni yana qishloqqa yo‘l olgan. Buyruqni bajarishga maqsadida uylarga o‘t qo‘yayotgan Zoyani Semyon Sviridov ko‘rib qolgan va u bu haqda nemislarga xabar bergan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Sviridov nemislardan partizan qizning qo‘lga olinishida yordam bergani uchun vino bilan mehmon qilingan xolos.

So‘roqlar davomida qiz o‘zini “Tanya” deb tanishtirgan va nemislarga kerakli biror ma’lumotni bermagani uchun qattiq kaltaklangan. Qiynoq jarayonlariga guvoh bo‘lgan qishloq aholisiga ko‘ra, kechasi qiz ko‘chaga ust-boshsiz olib chiqilgan va uzoq vaqt sovuqda saqlangan.

Foto: Mosarchiv

Yarim soat o‘tirib, uni yana ko‘chaga olib chiqishdi. 20 daqiqa ko‘chada yalangayoq sudrashdi, keyin yana qaytarib olib kelishdi. Bu kabi qiynoq kechki soat 22:00 dan 02:00 gacha davom etdi. Bularning barchasini 19 yoshli nemis askari qilardi”, — deya eslaydi voqea guvohlaridan biri.

Ertasi kuni partizan qiz tayyorlab qo‘yilgan dorga olib chiqilgan. Uning bo‘yniga “Uylarga o‘t qo‘yuvchi” yozuvi tushirilgan peshlavha ilingan. Keyinroq 1943-yilda o‘ldirilgan nemislardan birining yonida Zoyaning qatl jarayonida olingan beshta surat topilgan.

Foto: Mosarchiv

1942-yil 16-fevral kuni Kosmodemyanskaya o‘limidan keyin Sovet Ittifoqi Qahramoniga aylangan, o‘sha yilning 7-mayida esa u Moskvadagi qabristonga qayta dafn etilgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.