Tasavvur qiling, “istayman” desangiz uyingiz oldida qimmatbaho mashina paydo bo‘lsa yoki o‘lim to‘shagidagi do‘stingiz oyoqqa tursa, hech bo‘lmagan-da, qorningiz ochib turganida dasturxoningizda shirindan shakar taomlar paydo bo‘lib qolsa. Rejissor Zulfiqor Musoqovning “Yaratganga shukr” filmida mana shunday voqealar sodir bo‘ladi. Hisobchi Sodiqjon haqidagi ushbu film suratga olinganiga 2022-yilda roppa-rosa 25 yil to‘ldi. Xo‘sh, chorak asrni qarshilagan filmning suratga olish jarayonlari qanday kechgan?

Zulfiqor Musoqov — film rejissori:

Foto: “Daryo”

— 1997-yili Yaponiyaning NHK korporatsiyasi tanlab olgan 16 davlatdan kelgan yosh rejissorlar orasida men ham bor edim. Yaponlarning taklifiga binoan, har bir rejissor o‘z xalqi hayoti haqida ssenariy yozishi kerak edi. “Abdullajon” filmidan keyin tomoshabinlar yana shunday mo‘jizaviy hayot haqida film yaratishimni so‘rab yurishgandi. Keyin rejissor Sakkey Imamuraga “Yaratganga shukr” nomli ssenariyni ko‘rsatdim. U tanlov raisiga ma’qul kelib, film olishni taklif qildi.

Foto: Skrinshot

Filmni ko‘rgach, ba’zi tomoshabinlarini “O‘zbeklarga oshning qanday tayyorlanishi qiziqmi?” degan savol o‘ylantirishi mumkin. Ammo bu kadrlar yaponlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Film juda qisqa vaqt mobaynida suratga olingan. Uni tasvirga olish uchun 27 kun sarflanganmiz. Filmning ilk namoyishi Tokiodagi “Osiyo filmlari” kinofestivalida bo‘lib o‘tgan, — deydi rejissor Zulfiqor Musoqov.

Foto: Skrinshot

“Yaratganga shukr” filmi “Kichkina tabib” bilan oldinma-ketin suratga olingan. Aslida “Yaratganga shukr” filmini tasvirga olish ijodiy jamoaning rejasida bo‘lmagan. Bor e’tibor “Kichkina tabib”ga qaratilgan vaqtda “Yaratganga shukr” filmini yaratishga majbur bo‘lishgan. Ammo u nafaqat yapon kinoijodkorlariga balki, o‘zbek xalqiga ham manzur bo‘lgan.

Rustam Sa’dullayev — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

Foto: “Vatandosh.uz”

— Zulfiqor Musoqov bilan “Bomba” filmida ham birga ishlaganmiz. Yaxshi rejissor, o‘ziga xos yo‘nalishi bor. “Yaratganga shukr” filmiga taklif qilganida avvaliga hayron bo‘lganman. Chunki u paytlarda hali kompyuter degan narsalar rivojlanmagandi. “Sehrgarlik bilan bog‘liq sahnalarni qanday olamiz?”, deb ajablangandim. Oshning uchishi bilan bog‘liq sahnalar choyxonada suratga olingandi. Xontaxtaning lagan turadigan yeri o‘yib, ustiga dasturxon yoyib qo‘yishgandi. Laganlarga ingichka ip tortilgandi. Osh to‘la likobchani dasturxondan ko‘tarilishi xontaxta pastidan boshqarilgan. Yuqoridan olingan kadrda leska ko‘rinmay, kadrda oshning o‘zi uchayotgandek ko‘ringan.

Foto: Skrinshot

Mashinaning to‘rtta g‘ildiragi “taq” etib tushib ketadigan sahnani suratga olish uchun oldindan hamma g‘ildiraklar bo‘shatilib, omonat qilib qo‘yilgan. Ozgina silkinishdan tushib ketgan, bu yuqoridan turib suratga olingandi, — deya qo‘shimcha qildi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rustam Sa’dullayev.

“Ikki qop xat olganman”

Foto: Skrinshot

— Film haqiqatan odamlarga yoqqan. Bolaligimizda hammamiz ertak eshitib katta bo‘lganmiz, film xuddi kattalarning ertagiga o‘xshadi. Shuning uchun ham u yosh-u, qariga ma’qul kelgan. Film namoyish etilganidan keyin ikki qop minnatdorlik xatlarini olganman. “Yana shunday filmdan suratga oling. Davomi bormi?” degan savollarni ko‘p berishardi. Ammo filmlarning davomi har doim ham muvaffaqiyatli bo‘lmaydi, — deydi aktyor Rustam Sa’dullayev.

Baxtiyor Zokirov otasidek erta vafot etdi

Foto: Skrinshot

Afsuski, filmda suratga tushgan aktyorlarning bir nechtasi olamni tark etishdi. Ulardan biri Alisher rolining ijrochisi Baxtiyor Zokirovdir. Baxtiyor Zokirov O‘zbekiston xalq artistlari Botir Zokirov va Erkli Malikboyevalar oilasida dunyoga kelgan. U maktabni tamomlab Moskva kinomatografiya oliygohining aktyorlik bo‘limiga o‘qishga kirgan. U yerda Bahrom Matchonov, Dilorom Egamberdiyeva, Shuhrat Umarov, Zulxumor Mo‘minova va Zuhriddin Rejametov kabi xalqimizga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor va aktrisalar bilan birga tahsil olgan. U talabalik yillarida “Maysaraning ishi” filmida Hidoyatxon rolini ijro etib, mashhurlikka erishgan. Aktyor umrining so‘nggiga qadar “Ilhom” teatrida faoliyat yuritgan. Afsuski, u ham xuddi otasi Botir Zokirov kabi qisqa umr ko‘rgan. U 2005-yili 43 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.

Kichik epizoddagi katta aktyorlar

Filmda juda ko‘plab mashhur aktyorlar suratga tushgan. Ammo ba’zilarining roli bitta epizod bilan kifoyalangan. Ammo qisqa epizodlar ham tomoshabin e’tiboriga tushgan. Masalan, Obid Yunusov, Xusan Sharipov, Tamara Shokirova, Afzal Rafiqov, Sayyora Yunusova kabi iste’dodli aktyorlar jamoasi asosiy rollarni ijro etishmagan bo‘lsa-da, film muvaffaqiyatiga o‘z hissalarini qo‘shishgan.

Rejissor Diasning tirik qolishini istagan

Foto: Skrinshot

Filmda Dias rolini ijro etgan aktyor Rixsivoy Aliyev aslida Zulfiqor Musoqovning assistenti bo‘lgan. Bu rol boshqa aktyorga berilishi kerak bo‘lgan, ammo uning qandaydir sabab bilan syomka maydonchasiga kelmagan. Rejissor vaqtdan yutqazmaslik uchun assistentidan foydalangan. Ssenariyga ko‘ra, Dias so‘nggi operatsiyadan so‘ng vafot etishi kerak edi. Ammo syomka maydonchasida rejissor Sodiqning xohishiga ko‘ra u tirik qolishi va operatsiya xonasidan chiqib, raqsga tushishini istagan.

Film muvaffaqiyati ko‘p jihatdan pishiq ssenariy, mahoratli rejissor va iste’dodli aktyorlar jamoasiga bog‘liq deyishadi. Agar ular filmda mujassam bo‘lsa, yillar o‘tib kadrlarning xiralashgani ham tomoshabinlar e’tiborining sustlashishiga sabab bo‘lolmaydi.

Mavzuga doir: