Toshkentda eri va qaynotasi tomonidan kuch ishlatib, Qashqadaryoga olib ketilgan ayolga himoya orderi berildi. Bu haqda Koson tumani hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Koson tumani hokimligi matbuot xizmati

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida 2000-yilda tug‘ilgan M.A. qonuniy turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy kelishmovchiligi sababli bir nafar farzandini turmush o‘rtog‘ida qoldirib, uydan chiqib, Toshkent shahriga ketib qolgani aniqlangandi. Uni turmush o‘rtog‘i D.SH. qidirib, topgan hamda otasi bilan birga Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi uyiga majburlab olib ketgan.

Holat Koson tumani hokimligi oila va xotin-qizlar bo‘limi va Ichki ishlar bo‘limi nazoratiga olingan bo‘lib, 24-noyabr kuni mazkur oila xonadoniga borib yashash sharoitlari o‘rganilgan. Oila vakillari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Foto: Koson tumani hokimligi matbuot xizmati

Foto: Koson tumani hokimligi matbuot xizmati

Shuningdek, ayol bilan oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva shaxsan uchrashib, muloqot qilgan. Undan tushuntirish olingan va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, himoya orderi berilishi ta’minlangan.

Ayni paytda holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘rilash) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.