Toshkent viloyatida 1,5 kilogramm marixuana giyohvandlik moddasini sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, 23-noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi Jinoyat-qidiruv xizmati Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat-qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan.

Natijada Yangiyo‘l tumani “Mirishkor” mahallasida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro A.X. shu tumanning “Xalqobod” mahallasi hududida maxsus xaridorga vazni taxminan 1,5 kg marixuana giyohvandlik vositasini 5 ming dollar evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro A.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga doir: Toshkent viloyatida fuqaroning uyidan 17 kg marixuana topildi (foto)