Sirdaryoning Guliston tumanida maktabdan qaytayotgan 2-sinf o‘quvchisini tok urdi. Guliston tumani Xalq ta’limi bo‘limi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: Telegram

Aniqlanishicha, 23-noyabr kuni Guliston tumani 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2-“B” sinf o‘quvchilariga reja bo‘yicha 5 soat dars o‘tilishi kerak bo‘lgan. Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun bo‘lib o‘tayotgan malaka (amaliy) sinovlarda ishtirok etayotgani sababli ushbu kungi darslar ixchamlashtirilib, sinf rahbar S.I. tomonidan darslar o‘tib bo‘lingach, o‘quvchilarga uylariga ketishlari uchun javob bergan.

Darsi tugagandan so‘ng 2-“B” sinfning barcha o‘quvchilari kabi X.A. ham uyga yo‘l olgan. Yo‘lda maktab hududining tashqarisida joylashgan elektr transformator ostiga kirib qolgan kuchukni ko‘rib qolgan. Transformator poydevor qismining ochiq joyidan qo‘lini kirgizib, kuchukni olmoqchi bo‘lgan vaqtda elektr toki urishi oqibatida bosh, qorin, qo‘l va oyoq qismidan tan jarohati olgan.

Voqea joyiga tezlikda yetib borgan maktabning o‘qituvchisi F.A. bolani chiqarib olgan. Maktab hamshirasi tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va zudlik bilan shoshilinch tibbiy yordam va oilasiga xabar berilgan.

Hozirda bola tuman tibbiyot birlashmasida muolajalar olmoqda.