O‘zbekiston fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 2023-yilda jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan, mamlakatning tuproq-iqlim sharoitiga mos 1 million dona urug‘siz uzum navlari ekiladi. 

Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda EastFruit.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Eksportni kengaytirish va ichki bozorga yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonda quyidagi masalalarni qamrab olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan:

  • chet eldagi diplomatik vakolatxonalar (Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Ukraina, Latviya, Koreya, BAA, Hindiston, Pokiston, Afg'oniston va Xitoy) tomonidan yirik savdo tarmoqlari ro‘yxati va buyurtmalar portfelini shakllantirish;
  • uzum eksportini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida bog‘dorchilik va issiqxonalarni rivojlantirish agentligi tomonidan tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda 10 million dollar miqdoridagi aylanma mablag‘lar ajratilishi;
  • uzumchilik agroklasterlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari, eksport qiluvchi korxonalar va boshqalarda xalqaro standartlarni (GlobalG.A.P, Organik va boshqalar) keng ko‘lamda joriy etish.

2022-yilda O‘zbekistondagi mavjud 181 ming gektar tokzorlarda (fermer xo‘jaliklarida 129 ming gektar, aholi bo‘yicha 52 ming gektar) 1,8 million tonna uzum yetishtirish rejalashtirilgan edi. 10-noyabr holatiga ko‘ra, hosil 1,9 million tonnani (105 foiz) tashkil etdi.

Joriy yilda yig‘ib olingan hosildan 244 ming tonna yangi uzum eksport qilindi (o‘tgan yilga nisbatan +6 foiz). 256 ming tonna uzum quritilib, undan 64 ming tonna mayiz olinib, eksportga jo‘natildi (o‘tgan yilga nisbatan 1,9 barobar ko‘p).

Eksport geografiyasi 11 ta yangi bozor orqali kengaytirildi:

  • Albaniya; 
  • Bahrayn; 
  • Bolgariya; 
  • Braziliya; 
  • Vengriya; 
  • Italiya; 
  • Marokash; 
  • Makedoniya; 
  • Sloveniya; 
  • Serbiya; 
  • Tunis; 
  • Ispaniya. 

O‘zbekistondan umumiy 51 davlatga 138 ming tonna uzum yetkazib berilgan. Eng ko‘p o‘zbek uzumlari Rossiya va Qozog‘iston bozorlarida sotilmoqda. 

2021—2024-yillarda 48 uzumchilik hududida 156 ming gektar yangi uzumzorlar barpo etilmoqda.