Bemor inson dunyodagi eng bebaho boylik salomatlik ekanligini yaxshi biladi. Afsuski, aksariyat insonlar buni juda kech anglab yetishadi. “Daryo” muxbiri Nargizaxon Murodova ayni kunlarda salomatligidan pand yeyotgan o‘zbek san’at vakillari haqida ma’lumot to‘pladi.

Mashrab Kimsanov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mashrab Kimsanov 2018-yildan buyon og‘ir hastalik bilan kurashadi. Turmush o‘rtog‘i, aktrisa Adolat Kimsanovaning ma’lumot berishicha, aktyor shu kungacha to‘rt marta insult hastaligini boshidan o‘tkazgan. U gapirolmaydi va mustaqil harakatlanolmaydi.

Foto: “Daryo”

— 2018-yilning fevral oyida ilk marta insult hastaligiga chalindi. Undan oldin biror marta salomatligidan shikoyat qilgan inson emasdi. Kasallik harakatlanishiga biroz salbiy ta’sir etdi. Hassada bo‘lsa-da, bemalol yura olardi. Ammo undan keyin ketma-ket ikki marta insultni boshidan kechirdi. Qaynanamning vafotidan keyin ota uyi Yaypanga borib, o‘sha yerda to‘rtinchi insultga chalindi. To‘shakka mixlanib, oyoq-qo‘llari ishlamay qoldi. Bunday bemorlarni joyidan ko‘chirib bo‘lmaydi deyishgani uchun bir muddat vodiyda davolatdik. Undan keyin Toshkentga olib kelib, bu yerda ham uzoq muolajalarni oldi. Ammo hozircha o‘zgarish yo‘q. Umidim bor, yurgan oyoqlar yana yurib ketishiga ishonaman. Suyanchiq yordamida bir-ikki qadam tashlaganiga ham xursand bo‘laman. Mashrab Kimsanov bo‘ylari baland, basavlat inson edi. To‘rt yilda u ko‘rinishdan asar ham qolmagan, — deydi aktrisa Adolat Kimsanova.

Ra’no Shodiyeva

Ayni kunlarda Turkiyada davolanayotgan aktrisaning salomatligi ham havas qilgudek darajada emas. U sentabr oyida navbatdagi murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tashi haqida ma’lum qilgandi. Ammo 8-sentabrdan buyon Instagram sahifasiga foto va video joylamadi. “Qo‘rqut ota” festivaliga borgan hamkasblari uni ko‘rishga borishganida, turmush o‘rtog‘i sog‘ligining yomonlashgani bois ular bilan uchrasholmasligini aytgan.

Foto: “Daryo” / Kollaj

— Jigarimning 60 foizi olib tashlandi va sog‘lom qismini qoldirishdi. Jigar bu – o‘sadigan narsa. Uning olib tashlangan qismi Xudo xohlasa 1 yil ichida o‘sib joyiga tushadi. 11 soat davom etgan amaliyot oson bo‘lmadi, juda qiyin, mashaqqatli bo‘ldi. Jigarning organizm ishida 300 ta funksiyasi bor, jigarda qon tomirlari ko‘p. Ularning hammasini joy-joyiga qo‘yib tikish kerak bo‘ldi, — deb kasalligi haqida ma’lumot bergandi aktrisa Ra’no Shodiyeva.

Murod Rajabov

Foto: Instagram / @murodradjabov_official

73 yoshni qarshilagan aktyor Murod Rajabov ham bir necha yildan buyon ekranlarda ko‘rinmaydi. Aktyor uzoq yillardan buyon qandli diabet kasalligi bilan kurashadi. Oxirgi yillarda kasallik uning erkin harakatlanishi, xususan oyoqlariga jiddiy ta’sir etgan. Bundan tashqari, aktyor odamlar bilan suhbatda bo‘lishni va kasalligi haqida gapirishni istamaydi.

Saida Rametova

Foto: Videodan skrinshot

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametovaning ko‘krak saratoni hastaligiga chalingani haqidagi xabar katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Aktrisa ikki yildan buyon bu kasallik bilan kurashmoqda. Aktrisa syomkalarda ishtirok etsa-da, sog‘ligini doimiy ravishda nazorat qilib boradi. Uning davolanish kursi tugagani yo‘q.

—  Yaqinda ham tekshiruvdan o‘tdim, hammasi yaxshi. Ammo baribir muolajani davom ettirib, parhez qilish, o‘zimga qarashim kerak. Bu kasallikda g‘am-tashvish, qanaqadir yomon narsalarni o‘ylamaslik, iloji boricha kuch to‘plab yashash kerak. Kasal bo‘lgan ayollarning oldiga bordim, suhbatlashdim, ular bilan ovqatlandim. Ayol oilada kerak, ayol borki, dunyo, beshik tebranib turadi. Shuning uchun biz ham o‘zimizni o‘ylashimiz kerak. Kasallik o‘tib ketgandan keyin emas, oldinroq borib, oldinroq davolanishimiz kerak”, — deydi Saida Rametova.

Jumadulla Rametov

Foto: “Daryo”

Aktyor Jumadulla Rametov ikki yildan buyon Alsgeymer kasalligi bilan kurashmoqda. Uning jiddiy xastalikka chalingani karantin kuchaygan vaqtda ma’lum bo‘lgan. Aktyorda bezovtalik va xotiraning jiddiy sustlashishi bilan bog‘liq alomatlar sezilgan. Aktyorning bugungi ahvoli havas qilgudek darajada emas. U yaqinlarining yordamisiz ko‘chaga chiqolmaydi.

Malika Qayumova

Foto: Skrinshot

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Malika Qayumovaning salomatligi qizi Dildora Qayumovaning vafotidan so‘ng yomonlashgandi. Oxirgi yillarda esa aktrisa oyoq og‘rig‘i bilan kurashmoqda. Aktrisa bir necha yil avval yiqilib, oyog‘idan jiddiy jarohat olgan. Shundan so‘ng murakkab jarrohlik amaliyotini ham boshidan o‘tkazgan. Hozirda aktrisaning sog‘ligi ko‘ngildagidek bo‘lmasa-da, spektakl va teleloyihalarda ishtirok etadi.

Fahriddin Shamsimatov

Foto: Skrinshot

Mahoratli kino va dublyaj aktyori Fahriddin Shamsimatov bir necha yildan buyon bel sohasidagi hastalikdan aziyat chekadi. Nafaqat yurish, balki o‘tirib ishlash ham mumkin bo‘lmagani uchun aktyor uzoq vaqt ijoddan chetlashishiga to‘g‘ri keldi. Hozirda ijodkorning ahvoli ancha yaxshi, u yana ovoz rejissori sifatida faoliyat yuritmoqda.

Husan Musaboyev

Foto: Skrinshot

Teleminiaturalar teatridagi ishtiroki bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Husan Musaboyev ham bir necha yildan buyun yurak xastaligi bilan kurashadi. U o‘tgan yili Hindistonda murakkab jarrohlik amaliyotini ham boshidan o‘tkazdi. Jarrohlikdan so‘ng ahvoli ancha yaxshilandi, ammo bu to‘liq davolandi degani emas.

Zohid Risqiyev

Foto: Instagram

Sobiq “Ummon” guruhining xonandasi Zohid Risqiyev shu yilning 29-sentabr kuni mudhish yo‘l-transport hodisasiga uchragach, o‘ziga kelgani yo‘q. Uning turmush o‘rtog‘i Kamola Ortiqova Instagram orqali xonandaning salomatlida hech qanday o‘zgarish yo‘qligi haqida ma’lumot berdi.

Mavzuga doir: