2022-yildagi iqtisodiy hamkorlik natijalari va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) doirasida savdo aloqasi tahlil qilindi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar bilan yanvar—oktabr oylarida tashqi savdo aylanmasi 12,6 mlrd dollarni yoki 24,6 foizni tashkil etdi.

Shundan eksport hajmi 4,5 mlrd dollar, import hajmi esa 8,1 mlrd dollarga yetgan.

O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida YOII davlatlarining ulushi 31,4 foizni, jami eksport — 29,1 foizni, jami import — 32,9 foizni tashkil etdi.

2022-yilning yanvar—oktabr oylari yakunida O‘zbekistonning YOII davlatlari bilan tashqi savdo hajmidagi ulushi:

Rossiya bilan tashqi savdo aylanmasi 7,5 mlrd dollarni (O‘zbekistonning YOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasining 59 foizi) yoki 27,1 foizni tashkil etdi:

  • eksport — 2,5 mlrd dollar;
  • import — 5 mlrd dollar.

Qozog‘iston bilan tashqi savdo aylanmasi 3,7 mlrd dollarni (30 foiz) yoki 17,7 foizni tashkil etdi:

  • eksport — 1,1 mlrd dollar;
  • import — 2,6 mlrd dollar.

Qirg‘iziston bilan tashqi savdo aylanmasi 990 mln dollarni (8 foiz) yoki 28 foizni tashkil etdi:

  • eksport — 773 mln dollar;
  • import — 217 mln dollar.

Belarus bilan tashqi savdo aylanmasi 420 mln dollarni (3 foiz) yoki 38,5 foizni tashkil etdi:

  • eksport — 94 mln dollar;
  • import — 326 mln dollar.

O‘zbekiston 2020-yilning dekabrida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini oldi.

Aynan shu uyushma bilan eng yaqin savdo-iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yilib, YOII bilan yanada integratsiyalashuv ularni yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarining 2020-yilda O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi qariyb 10 milliard dollarni tashkil etdi. YOII mamlakatlarining ulushi O‘zbekiston umumiy tovar eksportining 30-31 foizini tashkil etadi.

O‘zbekiston 2019-yilda umumiy qiymati 9,42 milliard dollarlik mahsulot eksport qildi, shundan 2,83 milliard dollarlik mahsulot YOII hududiga yetkazib berildi.

ITSV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va YOII mamlakatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi to‘rt yilda 75 foizga oshgan.

An’anaga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qimachilik, metallurgiya va kimyo sanoati mahsulotlari, shuningdek, oziq-ovqat, birinchi navbatda, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiladi.

Mamlakatda qurilish materiallari, yog‘ochni qayta ishlash va kimyo sanoati mahsulotlari, shuningdek, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, sut va go‘sht mahsulotlari YOIIdan olinadi.

YOIIga yanada integratsiyalashgan holda O‘zbekiston tashqi bozorlarga chiqishda, xususan Vetnam, Eron, Serbiya va Singapur bilan savdo qilishda yanada qulay sharoitlarga ega bo‘ladi.

Foto: Review

Foto: Review

Foto: Review

Foto: Review

Foto: Review

Foto: Review

Foto: Review

Foto: Review

Foto: Review