Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov ayni kunlarda bo‘lib o‘tayotgan Hindistonning Puna shahridagi Kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasini Faxriy birinchi vitse–prezidenti lavozimiga saylandi. Bu haqda “Daryo”ga Xalqaro kurash assotsiatsiyasi axborot xizmati rahbari Jamshidbek Namozov xabar berdi.

Foto: Xalqaro kurash assotsiatsiyasi axborot xizmati

Ayni kunlarda Hindistonning Puna shahrida Kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida XIII Jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. 24-noyabr kuni Puna shahridagi Ramada mehmonxonasi konferensiya zalida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasining navbatdagi Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda assotsiatsiya tarkibidagi 70 ga yaqin davlatlar Kurash federatsiyalari vakillari, qit’aviy Kurash konfederatsiyalari prezidentlari, IKA ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirok etdi. Kongressni IKA prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashi Osiyo o‘yinlari Bosh direktori Haydar Farmon boshqarib bordi, — deydi Jamshidbek Namozov.

Foto: Xalqaro kurash assotsiatsiyasi axborot xizmati

Ta’kidlanishicha, mazkur tadbirda 20 ga yaqin masalalar muhokama qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov Xalqaro Kurash assotsiatsiyasini Faxriy birinchi vitse–prezidenti lavozimiga saylandi. Endilikda Adham Ikromov kurash vatani vakili sifatida kurashni dunyoda yana-da rivojlantirish uchun O‘zbekiston hukumati tomonidan bevosita qo‘llab-quvvatlash masalalariga mas’ul hisoblanadi, — deydi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi axborot xizmati rahbari.

Foto: Xalqaro kurash assotsiatsiyasi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Faxriy prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 4-noyabr kuni “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Qo‘shimcha qilinishicha, jahon chempionati bahslari 28-noyabr kuni o‘z yakuniga yetadi.