Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketi ustida faol ishlamoqda. Bu haqda Yevrokomissiya (YK) rahbari Ursula fon der Lyayen Finlyandiyada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Foto: Focus

Bugun biz sanksiyalarning to‘qqizinchi paketi ustida kuchli tezlikda ishlayotganimizni e’lon qilishim mumkin, — dedi u.

Fon der Lyayenga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiya iqtisodiyotini zaiflashtirish uchun qattiq harakat qilmoqda va Ukraina g‘alaba qozonmaguncha to‘xtamaydi.

Ukrainada urush boshlaga fevral oyidan beri Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sakkizta sanksiya paketini joriy qilgan edi. Oxirgi sanksiyalar paketi oktabr oyi boshida tasdiqlangan.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qanchaga tushishini hisoblagani haqida xabar berilgandi.

Rossiyaga qarshi sakkizinchi sanksiyalar to‘plami kiritilgandan so‘ng, Yevropa Ittifoqi tomonidan barcha savdo cheklovlari qiymati taxminan 123 milliard yevroga baholanmoqda.

Bu miqdorda Rossiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi 2021-yilda mavjud bo‘lgan, ammo rasmiy sanksiyalar tufayli endi imkonsiz bo‘lgan o‘zaro savdo hajmi (import va eksport) tushuniladi.

Yangi sanksiyalar paketi savdo sanksiyalarini o‘z ichiga oldi — Rossiya tovarlarini Yevropa Ittifoqiga olib kirish va Yevropa tovarlarini Rossiyaga eksport qilishni cheklash, Rossiya mijozlariga arxitektura va muhandislik, shuningdek, IT konsalting va yuridik xizmatlarni taqdim etishni taqiqlash uchun cheklovlar.

Sanksiyalarning so‘nggi bosqichida Yevropa Ittifoqi Rossiyadan yanada ko‘proq temir va po‘lat mahsulotlar, ba’zi kimyoviy moddalar, kosmetika va sovunlar, plastmassalar, yog‘och xamiri, gazeta qog‘ozi, salfetkalar importini taqiqladi.

Import cheklovlari deyarli 90 milliard yevroni tashkil etadi (bu 2023-yil boshida to‘xtatilishi kerak bo‘lgan Rossiya neft mahsulotlarini Yevropa Ittifoqiga yetkazib berish — 65 milliard yevroni o‘z ichiga oladi).