Londonda boshpanasiz odamlar soni 5700 nafarga yetdi, bu 2021-yilga nisbatan 24 foizga ko‘p. Bu haqda doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasiga tayanib, Reuters xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chada yashayotganlarning aksariyati jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan.

London meri Sodiq Xon hukumatni nafaqa berishdagi cheklovlarni bekor qilishga va “va’da qilingan uy-joy islohotlarini” amalga oshirishga chaqirdi.

Doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi London meriyasining tashabbusi va moliyaviy ko‘magida yaratilgan. Uning hisobotlaridan aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash dasturlari samaradorligini monitoring qilish, ular haqida ma’lumot to‘plash va ularning ehtiyojlarini aniqlashda faol foydalaniladi.

O‘tgan olti yil ichida shahar hokimiyati va xayriya tashkilotlarining ko‘magi bilan qariyb 13,5 ming kishi boshpana topishga muvaffaq bo‘lgan.