Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida ikki nafar noma’lum erkak bir ayolni kuch ishlatib avtomashinaga o‘tqazib, olib ketgani aks etgan videolavha tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.

Foto: Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi

Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 24-noyabr kuni Uchtepa tumani 22-mavzesidagi ko‘p qavatli uylar oldida sodir bo‘lgan. D.SH. ismli fuqaro (1992-yilda tug‘ilgan) otasi 1963-yilda tug‘ilgan X.M. bilan birga Tracker avtomashinasiga turmush o‘rtog‘i M.A. (2000-yilda tug‘ilgan)ni o‘tqazib, noma’lum tomonga olib ketgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida M.A. qonuniy turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy kelishmovchiligi sababli bir nafar farzandini turmush o‘rtog‘ida qoldirib, uydan chiqib, Toshkent shahriga ketib qolgani aniqlangan. Uni turmush o‘rtog‘i D.SH. qidirib, yuqoridagi manzildan topgan hamda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi o‘zining uyiga olib borgan.

“Hozirda M.A. oila davrasida sog‘-salomat ekanligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. M.A. va uning oilasi bilan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar hamda psixologlar ishlamoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha aybdor shaxslarga qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.