Orolbo‘yi muammolari haqidagi “Sho‘rxok” filmi AQSHdagi kinofestivalda eng yaxshi operatorlik ishi bo‘yicha sovrinni qo‘lga kiritdi.

“Sho‘rxok” filmi har oy e’lon qilib boriluvchi Environmental Film Screenplay Festival’da eng yaxshi operatorlik ishi deb topildi.

Qisqa metrajli ushbu badiiy film Aral Dream hamda O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan yaratilgan bo‘lib, Orol dengizi muammosiga bag‘ishlangan.

Filmning vazifasi jahon hamjamiyati e’tiborini Orolbo‘yi muammolariga qaratishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, “araldream.com” veb-saytida test rejimida mavjud onlayn platforma Orolbo‘yi va Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga qaratilgan ijodiy loyihalarni birlashtiruvchi xabga aylanishi kerak. Platforma yordamida sayyoramizning har qanday fuqarosi o‘zi yoqtirgan loyihani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘ladi.