O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasining topshirig‘iga asosan, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi barcha neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, qayta ishlash zavodlarida 2022-yilning 15-noyabridan 15-dekabrigacha obyektlarida “Yongin xavfsizligi oyligi” deb e’lon qilindi.

“Yongin xavfsizligi oyligi” doirasida “Uzbekistan GTL” zavodi va unga qarashli barcha obyektlarda ham amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Tadbirlar doirasida zavodda ishchi-xodimlarini tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Mazkur o‘quv mashg‘uloti obyekt fuqaro muhofazasi tuzilmalari harakatini boshqarish bo‘yicha hududiy tuzilmalar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi, O‘ta muhim va toifalangan obyektlarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiya a’zolari hamda Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklar, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya mutaxassislari ishtirok etishdi.

O‘quv mashg‘ulotini o‘tkazishdan maqsad Uzbekistan GTL zavodi rahbar xodimlari va Fuqaro muhofazasi tuzilmalarining sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini tashkil qilish bo‘yicha bilim va malakalarini oshirish va voqea joyda qidiruv - qutqaruv ishlari, aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.

Mashg‘ulotlar jarayonida Uzbekistan GTL zavod hududida shartli ravishda suyuq uglevodorod rezervuarida yoqilg‘ini sizib chiqishi va uning oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi.

Dastlab favqulodda holat bilan bog‘liq hududda sodir bo‘lgan vaziyatda tegishli xizmatlarga xabar berish bo‘yicha dispetcherlik xizmatining harakatlari tekshirildi. “Yig‘in” xabari orqali barcha shaxsiy tarkiblarning saflanishi nazoratdan o‘tkazildi.

Shundan so‘ng obyektni qo‘riqlash va mudofaa qilish bo‘yicha qo‘riqlash bo‘linmalari, hududiy huquqni muhofaza qilish boshqarmalarining hamkorlikdagi harakatlari amalga oshirildi.

O‘quv mashqi mashg‘ulotlarida barcha qo‘yilgan topshiriqlar ustida ishlanib, saviyalar oshirildi.

Zararlanish o‘chog‘ida qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni olib borishni tashkil etish, o‘choqda razvedka olib borish, gazlangan hududda jabrlanganlarni qidirish, ularni xavfsiz joyga olib chiqish, tibbiy yordamga muhtojlarga yordam ko‘rsatishva avariya-tiklash ishlarini olib borildi.

O‘tkazilgan ko‘rgazmali maxsus taktik o‘quv mashqining yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi havfsizlik kengashining O‘ta muxim va toifalangan obyektlarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasi tomonidan Uzbekistan GTL MCHJ favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga hamda obyektni qo‘riqlash va mudofaa qilishga “Tayyor” deb baholandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati