“Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, kosmik monitoring ishlarini amalga oshirish va davlat boshqaruvi organlarini kosmik suratlar bilan ta’minlash, shuningdek, kosmik texnologiyalarni qo‘llash orqali ijtimoiy-iqtisodiy, ilm-fan, mudofaa va xavfsizlik sohalarida kosmik faoliyat natijalaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

2023-yil 1-fevralgacha davlat kosmik monitoringi o‘tkaziladigan sohalarga oid davlat kadastrlari ma’lumotlari “Elektron hukumat”ning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali taqdim etish bo‘yicha o‘zaro integratsiya qilinadi.

Qarorga ko‘ra, shuningdek, O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan sun’iy yo‘ldosh orqali ishlovchi mobil qurilmalar va terminallarni ro‘yxatga olish tartibi ishlab chiqiladi.