Koreya banki o‘zining asosiy foiz stavkasini 25 bazaviy punktga — yillik 3,25 foizga oshirdi. Bu haqda mamlakat regulyatoriga tayanib, “Interfaks” xabar bermoqda.

Foto: Jean Chung / Bloomberg

Shunday qilib, Markaziy bank oktabr oyidagi 50 bazaviy punkt bilan solishtirganda stavkalarni oshirish tezligini sekinlashtirdi. The Wall Street Journal tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilgan 20 ta tahlilchidan 18 nafari ham chorak punktga o‘sishni kutgan edi.

Janubiy Koreya Markaziy banki raisi Ri Chang Yong yig‘ilishdan so‘ng so‘zlagan nutqida stavkani oshirish bo‘yicha so‘nggi qaror bir ovozdan qabul qilinganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Janubiy Koreya vonining qadrsizlanishi bilan bog‘liq risklar zaiflashganini qayd etdi.

Ayni paytda, Koreya banki boshqaruvchilari pul-kredit siyosatini kuchaytirish siklini hali yakunlashni rejalashtirmayapti.

Boshqaruvchilar kengashi inflyatsiya yuqori darajada saqlanib qolayotganligi sababli narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida stavkalarni oshirish siyosati davom etishi kerak, deb hisoblaydi, — deyiladi xabarda.

Iqtisodchilar ham Koreya banki stavkalarni oshirishda davom etishini kutishmoqda. Biroq, ko‘pchilik regulyatorning 2023-yilda yo‘nalishini o‘zgartirishini va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash uchun stavkalarni tushirishini taxmin qilmoqda.

2022-yilda Janubiy Koreya iqtisodiyotining o‘sishi 2,6 foiz, inflyatsiya 5,1 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq Yevropa Markaziy banki asosiy stavkani ketma-ket ikkinchi marta 75 punktga oshirgani haqida xabar berilgandi.