23-noyabr kuni Parijdagi Luvr muzeyida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan  “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” nomli ko‘rgazma ochildi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Luvr dunyodagi eng katta va eng ko‘p tashrif qilinadigan muzeylardan biri bo‘lib, eng yirik va qimmatli badiiy asarlar to‘plamiga ega. Har yili bu yerga 10 millionga yaqin sayyoh keladi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Luvrning Rishelye zali va Islom bo‘limida xronologik ketma-ketlikda joylashtirilgan beshta bo‘limdan iborat katta ko‘rgazma makoni yaratildi. Bular — “Voha davlatlari va podshohliklari davri: Ipak yo‘lidagi madaniyatlarning muloqoti”, “O‘rta asrlar va san’atning gullab-yashnashi”, “Markaziy Osiyoda islomning tarqalishi, madaniyat va fanda Uyg‘onish davri”, “Ibn Sinodan Chingizxongacha”, “Buyuk imperiyalar davri: Temuriylar va Shayboniylar”.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

O‘zbekiston tarixining 1500 yildan ortiq davrini qamrab olgan ko‘rgazma mamlakatimizning 16 muzeyidan 138 ta noyob ashyo, shu jumladan, ko‘rgazma uchun maxsus restavratsiya qilingan 70 ta eksponatdan iborat. Shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSHning yirik muzeylaridan keltirilgan 31 ta buyum ko‘rgazmadan joy oldi.

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Ushbu ko‘rgazma yetakchi xorijiy OAV hamda blogerlar e’tiborini tortdi.

Mash: “Luvrda kelgusi olti oy davomida O‘zbekiston namoyish etiladi”

Rossiyaning Mash internet-nashrining yozishicha, “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida”  ko‘rgazmasi har kuni 20 000 nafar sayyohni qabul qilishga tayyor.

“O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning qizi Saida rahnamoligida olimlarning to‘rt yillik hamkorlikdagi mehnati eramizdan avvalgi V-VI asrlarga oid 169 qadimiy eksponat uchun makon yaratildi. Devoriy surat, saroylar detallari, amaliy san’at buyumlari hamda Katta Langar Qur’oni sahifalari ko‘rgazmada namoyish etilmoqda.

Hatto Makronning shaxsan o‘zi ham ko‘rgazmaga tashrif buyurib, eksponatlarni ko‘zdan kechirib, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirishga ham ulgurdi”, — deb yozadi nashr.

360 tv: “Luvr kichik O‘zbekistonga aylandi”

Luvr kichik O‘zbekistonga aylandi. Sababi bu yerda “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida”  ko‘rgazmasi ochildi. Ochilish marosimiga Emmanuel Makronning shaxsan o‘zi tashrif buyurdi.

“Agar Parijga kelgudek bo‘lsangiz, albatta, ko‘rgazmaga boring hamda VIII asrga oid Katta Langar Qur’oniga e’tibor qarating. Bu islom olamining eng muhim qo‘lyozmalaridan biri. Kitob aynan ko‘rgazma uchun restavratsiya qilingan, jarayonga Luvr mutaxassislari ham jalb qilingan. Ko‘rgazma kuratori Rokko Rantening so‘zlariga ko‘ra, bunday ko‘rgazmani yana 30-40 yilsiz tashkillashtirish imkonsiz”, —  deb yozadi Rossiyaning 360 tv telekanali.

Sergey Minayev: “O‘zbekiston tarixi haqida juda oz narsa bilamiz”

“Kelgusi yili Samarqand, ipak yo‘li hamda temuriylar davri, O‘zbekiston tarixi haqidagi ‘Tarix darsi’ haqida ko‘rsatuv qilaman. Bu haqda juda oz ma’lumotga egamiz. ‘O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida’ ko‘rgazmasi ahamiyatini uning kuratori Rokko Rantening so‘zlari aniq ifodalay oladi: Yaqin 30-40 yil ichida bunday ko‘rgazmani tashkillashtirish imkonsiz”, — deya fikr bildiradi rossiyalik yozuvchi Sergey Minayev.

“Antiglyanets”: “Fransuzlar Yevropa tashqarisida ham madaniyat mavjudligiga amin bo‘ldi”

Rossiyaning “Antiglyanets” Telegram-kanali ushbu ko‘rgazmadan so‘ng, “fransuzlar Yevropa tashqarisida ham madaniyat mavjudligiga amin bo‘ldi”, degan fikrda.

“Parijga kelsangiz, ko‘rgazmaga hech bo‘lmasa Yevropa tashqarisida ham madaniyat mavjudligiga amin bo‘lgan fransuzlarning hayratini tomosha qilish uchun bo‘lsa-da tashrif buyuring. Eksponatlar — Dalvarzintepa va Xolchayon yodgorliklaridan topilgan eksponatlar, Varaxshadagi qizil rangli xonadan devoriy surat, Kofirqal’adan o‘ymakor panno, Katta Langar Qur’oni sahifalari, Amir Temur maqbarasidan qo‘sh eshik, Afrosiyobdagi elchilar tasviri tushirilgan devoriy surat haqiqatan ham hayratingizga sabab bo‘ladi.

O‘zim ham rejalashtirilgan shoppingni qoldirib, ertaga Luvrga qaytishimga to‘g‘ri keladi. Agar kelgusi yilning mart oyigacha Parijda bo‘lsangiz, ko‘rgazmani o‘tkazib yubormang”, — deyiladi Telegram-kanal xabarida.

Alyona Doletskaya: “Parijda uzoqroq muddatga qolib, bu go‘zallikdan bahra olsaydim”

Rossiyalik jurnalist Alyona Doletskaya “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida”  ko‘rgazmasini tomosha qilish uchun Parijda uzoqroq muddatga qolish istagini bildirdi.

“O‘tgan yili O‘zbekistonga sayohat qilgan edim, biroq ko‘p narsani ko‘rmaganim uchun albatta u yerga yana borishim kerakligini tushundim. Parijda uzoqroq muddatga qolib, bu go‘zallikdan bahra olsaydim. Agar Nukusdagi Savitskiy muzeyidagi xazina bu yerga olib kelinsa, O‘zbekiston qanday qilib Parijni ‘portlatishinini’ tasavvur ham qila olmayman. Fransuzlar hayratdan yoqa ushlagan bo‘lardi”, — deb yozadi Alyona Doletskaya.

Tina Kandelaki: “O‘zbekiston Luvrni zabt etdi”

Rossiyalik taniqli jurnalist Tina Kandelaki o‘z o‘quvchilaridan ushbu ko‘rgazmani o‘tkazib yubormaslikni so‘ramoqda.

“O‘zbekiston ‘O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida’ hamda ‘Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari’ ko‘rgazmalari vaqtida Luvr va arab dunyosi institutini zabt etdi. Saida Mirziyoyeva kuratorligidagi ko‘rgazmalarga tayyorgarlik so‘nggi uch yil davomida olib borildi. O‘zbek va fransuz olimlari hamkorligida bir necha marta arxeologik ekspeditsiyalar o‘tkazilib, ularda bir qancha noyob eksponatlar topildi. Luvrga tashrif buyuruvchilar ularni ilk marta ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Shuning uchun ko‘rgazmaga tashrif buyurish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang, buning uchun hali sizda vaqt bor. U kelgusi yilgacha davom etadi”, — deb yozadi Tina Kandelaki.

Mavzuga doirVideo: Parijdagi Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi ochilishi