24-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan AQSHda samolyot va pullarni o‘g‘irlab, osmonda izsiz g‘oyib bo‘lgan xavfli yo‘lovchi hamda Leningradda 12 nafar sharqshunos olimning otilishiga oid faktlar o‘rin olgan.

Samolyotni olib qo‘chgan, tovon puli undirib, osmonda g‘oyib bo‘lgan xavfli yo‘lovchi

1971-yil 24-noyabr kuni tushda hech qanday jihati bilan ajralib turmaydigan inson Oregon shtatida joylashgan Portlend aeroportining Northwest Airlines aviakompaniyasi peshtaxtasi oldiga kelgan. U naqd pulga Sietlga uchayotgan 305-raqamli reys uchun Den Kuper nomiga chipta xarid qilgan. O‘sha kuni samolyotning uchdan bir qismi ham to‘lmagandi: olti nafar ekipaj a’zosi va 37 nafar yo‘lovchi. Parvoz yarim soatga yaqin davom etishi kerak edi.

Foto: AP Photo

Bortga ko‘tarilgan Kuper o‘zining 18C — samolyot oxiridagi o‘rnini egallagan. O‘zini juda xotirjam tutgan erkak ish kostyumida, oq ko‘ylak va qora galstukda bo‘lgan, bo‘yining balandligi taxminan 180 santimetr, ko‘rinishidan 45 yoshlar atrofida — oddiy biznesmen. U parvozni kutish davomida o‘ziga ichkilik aytgan va samolyot yerdan ko‘tarilganidan 10 daqiqa o‘tib tamaki chekkan, sal narida o‘tirgan styuardessaga bir parcha qog‘oz uzatgan. Esa bu yolg‘iz tadbirkorning telefon raqami deb o‘ylab, uni o‘qimagan. Biroq u ayolning e’tiborini yana o‘ziga tortgan: “Xonim, sizga bergan qog‘ozimga qarab ko‘rganingiz yaxshi. Menda bomba bor”.

Kuper shokka tushgan styuardessani yonida o‘tirishga majburlagan va keyin sumkasini ochib ko‘rsatgan. Ayol u yerdagi similar va qizil blokni ko‘rib, “biznesmen” hazillashmayotganiga ishonch hosil qilgan. Erkak ushbu styuardessa orqali samolyot kapitaniga o‘z talablarini yetkazgan. Ro‘yxat kichkina: to‘rtta parashyut va 200 ming dollar. Shu bilan birga, u o‘z talablariga aniqlik kiritgan: parashyutlar harbiylarniki emas, balki avtomatik ochilmaydigan oddiy, pullar — belgi qo‘yilmagan 20 dollarli kupyuralar bo‘lishi kerakligini kerak. Shuningdek, aviakompaniya samolyotga qo‘nish vaqtida yonilg‘i quyishi kerak.

Bu vaqtda 200 ming dollar katta summa edi: avtomobillar narxi o‘rtacha 3,5 ming dollarni, benzin galloni (Angliya, AQSHda suyuqlik o‘lchov birligi — 4,54 litrga teng) 36 sentni tashkil etgan. Inflyatsiya hisobga olinsa, bu pul hozirda 1,2 million dollarni tashkil etadi. Biroq Kuperning talabiga rozi bo‘lishgan, ekipajga jinoyatchining barcha buyruqlarini bajarish tavsiya qilingan. Styuardessalarga ko‘ra, erkak samolyot uchib o‘tayotgan hududlarni yaxshi ajrata olgan.

Foto: AP Photo

Kuper o‘zi talab qilgan barcha narsa uni aerodromda kutib turishi kerakligini aytgan, shu bois yo‘lovchilarga “texnik nosozlik sabab” aeroport atrofida biroz vaqt aylanishga to‘g‘ri kelishi tushuntirilgan. Kupyuralar Sietldagi barcha banklardan to‘plangan va Boeing ikki soatdan keyin qo‘nishni amalga oshirgan.

Yerga qo‘ngan samolyot alohida joyga, biroq yaxshi yoritilgan hududdan o‘rin olgan. Ichkaridagi chiroq o‘chirilgan, illyuminatorlardagi pardalar tushirilgan va tekshiruvlardan keyin yo‘lovchilar va ikki nafar styuardessa qo‘yib yuborilgan. Terrorchi qolganlarning bo‘shashiga yo‘l qo‘ymagan: yonilg‘i kechikayotganini aytishganida, u bombani yana bir eslatgan.

Foto: AP Photo

Komandir, ikkinchi uchuvchi, bortmuhandis va styuardessa bilan qolgan Kuper yangi parvoz uchun talablarini bildirgan: u Mexikoga qadar yetib olishni istagan. Biroq buning odatdagi usulda emas, balki noodatiy sharoitda bajarish kerak edi. Ya’ni sekinroq va pastroq — 3 ming metr balandlikda uchish talab qilingan. Shuningdek, u shassini olib tashlash, qanotlarning egiluvchan yuzasini 15 darajada ushlash va kabina bosim ostida bo‘lmasligini so‘ragan. Samolyotning orqa trapi (Boeing-727 da u dum qismi ostida joylashgan) tushirilgan bo‘lishi kerak. Bosqinchining oxirgi talabi rad etilgan: parvoz uchun juda xavfli edi bu. Qolgan talablari bajarilgudek bo‘lsa, yonilg‘i Mexikoga qadar yetmasdi, shu bois Kuper Nevada shtatidagi Rino shahrida yana bir marta yonilg‘i quyishga to‘xtatishga rozi bo‘lgan.

Samolyot kechki soat 20:00 da havoga ko‘tarilgan. Uni ikkita qiruvchi samolyot kuzatgan — ular Boeing ostida uchgani bois salondan turib qiruvchilarni kuzatish imkonsiz edi. Parvozdan keyin Kuper o‘zi bilan qolgan yagona styuardessaga uchuvchilar kabinasiga qamalib olishni, keyin esa mustaqil ravishda orqa trapni tushirishni buyurgan. Bu vaqtga kelib osmon qorong‘ulashgan, yomg‘ir yog‘a boshlagan. 10 daqiqalar davomida hech narsa sodir bo‘lmagan, keyin samolyotning orqa qismi qimirlab ketgan va ekipaj havo kemasini barqarorlashtirishga majbur bo‘lgan. Ikki soatdan keyin bort Rinoga qo‘ngan, biroq uning ichidan Kuper ham, pullar ham topilmagan.

Foto: AP Photo

Zamonaviy dunyoda bundan hodisa bema’nilikdek tuyulishi mumkin: qanday qilib bir inson hujjatlarsiz samolyotga chipta olishi va sumkasida bomba olib o‘tishi mumkin. Biroq 1970-yillar boshida aeroportlar hozirgi avtobus stansiyalaridan keskin farq qilmagan: hamma narsani diqqat bilan kuzatib boradigan transport xavfsizligi xodimlari, portlovchi moddalarni aniqlashga qodir itlar va hatto kirishda skaner ham bo‘lmagan. Sekin-asta qo‘riqlash tizimi kuchaytirilgan, biroq aeroport ichiga istalgan odam kira olgan: masalan, tilamchilar ham. Samolyotning egallab olinish holati esa dunyoning turli mamlakatlarida deyarli har oy sodir bo‘lib turgan.

Shu sababdan ham Den Kuper o‘z rejasini amalga oshira olgan. Aytgancha, jinoyatchi OAVlarning xatoligi sabab tarixga Di Bi Kuper nomi ostida kirgan. Ammo oxir-oqibat ikkala ism ham soxta ekani ma’lum bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, u o‘z ismini kanadalik harbiy uchuvchi haqidagi komiksdan olgan.

Jinoyatchining ismi qanday bo‘lmasin, sodir bo‘lgan voqeadan keyin unga qarshi haqiqiy ov boshlangan. Qidiruv ko‘lami hayratlanarli edi: butun boshli tumanlar ham yerdan, ham havodan tekshirilgan, barcha uy va kvartiralar tintuvdan o‘tkazilgan, FQB agentlari hatto samolyot imitatsiyasini amalga oshirib, jinoyatchi o‘rniga 90 kilogrammli yukni osmondan tashlagan. Kuper qo‘ngan taxminiy hudud Vashington shtatining Mervin ko‘li atrofi edi, biroq u yerdan jinoyatga aloqador hech qanday iz topilmagan.

Foto: AP Photo

Erkak samolyotdan o‘zidan faqatgina ishlatilmagan parashyutlar, galstuk va 66 ta barmoq izini qoldirgan. Biroq ko‘p yillardan keyin ma’lum bo‘lishicha, ularning deyarli barchasi gumonlanuvchi shaxsini aniqlash uchun yaroqli bo‘lmagan. Galstuk qisqichidan olingan DNK namunalari ham birorta gumonlanuvchinikiga mos kelmagan. FQB ushbu namunalar jinoatchiga umuman tegishli ham bo‘lishi mumkin emasligini aytgan: u o‘zganing yoki ishlatilgan galstukdan foydalangani ehtimoli yo‘q emas.

Jinoyatchi tomonidan turli gazetalarga yuborilgan maktublar kalavaning uchini topishga yordam berish kerak edi. Xatlarda Den Kuper — o‘ylab topilgan ism ekani, u tirik qolgani, tizim va “ahmoq hukumat”ni chuv tushira olgani yozilgan.

Sem amaki menga o‘rgatgan bilimlarni sinab ko‘rishim kerak edi va mana men — juda badavlat insonman”, — deyiladi maktublardan birida. Biroq maxsus xodimlar hech narsani aniqlay olmagan. Tayyorlangan fotorobotlarda qora soch va qora ko‘zli erkak tasvirlangan bo‘lsa, ayrimlar uning sochi tabiiy bo‘lmagani va yuzi makiyaj ekanini gapirgan.

Avvaliga maxsus xizmatlar sirli Kuperni parashyutdan sakrash bo‘yicha tarjibaga ega inson yoki desantchi deya hisoblagan. Gumonlanuvchilar ro‘yxati ham shu asosda tuzilgan. “Bir necha yildan keyin bunday emas degan xulosaga keldik. Birorta tajribali parashyutchi yomg‘ir va shamolli tunda, soatiga 320 kilometr tezlikda, mokasina va paltoda sakramagan bo‘lardi. Bu juda katta tavakkalchilik”, — deydi agent Larri Karr.

Natijada FQB jinoyatchi sakrash vaqtida omon qolmagan yoki cho‘kib ketgan degan versiyaga yopisha boshlagan: parashyutni boshqarish imkonsiz edi, kiyim esa qo‘pol qo‘nishga mo‘ljallanmagan, ayniqsa, o‘rmonli hududda. Ushbu nazariya 9 yildan keyin bilvosita tasdiqlangan. 1980-yili bir bolakay Kolumbiya qirg‘og‘ida yarmi chirigan 20 dollarli kupyuralarni topib olgan (jami 5,8 ming dollar). Seriya raqamlari bo‘yicha tergov uni tasdiqlagan: bu Kuper olib ketgan pullardan edi. Qolgan pullar hozirga qadar topilmagan.

Foto: AP Photo

NORJAK (“Northwest Airlines samolyotining o‘g‘irlanishi”) nomini olgan jinoyat ishi 2016-yilga qadar tergov qilingan va oxir-oqibat arxivga topshirilgan. Den Kuper shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan.

Tergovning dastlabki besh yili davomida agentlar yuzlab insonlarni so‘roq qilgan, 800 dan ortiq potensial jinoyatchini o‘rgangan va ularning 20 ga yaqinini alohida gumonlanuvchilar qatoriga qo‘shgan. Lekin birortasiga ayblov e’lon qilishning imkoni yo‘q edi. Keyingi o‘n yillikda gumonlanuvchilar soni ming kishidan oshgan.

FQB gumonlanuvchilari orasida eng ko‘zga tashlangan inson Richard Floyd Makkoy edi — Kuper g‘oyib bo‘lganidan besh oy o‘tgach, u United Airlines kompaniyasining Boeing-727 samolyotini egallab olib, shu tryukni takrorlagan. Farq u qadar katta emasdi: bomba o‘rniga pistolet va granatalar, 200 ming dollar o‘rniga 500 ming dollar, Sielt o‘rniga — San-Fransisko. Ammo Makkoy g‘oyib bo‘lishni uddalay olmagan: u bir necha kundan keyin o‘z uyida hibsga olingan va 45 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoyatchi qamoqdan ham qochishga muvaffaq bo‘lgan, keyin esa politsiya bilan otishmada halok bo‘lgan. Makkoy Kuperning ta’riflariga mos kelmagani bois, bu taxmin ham o‘chirilgan.

Leningraddagi sharqshunoslar qatli

SSSRda ilm-fanning ko‘plab sohalari ideologik nazorat ostida bo‘lgan — genetika va biologiyadan tortib, astronomiya va fizikaga qadar. Repressiyalardan hatto sharqshunoslar ham jabrlangan, ularning aksariyati hibsga olingan va qatl etilgan. Tarixda qolgan mashhur qatllardan biri 1937-yil 24-noyabrda sodir bo‘lgan.

Foto: “TASS”

Sharqshunos olimlarni ta’qib qilish 1930-yillarda boshlangan, birinchi qurbon hindshunos Aleksandr Mervert edi — u Hindiston va Shri-Lankaning borish qiyin bo‘lgan maskanlariga tashrif buyurgan, shuningdek, SSSRda tamil tili o‘qitilishini tashkillashtirgan birinchi olimlardan edi. Qolgan yirik tadqiqotchilar bilan birga u g‘arb razvedkasi bilan hamkorlikda ishlagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bunga uning nasl-nasabi nemislarga borib taqalishi va uzoq vaqt xorijda yashagani sabab bo‘lgan. Mervart 1932-yil lagerda vafot etgan.

1937-yilda ommaviy repressiya boshlangan. O‘nlab sharqshunoslar hibsga olingan, aksariyati qatl etilgan. Kuz ayniqsa, yaponshunoslarga omadsiz kelgan.

Rus tilshunosi Vladimir Alpatov “Sharq tilshunosligining martirologiyasi” asarida 1936-yildagi Leningrad va Moskva yapon olimlarining sharqshunos Nikolay Konradning eslatmalari bilan yozgan jamoaviy xati saqlanib qolganini qayd etgan.

U imzo chekkan va xatda tilga olingan 38 kishining kamida 20 nafari hibsga olingani, qolgan bir necha kishining taqdiri umuman noma’lum kechganiga dalil bo‘la oladi. Ularning aksariyati yapon tili bo‘yicha mutaxassis, yoki o‘qituvchi edi”, — deb yozadi Alpatov.

Foto: “TASS”

Qurbonlar nomi 1997-yilning 24-noyabr kuni Sharqshunoslik instituti ilmiy kengashi yig‘ilishida o‘qib eshittirilgan. Ro‘yxatdan 12 kishi — Boris Vasilyev, Pavel Vorobyov, Dmitriy Jukov, Gilda-Mariya Ilves, Mori Minoro, Nikolay Nevskiy va uning rafiqasi Isoko Mantani-Nevskaya, Vasiliy Puxov, Mixail Tubyanskiy, Ten Xan-lin, I.P.Jvan, Vasiliy Chikirisov o‘rin olgan.

Turbyanskiy SSSRda yangi hind-yevropa tilini o‘qitishni boshlagan, bengalistika asoschisi, tibetshunoslik va mo‘g‘ulshunoslik bo‘yicha qator ishlar muallifi edi. Chikirisov — xitoyshunos va yaponshunos, tarjimon va o‘qituvchi, Xitoy—Sharqiy temiryo‘li ishchisining o‘g‘li bo‘lgani bois, bolaligidan Xitoyda yashagan. 1937-yil oktabrda hibsga olingan va qiynoqlar natijada yapon razvedkasi tomonidan og‘dirib olingani bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Jukov — yaponshunos tarixchi va lingvist. Hibsga olinishidan oldin yapon fashizmi va Yaponiya Oliy hokimiyat organi tuzilmasini o‘rgangan. Ilves esa kirchi va edikdo‘zning qizi bo‘lib, umrining oxirgi yillarida “ishonchni oqlamagani uchun” partiyadan o‘chirilgan. Biroz vaqt kattalarga nemis tilidan dars berib kelgan. 1937-yilning yozida “aksilinqilobiy faoliyati va xorij davlatlari foydasiga josuslik qilgani uchun” qo‘lga olingan.

Foto: “TASS”

Vorobyov sharqshunoslik va muziqashunoslik bilan shug‘ullangan, SSSR Xalqlar etnografiyasi muzeyi direktori lavozimida ishlagan. 1936-yilda Mo‘g‘uliston hukumati huzuridagi Ilmiy qo‘mita maslahatchisi lavozimini egallagan. 1937-yilda u SSSRga Ulan-Batorda universitet ochish bahonasida chaqirib olingan. “Yapon razvedkasi josusi” sifatida hibsga olingan.

1937-yil 3-oktabr kuni soat tungi 00:00 larda eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Vasiliy Mixaylovich hamda Nikolay Alekseyevich rafiqasi bilan eshikni ochgani chiqdi. Bu Konrad bo‘lishi mumkin edi (u yuqori qavatda yashardi) yo‘q, Nevskiyning oldiga kelgan NKVD xodimlari bo‘lib chiqdi. Uzoq vaqt tintuv ishlari amalga oshirildi, hamma narsaning tit-pitini chiqarib tashlashdi. Uning oxirgi gaplaridagi ovozini hech unuta olmayman: ‘Alvido, qadrdonim!’”, — deya eslaydi Alekseyevning rafiqasi.

Foto: “TASS”

1937—1938-yillar davomida Leningraddagi sharqshunoslar yashaydigan Bloxin ko‘chasidagi uydan 17 kishi ushlangan. Ular orasida nafaqat sharqshunoslar, balki kutubxonachilar, chilangarlar, pensionerlar va uy bekalari ham bor edi.

Sharqshunoslar otib tashlanganidan keyin ham hibsga olishlar davom etgan. Oxirgilardan bo‘lib qo‘lga olinganlar orasida yaponshunos va xitoyshunos Nikolay Konrad, uning do‘sti hamda qo‘shnisi Nevskiy bor edi. 1938-yil bahoridan keyin repressiyalar to‘lqini sekin-asta yo‘qolgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.