Peru poytaxti Limada Xorxe Chaves nomidagi aeroportda yo‘lovchi samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagida o‘t o‘chirish mashinasi bilan to‘qnashib, so‘ng yonib ketdi. Mashinada bo‘lgan ikki o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi. Bu haqda Lima Airport Partners kompaniyasi xabar berdi.

Bayonotda qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirilib, voqea yuzasidan tekshiruvlar olib borilayotgani aytiladi.

Hodisa munosabati bilan aeroport 19-noyabr 13:00 ga qadar (Toshkent vaqti bilan 23:00) o‘z faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi. U yerga qo‘nishi kerak bo‘lgan reyslar boshqa aeroportlarga yo‘naltiriladi.

Aviatsiya yong‘in xavfsizligi xizmati avtomobili bilan LATAM Airlines Peru aviakompaniyasining LA2213 reysi to‘qnashib ketgan, u Lima — Xuliaka yo‘nalishida parvoz qilishi kerak edi.

Aviakompaniya yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari orasida jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qildi. Samolyot mashina bilan to‘qnashib ketganidan keyin orqa qismi yonib turgan holatda yana biroz vaqt harakatlanishda davom etgan. Keyinroq yong‘in o‘chirilgan.

Aeroport joylashgan Kalyao muxtor hududi prokuraturasi voqea yuzasidan tekshiruv boshladi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hodisada yana bir kishi jabrlangan.