19-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Isroilga birinchi marta tashrif buyurgan arab davlati yetakchisi Anvar Sadat, MBA tarixidagi eng yirik janjal hamda Oyga qo‘ngan “Apollon-12”ga oid faktlar o‘rin olgan.

Isroilga birinchi marta tashrif buyurgan Anvar Sadat

1977-yil 19-noyabr kuni soat 20:06 da Ben-Gurion aeroportiga Qohiradan uchgan samolyot kelib qo‘ngan. Bu vaqtda uchish yo‘lagida Isroilning yuqori rahbariyati to‘plangan, faxriy qorovul saf tortgan edi. Shunday qilib Misr prezidenti Anvar Sadatning Isroilga tashrifi boshlangan.

Foto: Washington Post

Bu mutlaqo misli ko‘rilmagan voqea edi. Anvar Sadat yahudiylar davlatiga kelishga qaror qilgan birinchi arab yetakchisi edi. Misr va Isroil o‘rtasidagi o‘n yillik qon to‘kilishlardan keyin ular tinchlik haqida gaplashishga qaror qilgan.

Masihlik vaqti yetdi”, — deya shivirlardi Ben-Gurion aeroportining keksa xodimi. “Bundan voqealar hayotda bir marta sodir bo‘ladi. U haqida bolalarimiz va nabiralarimizga so‘zlab beramiz”, — deya yozgandi “Davar” gazetasi muxbiri Naxum Barnea. Nafaqat Isroil va Misrda, balki butun dunyodagi millionlab odamlar televizor ekranlariga mixlanib, tarixiy voqeani kuzatardi. Anvar Sadatning tashrifini yoritish uchun Isroilga 3 mingga yaqin jurnalist tashrif buyurgan.

Uchrashuv marosimi yarim soatga yaqin davom etgan. “Bu Yaqin Sharqqa xos marosim edi”, — deb yozadi Barnea. Bu vaqt ichida Sadat mezbonlar bilan 150 martadan ortiq qo‘l berib so‘rashgan. Knesset (Isroil qonunchilik organi) mehmonni arab tilida qutlagan.

Misr prezidentini kutib olishga chiqqanlar qatorida Isroil sobiq bosh vaziri Golda Meir ham bor edi. “Siz bilan uchrashuvni uzoq kutdim”, — deya tan olgan Sadat unga. “Nima uchun ertaroq kelmadingiz?”, — so‘ragan Golda. “Buning vaqti endi keldi”, — javob qaytargan Misr prezidenti. U yana bir necha o‘n kishi bilan qo‘l berib so‘rashishi lozim edi.

Foto: Washington Post

Siyosatchilar, harbiylar, jurnalistlar qurshovida qolgan Sadat aeroportda Ariel Sharon — “Oxirzamon urushi”da Misr mudofaasini yorib o‘tgan afsonaviy general — ham bormi, deya so‘ragan. Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan Sharon rostdan ham mezbonlar qatorida bor edi. “Biz sizni frontning narigi chizig‘ida ushlashga rosa urindik”, — degan Sadat unga qo‘l uzatib. Sharon unga javoban faqat kulib qo‘ygan. Tashqi ishlar vaziri Moshe Dayanni Sadatning o‘zi tanib qolgan.

Jurnalistlarning uchish maydoniga kiritilishi bilan bog‘liq Isroil va Misr xavfsizlik xizmatlari o‘rtasidagi mojaro ham bayram marosimi kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatmagan. Yuzaga kelgan keskinlikni tezda bartaraf etishga muvaffaq bo‘lingan.

Ertasi kuni Anvar Sadar Quddusdagi “Al-Aqso” masjidiga, keyin esa bosh vazir Menaxem Begin hamrohligida “Yad va-Shem” memorial majmuasiga borgan. Shu kuni kechqurun Sadat Knesset yig‘ilishiga ishtirok etib, parlament tribunasidan Isroil va arab davlatlari o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga chaqirgan mashhur nutqini so‘zlagan. Sadat Olti kunlik urush davomida egallangan barcha davlatlar hududidan Isroil qo‘shinlarining olib chiqib ketilishini talab qilgan va mustaqil Falastin davlatini tuzish zarurati haqida gapirgan.

Biroq Sadat o‘z chiqishida Falastin ozodlik tashkilotini tilga olmagan va bu Isroil tomonidan ijobiy qabul qilingan. Bunga javoban Menaxem Begin Suriya va Iordaniya yetakchilari — Hofiz Asad va podshoh Husaynni Misr prezidentidan o‘rnak olib, Isroil bilan tinchlik muzokaralarini olib borishga chaqirgan. Muxolifat yetakchisi Shimol Peres Yaqin Sharqda tinchlikni o‘rnatishga yaqin kelajakda erishish mumkinligiga ishonch bildirgan.

Sadatning Isroilga tashrifi Misrda ham eyforiyani yuzaga keltirgan. Qohiraning 100 minglab aholisi Quddus safaridan qaytgan prezidentini mamnuniyat bilan kutib qolgan. AQSH va G‘arbning boshqa davlatlari Sadatning Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri dialog o‘rnatish qarorini olqishlagan.

Foto: Washington Post

Arab davlatlari va Sovet Ittifoqi Sadatning Quddusga tashrifiga aksincha salbiy tus bergan. Suriyada milliy motam e’lon qilingan, Falastin ozodlik tashkiloti Misr prezidentining mazkur harakatini xoinlik deb atagan, Liviya Misrdagi barcha fuqarolaridan zudlik bilan vatanga qaytishni talab qilgan. Anvar Sadatning Isroilga tashrifini Saudiya Arabistoni ham qoralagan. Tehronda namoyishchilar “El-Al” aviakompaniyasi vakolatxonasining oynalari sindirib tashlagan.

Sovet Ittifoqi Misr rahbariyatining “alohida bitimlar va taslim bo‘lish siyosatini” keskin qoralagan. Moskva Suriya, Liviya, Yaman, Jazoir va Falastin ozodlik tashkiloti kirgan “qarshilik fronti”ni qo‘llab-quvvatlagan. Umuman olganda Sadatning Quddusga tashrifi SSSR uchun kutilmagan voqea emasdi.

Sadat o‘z siyosatining yo‘nalishini “Oxirzamon urushi”dan oldin belgilab olgandi. 1972-yil iyulda Anvar Sadat sovet harbiy maslahatchilari va mutaxassislari xizmatidan foydalanishni rad etgan. SSSR va Misr o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillar davomida faqat yomonlashgan. 1976-yilda Sadat SSSR va Misr o‘rtasidagi do‘stlik to‘g‘risidagi bitimni bekor qilish bo‘yicha taklifni parlamentga kiritgan. Prezidentning taklifi mutlaq ustunlik bilan qabul qilingan. Deputatlar ushbu tashabbusni olqishlar bilan kutib olgan. Misrliklar Sovet Ittifoqiga Iskandariyadagi barcha xodimlari va mulklarini olib ketish uchun bir oy muddat bergan. Moskva qanchalik istamasin, mazkur talabni bajargan.

Foto: Washington Post

Anvar Sadatning Isroilga birinchi tashrifi uch kun davom etgan. Shundan keyin u yana ikki marta yahudiylar davlatiga borgan. 1979-yil martda u Beershebaga, to‘rt oydan keyin Hayfa shahriga kelgan. Bu vaqtda esa Vashingtonda Isroil—Misr tinchlik bitimi imzolangan va Isroil Sinay yarimorolidan chekinishga tayyorlangan. Isroil qo‘shinlari Sinaydan 1982-yilda olib chiqilgan, ammo bu vaqtga kelib Anvar Sadat vafot etgandi. 1981-yil 6-oktabr kuni islom fundamentalistlari Al-Gama’a al-Islomiyya va Misr Islomiy jihodining terroristik guruhlari birlashib, Isroil bilan yaqinlashgani uchun qasos olish uchun Misr prezidenti Anvar Sadatga suiqasd uyushtirishgan.

Basketbol musobaqalari tarixidagi eng katta janjal

2004-yil 19-noyabr kuni Detroytdagi “Pelas of Obern-Xills” arenasida Milliy basketbol assotsiatsiyasi (MBA) tarixidagi eng dahshatli janjal sodir bo‘lgan va u tarixga Malice at the Palace nomi ostida kirgandi.

Foto: Pistons

Chempionatning odatdagi kuni edi. “Pistons” jamoasi o‘z maydonida “Indiana”ni qabul qilgan. Barchasi mezbonlar mag‘lubiyati tomon eltayotgandi — “Peysers” birinchi bo‘limdayoq oldinga o‘tib ketgan va tanaffusdan keyin katta farq bilan oldinda edi. G‘oliblik deyarli naqd edi, ammo final sirenasiga 45 soniya qolganida maydonchada janjal yuzaga kelgan.

“Indiana” o‘yinchisi Ron Artest (o‘sha yili MBAning eng yaxshi himoyachisi deb topilgan) savatga to‘pni tushirmoqchi bo‘lgan Ben Uollesga qo‘pol xalaqit beradi.

Uolles to‘pni uch soniyali zonada qo‘lga kiritganida Stiven Jekson uni himoyalayotgandi. Hisobning qanday bo‘lishining menga qizig‘i yo‘q edi. Men shunchaki unga xalaqit bermoqchi edim. Biz butun o‘yin davomida kurashdik va men uning osongina ochko ishlashiga yo‘l qo‘ya olmasdim. Men hech qachon oson ochko to‘plashlariga qo‘ymayman. To‘pning ortidan ergashib, unga xalaqit berdim xolos. Jarohat yetkazish niyatim yo‘q edi”, — deb yozadi Ron o‘zining avtobiografiyasida.

Ushbu holatdan keyin Uolles hissiyotlari va g‘azabini boshqara olmay Artestni ikki qo‘li bilan itarib yuboradi. U esa ikki metrga uchib ketadi, ammo Ben janjalni davom ettirish niyatida Ben qo‘llarini musht qilgan holda unga tashlanadi. Mojaroga ikkala jamoa ishtirokchilari ham qo‘shiladi. Uollesni tinchlantirishga urinishayotgan bir vaqtda janjal aybdori kulganicha hakam stoliga yotib oladi va hatto referilardan birining naushnigini taqib ko‘radi, u o‘zini sodir bo‘layotgan voqeaga umuman qiziqmayotgandek qilib ko‘rsatgan. Uolles esa o‘zini bosa olmagan — baqirgan, raqib oldiga yetib borishga uringan va hatto boshidagi bog‘ichni ham unga otgan. Artestning asabini buzib bo‘lmaydigandek ko‘rinardi, biroq tribunadagilar yordamga yetib kelgan.

Foto: Pistons

Tomoshabinlardan biri Ronga ichida ichimlik bor stakanni uloqtirgan. Uolles bilan urishish niyati bo‘lmasa-da, u muxlislarning bu qilig‘iga chiday olmagan.

Hech qachon bunaqa vaziyatga duch kelmaganman. Maydonchada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha narsaga tayyor edim, lekin yuzimga stakan uchib kelgach, bu basketbolga aloqadorligini yakunladi”, — deya eslaydi Artest.

U to‘g‘ri tribunaga otilib, muxlisni yiqitgan. Keyinroq aniqlanishicha, Artest boshqa odamga tashlangan — stakanni jabrlanuvchining sherigi otgan. Ammo janjal vaqtida boshqa bir ishqiboz Ronning yuziga ichimlik sepib yuborgan. Uning jamoadoshi Stiven Jekson unga javob qaytargan — mushti bilan qulog‘iga urgan. Shundan keyin tribunada haqiqiy olishuv yuzaga kelgan.

Janjalga boshqa muxlislar va “Pistons” o‘yinchilari ham qo‘shilgan. Artestga hujumlar davom etgan: kimdir unga musht tushirsa, boshqalar stakan uloqtirgan. O‘yinchi tribunadan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lganida, uni parketda “Detroyt”ning ikki fanati kutib olgan. Ularning haqoratini eshitib qolgan Ron maydondagilarning birini urgan.

Arenada haqiqiy tartibsizlik yuz berardi. Artestni ikki kishilashib tribuna ostidagi xonaga olib ketishga urinishayotganida popkorn, stakan va boshqa chiqindilar uchib kelgan. Jermeyn O’Nilning omadi chopmagan: u tunnel oldida kim bilandir tortishib qolganida kimdir stul uloqtirib yuborgan. O‘yinchilardan hech kimga jiddiy jarohat yetmagan, ammo basketbol ishqibozlari orasida jabrlanganlar bor edi. To‘qqiz nafari turli tan jarohatlarini olgan, ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Pistons

Uchrashuv yakunlanishiga 45,9 soniya qolganida to‘xtatilgan, “Peysers” jamoasi g‘olib deb e’lon qilingan. O‘yin tugashi bilan “Indiana”ning kiyinish xonasiga politsiya kelib, ayblanuvchilarni qo‘lga olishga uringan. Biroq Artestni zudlik bilan jamoa avtobusiga o‘tkazishib, uni chiqarishdan bosh tortishgan. Natijada huquq-tartibot organlari xodimlari hibsga olish bilan shoshmaslikka qaror qilib, jamoaning stadionni janjalsiz tark etishiga ko‘maklashgan.

Tez orada MBA ham o‘z munosabatini bildirgan. Artest, Uolles, O’Nil va Jekson vaziyatga oydinlik kiritilgunga qadar noma’lum muddatga chetlatilgan. Keyingi kuni esa ikkala jamoaning to‘qqiz o‘yinchisi jami 146 ta o‘yinni (“Peysers” — 137 ta, “Pistons” — 9 ta) o‘tkazib yuborishi e’lon qilingan. Eng uzoq muddatli diskvalifikatsiya Artestga berilgan — u 2004/2005-yil mavsumlari oxiriga qadar maydonga tushishga chetlatilgan. Artest 86 ta o‘yinda qatnashmagan va bu MBA tarixidagi eng uzoq muddatli chetlatilish hisoblanadi. Ron o‘z maoshining 5 million dollaridan ayrilgan.

Foto: Pistons

Artest, Jekson, O’Nil, Devid Xarrison va Entoni Jonson janjalni uyushtirganlikda ayblangan. 2005-yilda uzoq muddatli sud jarayonlaridan keyin ularga bir yil shartli qamoq jazosi, 60 soat jamoat ishlari, 250 dollar jarima va psixologik konsultatsiya tayinlangan.

Janjalda qatnashgan muxlislar ham e’tibordan chetda qolmagan. Ularning barchasiga “Pistons” o‘yinlariga tashrif buyurish taqiqlangan. Artestga stakan otgan Jon Grin tergov davomida mojaroga aybdor deb topilgan. U muqaddam soxta pullar chiqargani, qurol olib yurgani, mushtlashgani va mast holatda avtomobil boshqargani uchun qo‘lga olinib, o‘sha vaqtda sinov muddatida bo‘lgan. 2006-yilda u Artestga hujum qilgani uchun 1 oy qamalgan va 2 yil shartli qamoq jazosiga mahkum etilgan. O’Nilga stul otgan Brayant Jekson esa 6 ming dollar jarima to‘lagan.

“U yumshoq va mayin”: Oyga qo‘nish bo‘yicha ikkinchi missiya qanday o‘tgandi?

1969-yil 19-noyabr kuni Amerikaning ikkinchi missiyasi Oyga qo‘ngandi. “Appolon-11” missiyasi Oyga birinchi qo‘ngan kema bo‘lgani bois uning ishtirokchilari ko‘proq mashhurlikka erishgan. “Appolon-13” uchinchi missiyasi esa kema bortidagi texnik muammolar sabab umuman fojiali yakunlashi mumkin edi.

Foto: NASA

“Apollon-12”ning missiyasi qator dramatik vaziyatlarga boy bo‘lgani bilan tarixga muhrlangan. Agarda “Apollon-11” missiyasi qandaydir sabab bilan omadsizlikka uchraganida, mazkur missiya Oyni zabt etgan birinchi kemaga aylanishi kerak edi. Biroq hammasi reja bo‘yicha ketgan va Oyga ikkinchi ekspeditsiyaning starti 14-noyabr kuni amalga oshirilgan. Missiya komandiri Charlz Konrad (3-uchuvchi); dala moduli uchuvchisi Richard Gordon, Oy moduli uchuvchisi esa Alan Bil. Parvoz starti omadsiz yakunlanishi mumkin edi — chunki u momaqaldiroq vaqtiga to‘g‘ri kelib qolgan.

Alan Bin o‘zining ziyrakligini dastlabki daqiqalardanoq namoyish etgan, parvozning 37-soniyasida yashin “Saturn-5” raketasini teshib o‘tib, ko‘plab datchiklar ishida nosozliklar keltirib chiqargan, natijada Yerga ko‘plab tushunarsiz telemetriyalar kela boshlagan. Bu Amerika Parvozlarni boshqarish markazi tarixidagi eng dramatik voqeaga aylangan — g‘alati signallarni qabul qilib olgan operator Jon Aaron SCE bloki ta’minotdan uzilganida shunday bo‘lishini eslagan.

Aaron parvoz boshlig‘i Jerri Grifinga blokni zaxira quvvatiga o‘tkazishni buyurgan. U buyruqni tushunmagan, biroq ekipajga harflab yetkazgan: “Tru SCE to Aux”. Ekipaj komandiri Charlz Konrad ham hech narsani tushuna olmagan, biroq Binning tasavvuri ish bergan. U zudlik bilan kerakli tugmalarni topgan va Yerga to‘g‘ri ma’lumotlar uzatila boshlangan — missiya davom etgan.

Ekspeditsiya “Apollon-11” qo‘ngan joydan 1,5 ming kilometr naridagi Bo‘ronlar okeaniga qo‘nishni amalga oshirishi, Oyga ilmiy uskunalarni o‘rnatishi, geologik namunalarni to‘plashi, orbita yuzasidan kelajakdagi qo‘nishlar uchun suratga olish ishlarini bajarishi kerak edi.

Foto: Pinterest

Shuningdek, astronavtlar zimmasiga ekzotik vazifa yuklangan — ikki yil oldin Oyga qo‘ngan “Serveyer-3” kosmik apparatining joyini topishi lozim bo‘lgan. “Apollon-12” missiyasining qo‘nish joyi ham shu maqsadda tanlangan. Oy yuzasiga birinchi marta qadam tashlagan Konradning gaplari tarixga kirgan: “Nil uchun u kichkina bo‘lishi mumkin, ammo menga u katta. U yumshoq va mayin”.

Keyinroq aniqlanishicha, Konrad Yerdaligida italiyalik jurnalist bilan shu jumlani aytishga garov bog‘lagan. Muxbir ayol NASA barcha astronavtlarni faqat ma’lum gaplarni ishlatishga o‘rgatadi deb hisoblagan.

“Apollon-12” missiyasi Oyga oldindan tanlangan hududga qo‘nish mumkinligini isbotlagan birinchi kema edi — u belgilangan nuqtadan 200 metrga og‘gan xolos. Bu NASA mutaxassislari faqatgina kemaning xavfsizligidan kelib chiqib, o‘zlari uchun kerakli hududni tanlay olishini bildirgan.

“Apollon-12” missiyasi bortidan rangli televizion kamera ham o‘rin olgan. U ekipajga parvoz boshlanishidan uch kun oldin topshirilgan va Konrad Oyga qo‘nishni tasvirga olishga muvaffaq bo‘lgandi. Ammo astronavtlar Oy yuzasiga qo‘ngach, omadsizlik sodir bo‘lgan — Alan Bil tasodifan obyektivni Oyga yo‘naltirib yuborgan, buning oqibatida elektron-nur trubkasi ishdan chiqqan. Bu achinarli voqea edi, chunki yerdagilar Oydan rangli reportajni ko‘rish imkoniyatidan mahrum bo‘lgandi.

Foto: Flickr

Astronavtlar kemadan ikkinchi bor chiqqanida qarama-qarshi krater chetiga yetib borib, “Serveyer-3” apparatini topgan. Ular zondni suratga olgan va undan bir necha kilogrammli ilmiy qurilmalarni, jumladan, telekamerani yechib olgan — u Yerda Oy sharoitining metallarga ta’sirini o‘rganish uchun kerak edi. Bu astronavtlar Yerdan oldinroq uchirilgan apparatni topishga muvaffaq bo‘lgan birinchi voqea edi.

Tahlillar 1000 sutka davomida Oyda bo‘lgan apparatning metall konstruksiyasi mikrometeoritlar ta’siriga kam uchraganini ko‘rsatgan. Astronavtlar buzilgan kamerani Yerga qaytarishga qaror qilgan, ammo buning uchun ular Oyda to‘plangan 6 kilogramm namunalarini tashlab ketishga majbur edi.

Foto: Pinterest

Oy yuzasida 32 soat bo‘lgan astronavtlar 32 kilogramm namuna to‘plagan, ularning 45 tasi alohida tosh ko‘rinishida. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ushbu jismlar o‘rtacha 500 million yoshda.

Butun ekspeditsiya 10 kun davom etgan va Yerga muvaffaqiyatli qaytish bilan yakunlangan. Oy yuzasiga oyoq qo‘ygan tarixdagi uchinchi inson — Konrad 1999-yili mototsiklda halokatga uchragan, Gordon 2017-yilda, Bin esa 2018-yilda vafot etgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.