Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi harbiy qismlarning birida xizmat qilayotgan askar yigit Kamoliddin Qodirovning o‘limi nafaqat marhumning yaqinlarida, jamoatchilikda ham ko‘plab savollar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan marhumning yaqini Anvar Shukurovning aytishicha, jasadda tig‘ izlari bor.

Anvar Shukurov. Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

To‘rt-besh kun avval kasal bo‘lib qoldi degan gap chiqyapti. Shundan so‘ng Toshkentga olib kelib, faqat onasi va tog‘asiga xabar berishgan. Men marhumning amakisiman, hatto ukam — marhumning otasiga ham bu haqda xabar berishmagan. Farg‘onadaligimda jiyanimning onasi telefon qilib, tez keling, jiyangingizni berib qo‘ydik dedi, — deydi marhumning amakisi Anvar Shukurov.

Marhum askar. Foto: Marhumning shaxsiy arxividan

Anvar Shukurovning aytishicha, u voqeadan xabar topgach, Farg‘onadan Toshkentga yetib kelgan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Men avvaliga Farg‘onadan Toshkentga qarab yo‘lga chiqdim. Kelinimizga telefon qilishni boshladim. Javob bermadi. Bu yoqdan ukam, ya’ni marhum bolaning otasi va dadam telefon qilgan. Keyinroq gaplashib, qaytayapmiz deyishdi. Keyin men ham Qarshiga qarab yo‘l oldim. Kelsam, jiyanimni olib kelishgan ekan. Men murdani ko‘zdan kechiramiz dedim. Kelinim va jiyanimning tog‘asi harbiylarga qo‘shilib, bunga qarshi chiqdi, — deydi marhumning yaqini.

Suhbatdoshning aytishicha, bolaning onasi va tog‘asi bor voqeadan xabardor. Ammo ularga qarshi chiqib, murdaning jasadi ko‘zdan kechirilishiga qarshi chiqqan.

Foto: Marhumning shaxsiy arxividan

Gumon iymondan ayiradi, Alloh kechirsin-u, kelinimiz va jiyanimning tog‘asi bor voqeadan xabardor. Ular harbiylarga qo‘shilib, jasadni ko‘zdan kechirishimizga qarshi chiqdi. Shunga qaramasdan ertalab jiyanimning murdasini ko‘zdan kechirdik. Ko‘rsam, 4-5 ta joyida tig‘ izlari bor. Bizning taxminimiz bo‘yicha jiyanim pichoqlangan, — deydi marhumning amakisi.

Foto: Marhumning shaxsiy arxividan

Anvar Shukurov Mudofaa vazirligining marhum yurak kasalligidan vafot etgani haqidagi axborotini inkor etmoqda.

Jiyanimning yuragida hech qanday nuqsoni bo‘lmagan. Agar shunday bo‘lganda u hech qachon xizmatga olinmas edi. Bilasiz, xizmatga ketuvchilar obdon tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Jiyanim ham xuddi shunday tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Sog‘lig‘ida muammosi yo‘q yigit edi, — deydi u.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashganlarning aytishicha, ular marhum o‘limidan oldin xizmatdoshlariga telefonini oldirib qo‘ygani va shu bois ular bilan qarama-qarshilikka kelganini eshitgan.

Xizmatdagi yigitlarning ichida bir gap bor. Buni tekshirib, yakuniga yetish kerak, — deydi marhumning qarindoshi.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Marhum yaqinlarining qo‘shimcha qilishicha, murdada tig‘ izi borligini tibbiyot xodimlari ham tasdiqlagan.

Jasadda tig‘ izi bor. Buni tez tibbiy yordam xodimlari ham tasdiqlashdi. Ularni chaqirgandim, sal kech kelishdi. Ular kelgan paytda jiyanimni yuvib, o‘rab, qabrga olib ketmoqchi bo‘lib turgandik. Shuning uchun murdani ochmadik. Ammo shu videoni ko‘rsatganimda tez yordam shifokori ham bu tig‘ izi ekanini tasdiqladi, — deydi Anvar aka.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Marhumning otasi ham o‘g‘lining o‘limi bilan bog‘liq holat xotini va qaynog‘asi tomonidan yashirilayotgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Harbiylar murdani yuvganmiz, ochmanglar deyishdi. Xotinim va o‘g‘limning tog‘asi ham murdani ochmaylik deb turib oldi. Lekin biz qayta yuvmasak bo‘lmaydi deb, murdani ochdik va badanini ko‘rib, tig‘ izlari borligini bildik, — deydi marhumning otasi.