Yakunlangan hafta o‘zbekistonlik hokimlar, vazirlar bilan bog‘liq shov-shuvlarga boy hafta bo‘ldi. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev fuqarolar uchun navbatdagi sayyor qabulida hokimlar qabuliga kirib, baqir-chaqir qilayotgan, shuningdek bir muammo yuzasidan bir necha marotaba hokim qabulida bo‘lib, noqonuniy talab qo‘yayotgan, talabi rad etilgach, hokimlar ishlamayapti deya bong uruvchilarga murojaat qildi. Hamda hokimlar yomon, hokimlar ishlamayapti deguvchilarning farzandi ham hokim bo‘lishini, o‘shanda uning onasi yoki otasi hokimlarga qiyin ekanini his qilishini tiladi.

Men qo‘limdan keladigan ishni qilaman, deyman. Qo‘limdan kelmasa, shu zahoti rad qilaman. Shu sabab bir masala yuzasidan mening yonimga ellik marotaba kelish shartmas. Bir muammoni qaytaryapsiz, biz yo‘q deb rad qilyapmiz, yana shu muammoni aytib, barchaning vaqtini olmang. Hamma narsaning ham qonuniy yechimi bor. Hech kim o‘zini artistlikka solmasin, — deydi Zoir Mirzayev.

Zoir Mirzayev. Foto: Nozim Abdulla

Shuningdek, Zoir Mirzayev hokimlar yomon, ular hech qanday ish qilmayapti, deguvchilar ham borligini eslatib, ularning farzandlari hokim bo‘lishini tilagan.

Foto: Nozim Abdulla

Hokimlarni yomon deyishadi. To‘g‘ri, balki yomondirmiz. Shuning uchun ham ertalabdan kechgacha yelib-yuguryapmiz. Qo‘limizdan kelgancha harakatdamiz. Hokimlar yomon deguvchilarning farzandlari ham hokim bo‘lsin, ertaga ishdan toliqib, ikki kishiga yordam berolmay, uyga kelganda uning yuziga qarab, hokimlar ishi qanchalik mashaqqatli ekanini his qiling, — deydi Toshkent viloyati hokimi.

Foto: Nozim Abdulla

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Qoraqalpog‘istonga tashrifi paytidagi kechki ovqati respublika budjeti uchun salkam 88 million so‘mga tushgan.

Foto: Aqmangit News

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Manuchehr Mirzayevning “Daryo”ga bildirishicha, Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiya vakillarining Nukus tumaniga safari davomida viloyat tomonidan 250 ga yaqin jamoatchilik vakillari ishtirok etgan. Mazkur sanadagi tadbirlar doirasida Nukus tumanining 12 ta hududi (10 ta mahalla, istirohat bog‘i va Samarqand osh markazi)da samarqandliklar tomonidan osh damlanib, tushlik tashkil etilgan.

Foto: Aqmangit News

Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi axborot xizmati esa mazkur maqolaga raddiya bildirib, 87 million 907 ming so‘m pulning barchasi ovqat uchun sarflanmaganini bildirdi.

Qarorda ko‘rsatilgan xarajatlarning barchasi ovqatlanish uchun sarflanmagan va bunda ovqatlanishda na Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, na Vazirlar kengashining raisi Q.Sariyev qatnashgan. Ya’ni, qarorda umumiy qilib keltirib o‘tilgan, negizida ovqatlanishi uchun 42 million 570 ming so‘m, sahna bezaklari uchun 19 million 337 ming so‘m, led ekranlari uchun 12 million, transport vositalari uchun 14 million so‘m xarajatlari ishlatilgan, — deyiladi Vazirlar kengashi axborot xizmati xabarida.

Foto: Aqmangit News

Vazirlar kengashi axborot xizmati, shuningdek, maqolani chiqarishdan avval chuqur o‘rganishni, Samarqand va Qaroqalpog‘iston xalqlari o‘rtasida xafagarchilik hissini uyg‘otishi kuzatilayotganini ta’kidlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat vazirligi tomonidan 15 milliard 514 million 900 ming so‘mga 2 ta maxsus avtomobil xarid qilingani xabar berildi.

Ozodbek Nazarbekov. Foto: “Daryo”

Mazkur xabar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Boisi avvalroq moliya vaziri Timur Ishmetov Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda xarajatlarni kamaytiraylik degandi.

Vazirlik axborot xizmati rahbari Orifjon Fayziyevning “Daryo”ga ma’lumot berishicha, mazkur xarid prezident qaroridan kelib chiqqan holda amalga oshirilgan.

Aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi 2022-yil 2-fevraldagi qaroriga asosan 2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida 2022-yil 1-iyunga qadar “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish vazifasi belgilangan.

Mazkur qarordan kelib chiqqan holda xarid qilinadigan “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus avtotransport (transformer) vositasining texnik parametrlari mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqildi. Bunday zamonaviy avtotransport vositasini tayyorlash imkoniyati bo‘yicha xorijiy davlatlar o‘rganildi va eng ma’quli sifatida Xitoy davlati tanlanib, vazirlik tomonidan OMDM va Huayuan kompaniyasi bilan muzokara olib borildi. Muzokara xulosasiga ko‘ra, OMDM kompaniyasi tomonidan 873 ming dollar, Olmaota shahridagi Kazakhstan musical technologies filiali tomonidan 900 026 dollar taklifi (bitta maxsus avtotransport vositasi xaridi uchun) bildirilgan.

Foto: “Daryo”

Biroq xorijiy kompaniyalar pandemiya sababli maxsus avtotransport vositasi yil yakuniga qadar yetkazib berilishini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng, Madaniyat vazirligi ishlab chiqilgan texnik parametrlar asosida maxsus avtotransport (transformer) vositasini tayyorlash imkoniyati mavjud bo‘lgan (aniq muddati va boshqa ma’lumotlar) mahalliy korxonalar bilan muloqot olib borish hamda tegishli xulosa olish maqsadida “O‘zavtosanoat” AJ, UzAvto Trailer MCHJ va JV MAN Auto-Uzbekistan MCHJ qo‘shma korxonasiga murojaat etdi.

JV MAN Auto-Uzbekistan MCHJ qo‘shma korxonasi tavsiyasi asosida STEYA Overseas projects tomonidan 1 390 000 yevro, Turin politexnika universiteti (O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021-yil 1—2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifida bergan topshirig‘iga asosan, Surxondaryo viloyati uchun tajriba sifatida kichik hajmdagi, musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus transport vositasini ilk marotaba ishlab chiqargan) tomonidan 9 580 050 000 so‘m hisobiga maxsus avtotransport vositasini tayyorlash, qolgan korxonalar va Uz Truck and Bus Motors MCHJ tomonidan esa 1 394 950 000 so‘mga transportning faqat bosh qismi bilan ta’minlash imkoniyati ma’lum qilingan, — deyiladi vazirlik izohida.

O‘zbekistondagi metan zapravkalarda o‘rnatilgan cheklov sabab respublikaning ko‘plab hududida turnaqator navbatlar, yuk avtomobillari bilan bog‘liq holatlarda esa muammolar yuzaga kelmoqda.

“Daryo” muxbirlari hududlardagi metan zapravkalarda bo‘lib, yuzaga kelgan holatni o‘rgandi.