O‘zbekistonda ovlash taqiqlangan tasqara otib o‘ldirilgani haqida xabar berilgandi. Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Foto: Telegram

Dastlabki o‘rganishlarda fotosuratdagi fuqarolarning shaxsi va manzili aniqlandi. Unga ko‘ra, Andijon viloyati Xonobod shahri “Fozilmon” va “A.Navoiy” mahallasida yashovchi A.S. va R.F. 2018-yilda Xonobod shahrining “Xidisha” mahalla joylashgan “G‘alabaning ellik yilligi” fermer xo‘jaligi hududida tasqara qushini jonsiz holatda ushlab suratga tushgan.

Ushbu fuqarolar ayni paytda chet elda bo‘lib, ulardan biri — R.F. tez orada O‘zbekistonga qaytishi kutilmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, tasqara O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan o‘troq, mozaik tarqalgan qush turi hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 202-moddasi “j” bandiga ko‘ra, Qizil kitobga kiritilgan hayvonot yoki o‘simlik dunyosi turlari nobud qilingan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdori (300 ming so‘m)ning to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorida jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.

Mavzuga doir: