12-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan SSSR rahbariga aylangan Yuriy Andropov, Ikkinchi jahon urushida aybdor deb topilgan yapon generallariga chiqarilgan hukm hamda Hindiston osmonida yuz bergan eng yirik aviahalokatga oid faktlar o‘rin olgan.

SSSR rahbariga aylangan Andropov

Bundan 40 yil oldin 12-noyabr kuni Yuriy Andropov Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotib etib saylangan edi. SSSRni 15 oygina boshqargan Andropov hozirga qadar eng sirli shaxslardan biri hisoblanadi. Uning biograflaridan biri Roy Medvedevning yozishicha, Andropov butun umri davomida Volgada matros bo‘lib xizmat qilgan davrida bosmandan o‘rgangan prinsipiga amalga qilib kelgan: “Hayot, Yura — bu ho‘l paluba. Unda sirpanib ketmaslik uchun shoshmasdan harakatlanish lozim. Va, albatta, har safar oyoq qo‘yadigan joyni tanlagin!”.

Foto: “TASS”

Andropovni tanigan ko‘pchilik u ehtiyotkor, sovet tizimi xatolarni kechirmasligini bilgan holda ish tutganini yaxshi eslaydi. Bunga balki Vengriyada elchi bo‘lib yurganida 1956-yili ushbu mamlakatda ro‘y bergan inqilob voqealari sabab bo‘lgandir. Islohotchilar kurashi o‘shanda sovet tanklarining kiritilishi bilan yakunlangan. Andropov bularning barchasini Budapeshtdagi sovet missiyasi derazasidan kuzatib turgan.

Sodir bo‘lgan voqealar uning rafiqasiga ta’sir qilgan bo‘lib, shundan keyin u xastalikka uchragan. Bo‘lajak bosh kotibni taniganlar ushbu voqealarni Andropovning “venger sindromi” deb ataydi — u keskin o‘zgarishlardan qo‘rqqan.

SSSR 1956-yilgi voqealarni bostirishda ishtirok etganiga qaramay, aynan Andropov Vengriya rahbariyati tepasiga ehtiyotkor, biroq energiyaga to‘la Yanosh Kadar kelishiga katta hissa qo‘shgan — hozirda ushbu siyosatchini Budapeshtda yaxshi so‘zlar bilan xotirlashadi. Kadar Vengriyani o‘sha davrdagi ijtimoiy lagerlar orasidagi biroz erkin mamlakatning eng rivojlanganiga aylantirgan.

SSSR rahbarining sobiq yordamchilariga ko‘ra, Andropov juda ko‘p mutolaa qilgan — ilmiy adabiyotlardan tortib, badiiylarigacha — va ko‘pincha yordamchilaridan yangi kitob olib kelishni so‘ragan. Ulardan biri hatto Andropov Bulat Okujavaning “Diletantlar sayohati”ni o‘qiyotganini ko‘rgan. “Keyinchalik Yuriy Vladimirovich musiqani juda nozik farqlashini bilib qoldim, biroq dam olishlarda faqat 1960-yillarning bardlarini eshitardi. Ayniqsa, Vladimir Visotskiy va Yuriy Vizbarni ko‘p tinglardi. Ularning qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rar va xirgoyini ham qoyillatardi”, — deb yozgandi bo‘lajak sovet yetakchisi Mixail Gorbachyov.

Biroq Visotskiy musiqasiga va intelligensiya vakillarining ijodlariga bo‘lgan qiziqish Andropovga o‘zi to‘g‘ri deb bilgan siyosiy yo‘nalishda qattiq turishiga to‘sqinlik qilmagan. Yangi yetakchining ko‘plab qadamlari olqishlangan — Andropov davlat apparatida tozalashlarni tashkillashtirgan, uning davrida 18 nafar SSSR vaziri lavozimdan olingan, korrupsiyaga botgan qator sovet amaldorlariga qarshi jinoyat ishlari ochilgan.

Brejnev nomzodini ilgari surgan, Krasnodar o‘lkasining rahbari Sergey Medunov lavozimdan yechilgan. Biroq o‘sha davrga yashagan ko‘plab insonlar xotirasida Andropovning tartib-intizomni mustahkamlash borasidagi kuchsiz urinishlari saqlanib qolgan.

Shunga qaramay, Andropov davrida ehtiyotkorlik bilan islohotlar o‘tkazish uchun ma’lum shartlar paydo bo‘lgan — 1983-yil iyun oyida SSSRda “mehnat kollektivlari” to‘g‘risida qonun qabul qilingan, bu ishchilarga xarajatlar va xodimlarga haq to‘lash rejalarini muhokama qilish huquqini bergan.

Foto: “TASS”

G‘arbda Andropovning hokimiyatga kelishi qiziqish uyg‘otgan. Bosh kotib bunga qadar “KGB”ni boshqargan bo‘lsa-da, u ancha zamonaviy inson sifatida qabul qilingan. G‘arb matbuoti yangi bosh kotib jazga qizishini ham yozgan. 1982-yil noyabrda Andropovning surati Time muqovasida paydo bo‘lgan.

Jurnalning ushbu soni amerikalik maktab o‘quvchisi Samanta Smitni sovet yetakchisiga xat yozib, qurollanish poygasini to‘xtatishga chaqirishga undagan.

Tinchlik xati

Hurmatli janob Andropov,

Mening ismim Samanta Smit. Men 10 yoshdaman. Sizni yangi lavozimga tayinlanganingiz bilan tabriklayman. Meni Rossiya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida yadroviy urush boshlanishi juda xavotirga soladi. Siz urush boshlashga ovoz berasizmi yoki yo‘q? Agarda urushga qarshi bo‘lsangiz, iltimos ayting-chi, urushning oldini olishga qanday yordam bermoqchisiz? Siz, albatta, savolimga javob berishga majbur emassiz, ammo men javob olishni istagan bo‘lardim. Nima uchun butun dunyoni yoki kamida bizning mamlakatni egallab olishni istayapsiz? Xudo dunyoni biz birgalikda yashashimiz va u haqida qayg‘urishimiz uchun yaratdi, uni egallash uchun emas. Iltimos, keling, u xohlagandek qilaylik va shunda hamma baxtli bo‘ladi.

Samanta Smit

Andropov 1983-yil aprel oyida yozgan javob maktubida urushni xohlamasligi aytgan va yadroviy qurollarni ishlab chiqarishni to‘xtatishni taklif qilgan. Javobning katta qismi Samantaga emas, balki Amerika rahbariyatiga yo‘naltirilgan edi. Andropov o‘z xatida Moskva va Vashington natsizmga qarshi kurashda ittifoqchi bo‘lganini eslatib, SSSR ham dunyoda AQSH kabi “buyuk davlat” sifatida yashashni xohlashini ma’lum qilgan.

Samanta Smit

Foto: Pinterest

O‘sha vaqtda SSSR va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar juda keskin bo‘lgani inobatga olinsa, maktub muzokaralar uchun taklifdek qabul qilinishi mumkin edi, biroq bu sodir bo‘lmagan. 1983-yil sentabrda Saxalinda sovet havo makonini buzib o‘tgan Janubiy Koreyaning Boeing samolyoti urib tushirilgan. Havo kemasi bortida 269 kishi bo‘lgan. Mazkur halokat Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash imkoniyatiga katta nuqta qo‘ygan.

Yapon generallariga chiqarilgan o‘lim hukmi

1948-yil 12-noyabr kuni qator og‘ir jinoyatlarni, jumladan, SSSRga qarshi urush olib borgan Yaponiya rahbariyatiga qarshi Xalqaro harbiy tribunal yakunlangan. Oqibatda olti nafar general va bir nafar bosh vazir qatl etilgan, qolgan sudlanuvchilar turli muddatlarga qamalgan, yapon militarizmining asosiy ideologi Syumey Okava aqldan ozgan deb topilgan.

Foto: Wikimedia Commons

2,5 yil davom etgan sud jarayoni davomida Yaponiya imperiyasi rahbariyatining 28 nafar harbiy va fuqarolik vakillari (ular orasida to‘rt nafar sobiq bosh vazir, 11 nafar vazir, sakkiz general va ikki elchi bo‘lgan) ishtirokida 818 ta ochiq va 131 ta yopiq sud majlislari o‘tkazilgan. Tribunal 4356 ta hujjatni qabul qilgan va ishga guvohlarning 1194 ta ko‘rsatmasini tikkan. Barcha ayblanuvchilarning aybi isbotlangan. 1214 varaqdan iborat hukmda Yaponiyaning tashqi va ichki siyosati tajovuzkor urushlarni tayyorlash hamda boshlashga qaratilgani, sudlanuvchilar esa Germaniya va Italiya rahbariyati bilan birgalikda, dunyo hukmronligini zabt etish va boshqa xalqlarni qul qilish niyatida bo‘lgani keltirilgan.

Tribunalning tuzilishi, yurisdiksiyasi va umumiy shartlarini belgilab beruvchi nizom Ittifoq kuchlarining Uzoq Sharqdagi bosh qo‘mondoni, amerikalik general Duglas Makartur tomonidan tasdiqlangan. Nizom Nyurnberg tribunalining eng muhim qoidalarini o‘zida mujassam etgan, biroq u jarayonni tashkil etish va o‘tkazishda mamlakatlarning teng ishtiroki tamoyiliga amal qilmagan. Natsistlar to‘rtta tilda sud qilingan bo‘lsa, Tokioda faqat ingliz tilidan foydalanilgan. Ayblov xulosasini tajovuzdan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar ko‘rgan 11 ta davlat vakillari tuzgan.

Sudni avstraliyalik sudya Uilyam Uebb olib borgan va AQSH prokurori Jozef Kinnan bosh prokuror etib tayinlangan. Sud jarayonida SSSR nomida Oliy sud Harbiy kollegiyasi a’zosi, adliya general-mayori Iva Zaryanov, prokuror sifatida — Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma va yuridik bo‘lim boshlig‘i Sergey Golunskiy ishtirok etgan.

Avvaliga ayblov xulosasi 55 banddan iborat bo‘lib, unda Yaponiya rahbariyatning 1937-yildan boshlangan tajovuzkorona siyosati qoralangan. Ommaviy qotilliklar bo‘yicha faktlar keltirilgan — masalan, Nankin qirg‘ini, uning oqibatida shaharning 300 mingdan aholisi va xitoylik harbiylar yo‘q qilingandi. Shuningdek, o‘n minglab harbiy asirlar umriga zomin bo‘lgan Filippindagi “o‘lim marshi” ham qayd etilgan. Tokio sudidagi ayblovlar bandli uch toifaga ajralgan — dunyoga qarshi jinoyat, ommaviy qotillik va urush qoidalari hamda insoniyatga qarshi jinoyat.

Foto: Wikimedia Commons

Tribunal Amerikaning Xirosima va Nagasaki shaharlarini bombardimon qilishini va bir qator protsessual protseduralarni e’tiborsiz qoldirgan, bu esa ba’zilarga jarayonning borishini tanqid qilishga imkon bergan va uni adolatli xolis sud emas, balki g‘oliblarning mag‘lublarni qatag‘on qilishi deb atagan. Sudyalarning o‘zlari o‘rtasidagi eng jiddiy bo‘linish mahkumlarga o‘lim jazosini qo'llash bilan bog‘liq. Bundan choralarga qarshilar topilgan, albatta, biroq ko‘pchilik fikri yakunda g‘alaba qozongan.

Qonunga xilof ish yuritish natijasida sud tomonidan chiqarilgan hukm haqiqiy bo‘lishi mumkin emas”, — degandi majlisda qatnashgan fransuz sudyasi Anri Bernar. Sudyalar tarkibiga kiritilgan Britaniya Hindistonining vakili Radhabinod Pal nafaqat aniq tafsilotlar va xulosalarni, balki tribunalning vakolati va hukmning konsepsiyasiga ham e’tiroz bildirgan.

Shunga qaramay, yetti kishiga nisbatan dorga osish orqali o‘lim hukmi chiqarilgan — generallar Koendzi Doixara, Seysiro Itagaki, Xeytaro Kimura, Ivene Matsui, Akira Muto, Xideki Todzio, shuningdek, Yaponiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri va bosh vaziri Koki Xirota. Hukm 1948-yil 23-dekabr kechasi ijro etilgan. Bundan tashqari, sudlanuvchilarning 16 nafari umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan, yana ikki kishi 20 yilga qamalgan.

Foto: Wikimedia Commons

Sudlanuvchilarning 29-si sobiq bosh vazir Fumimaro Kanoe bo‘lishi kerak edi. Biroq u o‘z xohishi bilan taslim bo‘lishdan bosh tortgan va 1945-yil 16-dekabr kechasi kaliy sianit ichgan. Sobiq tashqi ishlar vaziri Yesuke Matsuoka va flot admiral Osami Nagano sud tergovi vaqtida vafot etgan, yapon militarizmining asosiy ideologi Syumeya Okava ruhiy nosog‘lom deb topilgan, biroq Amerika harbiy gospitaliga o‘tkazilgunga qadar qamoqxonada saqlangan.

Hind osmonida SSSR uchuvchilarining xatosi sabab sodir bo‘lgan halokat

26 yil oldin 12-noyabr kuni Hindiston osmonida qurbonlar soni bo‘yicha eng yirik samolyotlar to‘qnashuvi yuz bergandi. Dehlidan 100 kilometr janubdagi Charxi Dardi shahrida kun odatdagidek sokin o‘tgandi. Yaqindagina yakunlangan Divali tantanalaridan keyin aholi kundalik yumushlari bilan shug‘ullanishga kirishgan.

Foto: Jetlinemarvel

Soat 18:45 da Hindiston uchun noodatiy bo‘lgan holatda haftasiga uch marotaba mazkur qishloq uzra Saudi Airways aviakompaniyasining Boeing 747 samolyoti uchib o‘tgan. 12-noyabr kuni mazkur hududda tarixdagi eng yirik aviahalokat yuz bergan.

Kapitan Xolid al-Shubayli boshqargan Dehli—Jidda yo‘nalishidagi 763-reysi bortida Saudiya Arabistoniga ishlash uchun borgan hind ishchilari hamda neft qazib chiqaruvchilar bor edi. O‘sha kecha Qozog‘istondan uchgan Chimkent—Dehli yo‘nalishidagi yuk tashuvchi “Il-76TD” samolyotini 44 yoshli Aleksandr Cherepanov boshqargan. Ro‘yxatdan o‘tish raqami UN-76435 bo‘lgan samolyot Air Kazakhstan aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning bortida 10 nafar ekipaj a’zosi va 27 nafar yo‘lovchi o‘z manziliga uchayotgandi.

Mahalliy vaqt bilan soat 18:40 larda ikkala samolyot ham — Dehlidan ko‘tarilgan Saudiya Arabistoni layneri va 15 daqiqadan keyin qo‘nishni amalga oshirishga tayyorlangan Qozog‘istonning yuk tashuvchi samolyoti bitta hududda paydo bo‘lib qolgan.

Samolyotlarni Datta familiyali hind dispetcheri boshqargan. Ikkala bort bilan ham aloqa o‘rnatilgan va dispetcherlar xizmati turli yo‘nalishda uchayotganiga ishongan. Shu bois Dattaning monitorida ikkita yashil nuqta birlashib, birozdan keyin yo‘qolgach, dispetcher ortga qaytarib bo‘lmas fojia yuz berganini tushunib yetgan.

Datta biroz muddat uchuvchilar bilan bog‘lanishga uringan, ammo hech kim aloqaga chiqmagan. Tez orada shu yaqin atrofdan uchib o‘tayotgan Amerikaga qarashli Lockheed C-141 Starlifter harbiy-transport kemasi kapitani Timoti Pleys efirga chiqqan. U havoda yorqin chaqnashni ko‘rganini aytgan: “Bulutlar kutilmaganda yorqin qizil tusga kirdi”.

Keyinroq aniqlanishicha, to‘qnashuv natijasida “Il-76” dum qismi bilan Saudiya Arabistoni havo kemasining chap qanotiga urilishi oqibatida u havoda parchalanishni boshlagan. “Ulkan gaz portlashiga o‘xshash chaqnashni ko‘rdim”, — deya eslaydi bu vaqt yerda bo‘lgan harbiy Maxendra Singx.

Foto: Jetlinemarvel

To‘qnashuv oqibatida ikkala samolyot ham halokatga uchragan, ularning bo‘laklari 7 kilometr radiusga sochilib ketgan. Halokat oqibatida samolyotlar bortlarida bo‘lgan barcha — 349 kishi halok bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt nafar yo‘lovchi tirik topilgan, biroq ular shifokorlar kelgunga qadar olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Aviahalokatni tergov qilish bo‘yicha Dehli Oliy sudi sudyasi Ramesh Laxoti boshchiligida komissiya tuzilgan. Tergov va “qora quti”ni o‘qishda Moskva hamda Britaniya mutaxassislari ham ishtirok etgan. O‘rganishlar davomida bir-biriga qarama-qarshi uchgan uchuvchilarga yo‘riqnomalar berilgan. Saudiyaliklarga 14 ming fut balandlikda uchish belgilangan bo‘lsa, qozoqlarga 15 ming futdan pastlamaslik buyurilgan. Shu orqali samolyotlar havoda 300 metr oraliqda uchib o‘tishi kerak edi.

Uchuvchilar suhbati shifrdan chiqarilib tinglangach, qozoqlarga tegishli samolyot ekipaji belgilangan balandlikdan pastlagani aniqlangan. “Sobiq SSSRning ushbu uchuvchilari bilan tajribamiz yaxshi emasdi. Ular inglizchada yaxshi gapira olmas edi. Ulardan yo‘riqnomadagi ma’lumotlarni qaytarish so‘ralganida, ular ‘tushundim’, deya radioni yoqardi”, — deydi Dehli aeroportining ismi sir qolishini so‘ragan xodimi.

Shuningdek, hisobotda keltirilishicha, hind dispetcherlari sobiq SSSR uchuvchilaridan muntazam shikoyat qilib kelgan, chunki ular metrik tizimdan foydalanishga o‘rgangani bois balandlik va masofalar hisob-kitobida adashib turgan.

Foto: Jetlinemarvel

Komissiya halokat qozoq ekipaji dispetcherning 15 ming futdan tushmaslik talabini bajarmagani oqibatida sodir bo‘lgan degan xulosaga kelgan. Fojiadan bir necha soniya oldin xatoga yo‘l qo‘yilgani tushunib yetilgach, “kapitan zudlik bilan ko‘tarilishni buyurgan va yaqinlashib kelayotgan Saudiya samolyoti bilan to‘qnashgan”, deyiladi hujjatda.

Keyinroq Qozog‘iston tomoni uchuvchilar turbulentlik yuqoriligi bois pastlashga majbur bo‘lganini ma’lum qilgan, biroq Hindiston tomoni meteorologiya hisobotlariga tayanib, buni rad etgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.