O‘zbekistondagi metan zapravkalarda o‘rnatilgan cheklov sabab respublikaning ko‘plab hududida turnaqator navbatlar, yuk avtomobillari bilan bog‘liq holatlarda esa muammolar yuzaga kelmoqda.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

“Daryo” muxbirlari hududlardagi metan zapravkalarda bo‘lib, yuzaga kelgan holatni o‘rgandi.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Namangan

Namanganda 9-noyabrdan boshlab metan gaz zapravkalarida turnaqator navbatlar boshlangan. “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev bilan suhbatda bo‘lgan haydovchilar ilgari 10-15 daqiqada avtomobillariga gaz to‘ldirishgan bo‘lsa, hozir bu jarayon bir soat va undan ko‘pga cho‘zilayotganini aytmoqda.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Mutasaddilarning bildirishicha, metan gaz zapravkalari faoliyati uchun rasman cheklov joriy etilmagan, lekin gaz bosimining pastligi tufayli shoxobchalar ertalab soat 5:00 dan kechki 17:00 gacha ishlamoqda. Qolaversa, aksar joylarda gazning bosimi odatiy 200 bosim o‘rniga 150-160 bosimni tashkil etmoqda.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Shuningdek, Namangandagi gaz zapravkalarida bir kubometr gaz narxi 2600 so‘mdan 2800 so‘mgacha ko‘tarilgan.

Farg‘ona

“Daryo”ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri Azizjon Ermatovning xabar berishicha, Farg‘onada ham 9-noyabrdan boshlab viloyat hududidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida tabiiy gaz yetkazib berish har kuni soat 18:00 dan soat 06:00 ga qadar to‘xtatilgan.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Mas’ullarning ma’lumot berishicha, cheklovlar birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berilishi muhim hisoblangan aholi, shifoxona, maktab hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti kabi ahamiyatga ega muassasalarning tabiiy gaz ta’minotida barqarorligini ta’minlash maqsadida kiritilgan.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Viloyatimizda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar qaroriga asosan 2022-yil 9-noyabr kunidan boshlab AGTKSHlar (avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari) faoliyati tonggi soat 6:00 dan tungi 18:00 ga qadar etib belgilandi. Shuni inobatga olgan holda avtotransport vositalaringiz uchun zarur bo‘lgan gaz yoqilg‘isini belgilangan vaqt (06:00—18:00) oralig‘ida to‘ldirib olishingiz so‘raladi. Farg‘ona viloyatida jamoat transporti narx-navolarida o‘zgarish bo‘lmasligi doimiy nazoratga olinadi, — deyiladi Farg‘ona viloyati transport boshqarmasining axborotida.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

“Daryo” muxbirining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda viloyatdagi ko‘plab metan zapravkalar oldida navbatlar yuzaga kelishni boshlagan. Ayrim zapravkalar esa vaqtinchalik faoliyatini to‘xtatgan.

Haydovchilarning aytishicha, gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi navbatlarning yuzaga kelishi zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bilan bog‘liq. Navbatlar tufayli avtomashinaga gaz to‘ldirish vaqti ham uzayib, ikki-uch soatgacha cho‘zilmoqda.

Foto: “Daryo” / Murodjon Amirov

Hali qish boshlangani yo‘q, havo harorati ham yaxshi. Nima uchun hozirdan cheklov kiritildi, hayronman. Zapravkalar ish vaqtining qisqarishi ortidan kundan kunga navbatlar ham ko‘payib ketyapti. Zapravkalar ertalab soat 6:00 dan ish boshlaydi deyishgandi. Mana, soat o‘ndan oshdi, hali ochilgani, gaz quyishni boshlagani yo‘q, — deydi Qo‘qon shahridagi zapravkalardan birida navbatda turgan haydovchi Sarvar Asliddinov.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Bag‘dod tumanidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida kech soat 19:00 da ham o‘nlab avtomashinalar navbatda turganiga guvoh bo‘ldik. Haydovchilarning aytishicha, gaz-zapravkalar tong soat 06:00 da ish boshlaydi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik haydovchilar mashinalarini bir kun oldin shu yerda qoldirishga harakat qiladi yoki majbur bo‘ladi. Maqsad — qatorning boshrog‘idan joy egallash va ertaroq gaz to‘ldirib olish.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida 9-noyabr kunidan boshlab 1 kub/metr metan gazining narxi birdaniga 500 so‘mga oshib, 2300 so‘mdan 2800 so‘mga ko‘tarilgan. Bu ham haydovchilarning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Cheklov kiritishdan maqsad narxni oshirish, menimcha. Kecha 2300 so‘mdan sotilgan gaz bugun 2800 so‘mga ko‘tarilib ketibdi. 100-200 so‘m qo‘shilsa ham uncha bilinmasdi, birdaniga 500 so‘mga ham oshiradimi narxni. Nexia mashinam bor, narx oshmasidan oldin 50-55 ming so‘mga gaz to‘ldirar edim, bugun 64 ming so‘mga to‘ldi, — deydi Farg‘ona shahridagi zapravkalardan birida navbatda turgan haydovchi Isroil Hamidov.

Andijon

“Daryo”ning Andijon viloyatidagi muxbiri Umidjon Mamarasulovning ma’lum qilishicha, viloyatda avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida cheklov o‘rnatilishi haqidagi xabarlar tarqalishidan bir kun oldin Andijonda zapravkalardagi bir kubometr gaz narxi 2000 so‘mdan 2800 so‘mga ko‘tarilgan.

Gaz narxining oshishi hozircha yo‘l kira narxlariga ta’sir qilganicha yo‘q. Chunki gaz narxi tushganida ham yo‘l kiralar tushmagan edi. Balki yaqin orada haydovchilar cheklovlarni bahona qilib, oshirib olishar. Odatda har yili oktabr va noyabr oylarida narxlar 1000 so‘mdan 3000 so‘mgacha ko‘tariladi. Taksistlarga nega bunday qilyapsizlar desak, bahona tayyor edi. Cheklov o‘rnatilishi ularning bayrami desak, yanglishmaymiz. Misol uchun avval shaharda chiqib-tushish 2000 so‘m edi. O‘tgan yili 3000 so‘mdan 5000 so‘mgacha ko‘tarildi. Hech kim insofsiz haydovchilarga chora ko‘rmagani uchun ham ular o‘z bilganini qilib yuribdi,— deydi Xolida Xolmurodova.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Cheklovlarga qaramasdan Andijondagi metan zapravkalarda ayni kunlarda turnaqator navbatlar yo‘q.

Foto: “Daryo” / Fazliddin Muqaddasov

Cheklovlar o‘rnatilishiga o‘rganib qolganmiz. Qish kelishi bilan odatiy holat. Gapirsak hech kim bizni tinglamagandan keyin nailoj shunga ko‘nishga majburmiz. Avvalari bir kunimiz zapravkada o‘tardi. Hozir uzog‘i bir-ikki soatda chiqib ketyapmiz. Kunlar sovushi bilan balki yana odatdagidek umrimiz zapravkada o‘tar. Lekin avvalgidek toqat qolmagan. Shu sababli cheklov o‘rnatildi deyilgan kuniyoq ishdan chiqib borgan birinchi joyim benzin zapravka bo‘ldi. Bor pulimga benzin quyib oldim. Ertaga buni ham narxi ikki barobarga oshadi. Bular birovni o‘ylamaydi, —deydi Alijon Abduraimov.

Qashqadaryo

“Daryo”ning Qashqadaryo viloyatidagi vakili Murodjon Amirovning ma’lumot berishicha, cheklovlar sabab M39 xalqaro avtomobil yo‘lida Toshkentdan kelayotgan va poytaxtga ketuvchi avtomobillarning yo‘lda qolib ketish holati kuzatilmoqda.

Foto: “Daryo” / Murodjon Amirov

Cheklov sabab sovuqda qolib ketyapmiz. Kecha mashinamga pomidor yuklab, Surxondaryodan Buxoro viloyatiga ketayotgandik. Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi gaz zapravkada qolib ketdik. Mijozga aytilgan vaqtda mahsulotni yetkazib berolmayapmiz. Endi unga nima deymiz hayronman, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan yuk avtomobili haydovchilaridan biri.

Foto: “Daryo” / Murodjon Amirov

Haydovchilar cheklovlar vaqtini o‘zgartirish borasida taklif bermoqda.

Foto: “Daryo” / Murodjon Amirov

Cheklov soat kechki payt 17:00 dan boshlanishi juda noqulay bo‘lyapti. Bu vaqt masalasida yana o‘ylab ko‘rib, asosiy yo‘llarda haydovchilarning harakatni davom ettirib, ko‘chada qolmasligiga imkoniyat yaratilsa yaxshi bo‘lardi. Hozir gazimiz tugab, ko‘chada qolib ketyapmiz va gaz zapravkalar ertalab ishini boshlaguncha, ko‘chada o‘tirishga majburmiz. Tag‘inam zapravkalar soat 06:00 dan ishlaydi deyilsa-da, ular ish boshlaguncha soat 10 bo‘lib ketyapti, — deydi yuk avtomobil haydovchisi.

Foto: “Daryo” / Murodjon Amirov

Yana bir haydovchi cheklov avtomobiliga metan gaz ballon o‘rnatgan haydovchilar uchun noqulaylik tug‘dirishini, bir vaqtda barcha zapravkalarni yopib qo‘ymasdan, haydovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun navbati bilan ishlashga ruxsat berilishi tarafdori ekanini bildirmoqda.

Hammasini bir vaqtda yopishayotgani bois, qiynalyapmiz. Mayli, aholiga gaz yetkazish uchun yopishsin, faqat zapravkalarning barchasini bir vaqtda yopmay, galma-galdan ishlaydigan qilishsa yaxshi bo‘lardi, — deydi suhbatdosh.

Foto: “Daryo” / Murodjon Amirov

Qoraqalpog‘iston

“Daryo”ning Qoraqalpog‘istondagi muxbiri Shuhrat Saidahmadovning ma’lumot berishicha, hududdagi gaz quyish shoxobchalari bir kunda 12 soat ishlaydigan bo‘ldi

Foto: “Daryo” / Shuhrat Saidahmadov

“Hududgaz Qoraqalpog‘iston” gaz ta’minoti filialining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘istondagi metan zapravkalar 10-noyabrdan boshlab ertalabki soat 06:00 dan kechki 18:00 gacha ishlaydi. Bu havo haroratining keskin sovib ketishi bilan bog‘lanmoqda. Hozircha maxsus ish tartibi qachonga borib yana o‘z holatiga qaytishi noma’lum.

Foto: “Daryo” / Shuhrat Saidahmadov

“Daryo” muxbirining aniqlashtirishicha, hozir Qoraqalpog‘iston markazi Nukusda gaz narxi 2400—2500 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Qoraqalpog‘istonning janubiy tumanlari To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’ada esa gaz narxi 2200—2400 ming so‘mdan sotilmoqda. Yuqoridagi narxlar qisman o‘zgarishlarni hisobga olmaganda oxirgi 4-5 oydan beri deyarli o‘zgarmagan.