10-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Moskvadagi qabristonda bir-birini portlatgan afg‘on urushi qatnashchilari, Afrikada qolishni ma’qul topgan britaniyalik mashhur sayyoh hamda Yasnaya Polyanadan qochib ketgan Lev Tolstoyga oid faktlar o‘rin olgan.

“Qabrga yashirilgan trotil”: afg‘on urushi qatnashchilari nima sababdan bir-birini portlatgandi?

1996-yilning 10-noyabr kuni Moskvadagi Kotlyakovskoe qabristonida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan va 30 dan ortiq odam jarohatlangandi. Teraktni uyushtirganlikda ayblangan Valeriy Radchikov qolgan qurbonlar kabi afg‘on urushi veterani bo‘lgan. Tergov davomida aniqlanishicha, portlash katta miqdordagi pullar aylangan ikkita “afg‘onchilar” fondining kurashi yakuniga aylangan. Ammo qo‘lga olinganlar aybdor deb topilganidan keyin ham ular qo‘yib yuborilgan.

Foto: “TASS”

Odamlar jasadining bo‘laklari daraxtlarda osilib turardi

1996-yil 10-noyabr kuni Rossiyada Militsiya kuni nishonlanayotgan bir vaqtda soat 11:55 da Kotlyakovskoe qabristonida portlash ro‘y beradi. Bu payt Afg‘onistondagi urush nogironlarining Rossiya fondi sobiq raisi Mixail Lixodey qabri yonida yuzlab odamlar to‘plangandi: uning qarindoshlari, do‘stlari va xizmatdoshlari.

Yaradorlar va halok bo‘lganlar o‘nlab metr uzoqqa uchib ketgan, parchalangan tanalarning bo‘laklari daraxtlarga osilib qolgan. Portlash joyida yarim metr chuqurlikdagi o‘ra paydo bo‘lgan. Hodisa oqibatida nafaqat afg‘on urushi faxriylari, balki ayollar va bolalar ham jabrlangan edi.

Terakt tashkilotchilarining asosiy nishoni Lixodeyning do‘sti — uning o‘limidan keyin fond rahbariyatiga aylangan Sergey Traxirov bo‘lgan. Keyinroq tergov davomida aniqlanishicha, qotil portlovchi qurilmani oldinroq ko‘mib ketgan, fojia sodir bo‘lgan kunda esa qabristonga kelib, barcha bilan xayrlashgan, xavfsiz masofaga o‘tib, bombani ishga tushirgan.

“Nogironlar o‘zlari pul topa oladi”

Mazkur voqealar mantig‘ini tushunish uchun o‘sha yillarda afg‘on urush qatnashchilariga davlat tomonidan qanchalik soliq imtiyozlari berilganini tasavvur qilish kifoya. Afg‘onistonga borgan 700 ming sovet harbiy xizmatchisining 15 mingi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i og‘ir kontuziya yoki jarohat olgan. SSSR parchalanayotgan bir vaqtda qaytib kelgan afg‘onlar ishsiz va pulsiz qolib ketgan. Bankirlar va banditlar kun qahramoni edi, 1990-yillarda urushdan qaytgan askar va ofitserlarning hayoti og‘ir kechgan. Ayniqsa, Afg‘onistondan nogiron bo‘lib qaytganlarning.

Foto: “TASS”

Vaziyatni yaxshilash uchun 1993-yil dekabrda prezident Boris Yelsin “Umumrossiya nogironlar uyushmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2254-sonli qarorni imzolagan. Umumrossiya nogironlar jamiyati, Umumrossiya ko‘rlar, karlar va Afg‘oniston urushi nogironlari soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan.

“Budjetda pul yo‘qligi sabab nogironlar o‘zlari pul ishlab topadi deya hisoblangan. Ammo berilgan imtiyozlardan birinchi navbatda bosqinchi va korrupsiyaga botgan amaldorlar foydalangan. Nogironlar jamiyati orqali katta miqdorda spirt, sigaret va hatto eksport neftining bir qismi aylantira boshlangan. Tez orada mazkur daromadli kanal atrofida qonli mojarolar yuzaga kelgan. 1994-yil 10-dekabr kuni shu kabi to‘qnashuvlarning birida Mixail Lixodey o‘ldirilgan.

Faxriylarga daromadning 5 foizdan ortig‘i yetib bormagan

Mixail Lixodey afg‘onlarning fondiga 1993-yilda do‘sti Valeriy Radchikov o‘rniga rahbar etib tayinlangan. Radchikov jangda yaralanib, oyoqsiz qolgan, biroq protezda Afg‘onistonda xizmat qilishga yo‘l olgan yagona ofitser edi. Sibirlik erkak bolaligidan razvedkachi bo‘lishni orzu qilgan, u Ryazan harbiy bilim yurtini tamonlagan, Havo-desant qo‘shinlarida xizmat qilgan. Afg‘onistonda Radchikov karyera qurib, general bo‘lib qaytishni istagan.

Afg‘onistondagi urush nogironlari fondi rahbariga aylanib u tadbirkorlar va bosqinchilar bilan birga ishlash orqali tezda daromadli biznesni yo‘lga qo‘ygan. Radchikov imtiyozlarni sota olgan: fond muhrlarini kerakli qog‘ozlarga qo‘yish orqali u qator tovarlarni bojdan ozod etgan va buning evaziga pul olgan.

Foto: “TASS”

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, fond orqali 800 milliondan 5 milliard dollarga qadar tovar va xizmatlar aylangan. Shu bilan birga, kelayotgan daromadlarning uzog‘i bilan 5 foizi urush faxriylari va nogironlariga yetib borgan.

Mixail Lixodey Radchikovni lavozimdan ag‘dargan. Fond hujjatlarini o‘rganib chiqib, u daromadlarni yashirayotganini tushunib qolgan: bir qismini o‘ziga olgan, yana bir qismini biznesmen va bosqinchilar orasida taqsimlagan. Bu bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Lixodey fondning yangi raisi etib tayinlangan. U fond rahbariyatida tozalash ishlarini olib borgan va ko‘plab eski kompaniya hamda sheriklar bilan ishlashdan bosh tortgan. Bu orqali u xavfli yo‘lni tanlaganini tushungan. Zamon qaltis bo‘lgani bois Lixodey ishga oid uchrashuvlarga sumkasida granatalar bilan borgan.

Bir xil nomli ikki fond

Fond rahbarligidan ketgan Radchikov taslim bo‘lishni xohlamagan, u hujjatlar, muhr bilan ketib, Lixodeyni sudga bergan. Qanchadir vaqt bir xil nom ostidagi ikkita fond faoliyat ko‘rsatgan, muhr hamda imzolarni Radchikov va Lixodey qo‘ygan. 1994-yil 10-noyabr kuni Adliya vazirligi Radchikovning fondini qonundan tashqarida deya tan olgan. Shu kuni Mixail Lixodey uyiga qaytayotganida liftda portlatib yuborilgan.

Radchikov bo‘shab qolgan fond rahbari lavozimini egallashni niyat qilgan, ammo afg‘on urushi qatnashchilari Lixodeyning do‘sti va o‘rinbosari Sergey Traxirovni saylagan. Aynan u 1996-yil 10-noyabr kuni Kotlyakovskoe qabristonida uyushtirilgan teraktning nishoniga aylangan.

Foto: “TASS”

Terakt Militsiya kunida amalga oshirilgan va shu kuni Rossiya IIV rahbari Anatoliy Kulikov bayonot bergan: “Chaqiriq berildi va u qabul qilindi. Ifloslar topilishi va qonuniy jazo olishi uchun barcha ishni qilamiz”. U maxsus shtab tuzgan va tergovning birinchi kunidanoq faxriylarni o‘zlariniki portlatgani ma’lum bo‘lgan. Sovet qo‘shinlari bu kabi tuzoq-minalardan aynan Afg‘onistonda foydalangan.

Radchikovning o‘zi ikkita suiqasddan omon qolgan inson edi. Qabristondagi portlashning asosiy gumondori ham u bo‘lgan. Terakt ijrochilari bo‘lgan Andrey Anoxin va Mixail Smurov dastlabki so‘roqlardayoq bir kun oldin Lixodeyning qabriga 5 kilogramm trotil joylashtirilganini aytgan.

10-noyabr kuni Anoxin qabristonga kelgan va Traxirov bomba ustiga kelganiga pultni bosib, portlashni amalga oshirgan. Mazkur ommaviy qotillik uchun Radchikov unga 50 ming dollar to‘lagan.

Anoxin, Smurov va Radchikov qamoqxonaga joylashtirilgan. Shundan keyin Anoxin o‘z ko‘rsatmalaridan voz kechib, “fojiaviy tasodif” ro‘y berganini ma’lum qila boshlagan. Lixodey qabri atrofida to‘planganlarni ko‘rib, u hech kimni portlatishni istamagan, biroq paltosi hamyonida bo‘lgan bombaning boshqaruv pulti tugmasi esgan shamol sabab bosilib ketgan.

Valeriy Radchikov o‘zining ishga aloqadorligini rad etib, aybini tan olmagan. Okrug harbiy sudi to‘plangan dalillarni yetarli emas deb hisoblagan. Radchikov, Anoxin va Smurov sud zalidan ozod etilgan. Oqlov hukmini o‘qigan sudya mazkur ishdan bir hafta o‘tgach bo‘shab ketgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Radchikov unga 1 million dollardan ortiq pora bergan.

Foto: “TASS”

2001-yilda harbiy prokuror protestiga ko‘ra, yuqoridagi uch shaxsga chiqarilgan oqlov hukmi bekor qilingan. Ammo bu vaqtda Radchikov YTH oqibatida vafot etib bo‘lgandi. 2001-yil 31-yanvar kuni Minsk shossesida u boshqaruvni yo‘qotib, yuk mashinasiga urilgan. 2003-yilda sud Smurovni 14 yilga ozodlikdan mahrum etgan, 2006-yilda esa Anoxin 15 yilga qamalgan.

Afrikada uchrashgan ikki mashhur yevropalik sayyoh

1871-yil 10-noyabr kuni Afrika qit’asining qoq yuragida, Tanganika ko‘li yaqinida ikkita buyuk tadqiqotchi — ko‘pchilik o‘lgan deya hisoblagan shotlandiyalik sayyoh Devid Livingston va New York Herald gazetasi tomonidan yo‘qolgan ekspeditsiyasini topish uchun otlangan yosh jurnalist Genri Morton Stenlining kutilmagan uchrashuvi ro‘y beradi.

Foto: Wikimedia Commons

Livingstonni qidirish bilan faqatgina Stenli shug‘ullanmagan. Mashhur sayyohni yoki uning biror qoldig‘ini topishga boshqa ekspeditsiyalar, jumladan, dengiz ofitseri Yang ham uni qidirgan. Otasini Livingstonning kenja og‘li, 20 yoshli Osuell ham qidirgan, ammo omad muxbirga kulib boqqan.

Zanzibarga kelgan Stenli Britaniya konsulidan Tanganika ko‘li atrofidagi Udjidji qishlog‘i Livingstonning bazaviy lageri bo‘lganini aniqlagan va kichik bo‘linma bilan u yerga yo‘l olgan. Yo‘lda mahalliy qabilalar va arablar o‘rtasidagi jangovar harakatlarni aylanib o‘tishga to‘g‘ri kelgan. Safar yetti oy davom etgan. Qishloqqa yetib kelgan Stenli bo‘linmasini Livingstonning afrikalik xizmatkorlari kutib olib, mehmonlarni kulbaga olib borgan. Olamon orasidan o‘tib borgan Stenli vanihoyat yevropalikni uchratgan.

U “Livingstonni qanday topganim” nomli kitobida vaziyatni quyidagicha ifodalaydi: “Sekin yoniga borar ekanman u oqarib ketgani va charchaganini ko‘rdim, soqollar oq, boshiga xira oltin tasmali qalpoqni qo‘ndirib olgan; u qizil yengli kamzul va kulrang shim kiygan edi. Yoniga yugurib borishni istadim, ammo atrofdagi odamlardan tortindim. Bo‘yniga jon deb otilgan bo‘lardim, ammo bu inglizga qanchalik ma’qul kelishini bilmas edim. Sekin-asta qadam bosib, shlyapamni yechgan holda ‘Siz doktor Livingston bo‘lsangiz kerak?’, dedim”.

Vaziyat ikkimizga ham kulgili tuyuldi: bu joydagi yagona yevropalik yana kim bo‘lishi mumkin edi? “Dr.Livingstone, I presume?” iborasi tarixga kirgan. Stenlining tashrifi deyarli barcha jamg‘armalari, buyumlari va sheriklaridan ayrilgan Livingston uchun najot edi. Uning hatto kerakli dori-darmonlari ham qolmagan. Bezgak tufayli sayyoh yurolmay qolgan va shunchaki o‘limini kutib o‘tirgan. Yuborgan maktublari Zanzibarga qadar yetib ham bormagan. Stenli o‘z oziq-ovqatlari, dorilari bilan bo‘lishgan va Livingstonni davolagan. Ammo uning ham o‘z rejalari bor edi: birgalikda kichik ekspeditsiyani amalga oshirish, mashhur sayyoh bilan yaqindan tanishish orqali uni shaxsan qutqargan inson sifatida Yevropa yoki Amerikaga olib qaytishni istagan. Biroq rejaning birinchi qismini amalga oshgan, ammo Livingston o‘z tadiqotlarini yakunlamasdan turib, Afrikani tark etishni xohlamagan. Ikkala yevropalikning ham kundaliklari saqlanib qolgan bo‘lib, birmuncha vaqtdan keyin yosh hamrohning sheriklari xizmatkorlarga tashlanib qolishi va muammoni kuch bilan hal qilishga urinishi Livinsgtonga malol kela boshlagan.

1871-yil oxirlarida Stenli va Livingston birgalikda Tanganika ko‘lining sharqiy qirg‘og‘ini o‘rganib, ushbu ko‘lda Nil manbalarini izlash bema’nilik ekanini isbotlagan, keyin esa sharqqa — Unyamvezi platosiga yo‘l olgan. Nilning manbalariga oid masalaga oydinlik kiritilmagani bosi Livingston o‘z ekspeditsiyasini tarqatib, Afrikani tark etishdan butunlay bosh tortgan. 1872-yil bahorida Stenli o‘z sarguzashtlarini butun dunyoga ma’lum qilish maqsadida qaysar shotlandsiz Angliyaga qaytishga majbur bo‘ladi. Stenlidan yordam olgan Livingston Nil tizimiga bog‘langan bo‘lishi mumkin deya hisoblangan Lualaba ko‘lini o‘rganishga kirishadi. Livingston mazkur ko‘l bo‘ylab ko‘tariladi va 1873-yilda bezgak hamda oshqozon kasali uni xizmatkorlar yordamida foydalanishga majbur qiladi, keyinroq esa Chitambo qabilasida qolib ketadi.

Foto: Wikimedia Commons

Sayyoh kundaligidagi oxirgi qaydlar: “Juda charchadim… Sog‘ayish uchun qolaman”. 1873-yil 1-may kuni Livingston vafot etgan. Uning afrikalik yaqin yordamchilari Chuma hamda Suzi marhumning jasadini tuz yordamida saqlab, uni Buyuk Britaniyaga yetkazishga qaror qiladi. Livingstonning yuragi chiqarib olinib, temir idishga solingan va o‘sha qabilada dafn etilgan. 1874-yil 18-aprel kuni buyuk sayyoh tantanli ravishda Vestministr abbatligi hududiga dafn etilgan. Shu yilning o‘zida “Devid Livingstonning so‘nggi kundaligi” chop etilgan bo‘lib, unga misli ko‘rilmagan mashhurlik olib kelgan.

Livingstonning iqtidori Afrikani zabt etgan birinchi yevropalik nomi bilangina cheklanmagan. U qullikni yo‘q qilish, barcha xalqlarning teng huquqliligini tan olish uchun kurashgan ingliz abolitsionistlarining kurashini ilhomlantirgan, tarixga eng buyuk gumanist sifatida kirgan. Birinchi kitoblari va ekspeditsiyalarining muvaffaqiyati unga Buyuk Britaniya bo‘ylab ma’ruza qilish, qirolicha bilan uchrashish va Britaniya jamiyatining eng yuqori qatlamlarida o‘z nuqtai nazarini ommalashtirish imkonini bergandi.

Genri Stenlining hikoyalari, o‘z navbatida, Livingstonning Yevropada ham, Amerikada ham mashhurligiga hissa qo‘shgan va Stenli Livingstonning Markaziy Afrikaning kashfiyotchisi sifatidagi obro‘sini saqlab qolish uchun ko‘p kuch sarflagan. Stenlining bo‘rttirib ko‘rsatishga bo‘lgan jurnalistik moyilligi Livingstonni ko‘plab o‘quvchilarni sayyohning kumiriga aylantirgan.

Yasnaya Polyanadan qochib ketgan Tolstoy

1910-yilning 10-noyabri (eskicha hisobda 28-oktabri) tongida, ya’ni 05:00 bir qariya o‘z uyidan sirli ravishda ketib qoladi. U ish stolida ochiq holda qolgan Fyodor Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” asari hamda rafiqasiga atalgan vidolashuv maktubini qoldiradi. Uydan chiqib ketish va safar davomida hayotdan ko‘z yumish uning taqdiriga bitilgandi. Bu qariyani Lev Tolstoy deb atashardi.

Foto: Pikabu

O‘z navbatida, uning bu xatti-harakati quyidagi ajoyib aforizmga to‘la mos kelardi: “Rus kishisi qanday yashay olsa, shunday o‘la oladi ham”.

Haqiqatan shunday. Tolstoyning hayot va o‘lim yo‘li shu qadar sir-sinoatga to‘la ediki, bu uning butun hayoti va adabiy faoliyatini qamrab olgandi. Har holda bu hodisa o‘sha davrda Rossiya va dunyo miqyosidagi dolzarb voqeaga aylangandi. Aytish mumkinki, butun olam Tolstoyning o‘limi bilan yashagandi. U haqidagi har qanday suhbatda “nega u qochib ketdi?” “qayerga ketayotgan edi?” “nimani istagandi?” kabi savollarni chetlab o‘tishning imkoni yo‘q edi. Savollar esa javobsiz qolardi.

To‘g‘rirog‘i, javoblar haddan ziyod ko‘p edi. O‘z o‘rnida jamoatchilik nazarida tasdiqlangan eng mashhur javoblardan biri shunday edi: “Tolstoyni cherkovdan haydashdi va u bundan kuchli qayg‘uga tushdi. Shu bois u o‘limi oldidan tavba qilish uchun Optina sahrosi tomon yo‘lga chiqdi. Biroq bunga ulgurmadi va yo‘lda halok bo‘ldi”.

Yozuvchi va davlat to‘qnashuvi

Lev Nikolayevichning so‘nggi xatti-harakatlari va uni kuzatib borgan shaxslarning guvohliklari politsiya protokoliga kiritilgan. Unga muvofiq, Tolstoy haqiqatan ham Optina sahrosida bo‘ladi. So‘ng opasi yashaydigan Shamordino qishlog‘iga boradi. U yerdan keyin Kozelsk va Belyov manzillariga tashrif buyuradi. Oxirida Novocherkasskda umrguzaronlik qilayotgan jiyaninikiga borib, so‘ng xorijga chiquvchi pasport olmoqchi va Bolgariya tomon ketmoqchi bo‘ladi. Agar niyati amalga oshmay, Bolgariyaga keta olmasa, Kavkazga jo‘nashni ko‘zlaydi. Demak, Optina sahrosiga borish Tolstoyning xayolida ham bo‘lmagan. U bu sahrodan xuddi Yasnaya Polyanani tark etgani kabi o‘tib ketgan.

Foto: Pikabu

Ma’lumki, Tolstoy poklanishga ehtiyoj sezmagan. Bunday noto‘g‘ri talqinni uning nomidan qalbaki sana bilan keyinchalik yozib qo‘yishadi. Yepiskop Tulskiy Parfeniy Tolstoy o‘limidan biroz avval “yozuvchi cherkov bilan yaqinlashish niyatida” deya bir qancha intervyu beradi. Biroq haqiqat butunlay boshqacha edi. Mamlakat Vazirlar Mahkamasining raisi Pyotr Stolipin sinodga rasmiy ravishda Tolstoy atrofidagi mish-mishlarga aniq yechim topishni buyuradi. Negaki, Tolstoyning kasalligi haqidagi so‘nggi xabarlar “yuqori doira”dagilarda xavotir uyg‘otgandi. O‘z navbatida, sinod zudlik bilan yeparxiya rahbariyatiga xabar beradi va Lev Tolstoy bilan aloqa o‘rnatishni va uni cherkov oldida poklanishga ko‘ndirishga harakat qilishni topshiradi. Aslida Tolstoyni tavba qildirishdan faqat cherkov emas, balki davlat ham manfaatdor edi.

Shundan so‘ng “Tolstoy tavba qiladimi yoki yo‘qmi” degan masala davlat xavfsizligi masalasiga aylanadi. Bu bo‘rttirish emasdi. O‘sha voqealarning guvohi bo‘lgan adabiyotshunos Aleksey Suvorin shunday yozadi: “Bizda ikkita podshoh bor — Nikolay II va Lev Tolstoy. Ulardan qaysi biri kuchli? Tolstoy, shubhasiz, Nikolayning toji va sulolasini titratib turibdi. Unga kim ham tegina olishi mumkin? Mabodo kimdir shunga jur’at qilsa, butun dunyo bu borada jar soladi va shunda biznikilar tilini tiyib qoladi”.

Lev Tolstoy bilan hokimiyat o‘rtasidagi bunday kurash uchun avvalo hokimiyatning o‘zi aybdor edi. Chunki ular anchadan beri Tolstoyni cherkovdan chetlashtirish masalasini ko‘rishayotgan edi. 1888-yili yepiskop Xersonskiy Nekonor faylasuf Nikolay Grataga shunday yozgandi: “Biz Tolstoyni haqiqatan ham chetlashtirmoqchimiz”. Ammo shunga qaramay, oxirgi qarorni podshoh aytardi. Aleksandr III bunday darajadagi yozuvchining cherkov bilan munosabatlarini o‘ta jiddiy tarzda hal etish kerakligini tushunardi. U shunday degandi: “Men Tolstoyga poklik gulchambarini taqishni istamayman”. Ammo uning o‘g‘li Nikolay II otasining ogohlantirishini inobatga olmadi va Tolstoyni cherkovdan chetlashtirish 1901-yilda sodir bo‘ldi. Natijada bu hodisadan so‘ng Tolstoyning obro‘yi juda oshib ketadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, “yozuvchi va davlat to‘qnashuvi”da yozuvchi ustun kelgandi.

Foto: Pikabu

Keyingi voqealar o‘rtadagi qarama-qarshilikni g‘oyat jiddiylashtirib yubordi. Ayniqsa, bu Tolstoyning nashriyotga aloqador loyihalari bilan bog‘liq edi. Uning xalq uchun kitoblar chop etuvchi “Posrednik” firmasi hamisha o‘tkir senzura ta’qibi ostida edi. 1885-yildan to 1889-yilgacha bu yerda chop etilgan kitoblarning umumiy adadi 12 millionga yetadi. Bu raqamlar yanada ortishi mumkin edi. Biroq bunga yo‘l qo‘yishmadi. O‘shanda hukumatning nashr etish ishlari bo‘yicha bosh boshqarmasi rahbari Yevgeniy Feoktistov tortinmasdan “Posrednik”dan jirkanchroq hech narsa yo‘q va bo‘lishi ham mumkinmas” degandi.

10 yil davom etgan haqoratlar

“Bu yerda qanday jirkanch narsa bo‘lishi mumkin” degan savol ko‘pchilikni qiynardi. Oqibatda Fyodor Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” asaridan parchani xalqqa tarqatishga yo‘l qo‘yishmadi. Chunki asardagi “Qariya Zosim hikoyalari” “pravoslav g‘oyalariga zid” deya baholandi. Shundan keyin “Har kungi maqollar” kitobini ham taqiqlashdi. Unda ham “cherkov g‘oyalari va podshoh xonadonidagi nasl-nasab jadvaliga mos hech narsa yo‘q” deb aytildi.

Lev Tolstoy esa bularning barchasidan bosh olib ketishni istadi. Biroq Tolstoy o‘ziga bo‘lgan bosim va haqoratlarga chidashga majbur bo‘ladi. Bu ham yetmaganidek, Ioann Kronshtadtskiy Tolstoyning o‘limini ommaviy tarzda so‘radi: “Ey Xudo, ilohim bu yer yuzidan yovuz va daxriy Tolstoyni yo‘qot!” (“Kun yangiliklari” gazetasi, Moskva, 1908-yilning 14-iyul soni). Kundaliklarda esa Ioanning so‘zlari shunday tarzda keltirilgan: “Ey Xudo, o‘ziga mahliyo bu yovuzni yer yuzidan daf qil”.

Bu kabi haqoratlar 10 yil davomida Tolstoy boshiga muttasil yog‘ildi. Bu haqda hatto olamshumul mish-mishlar, latifalar to‘qildi. Ulardan birida shunday deyiladi: “Moskva hushyorlik jamiyati Tolstoyni o‘z safidan chetlashtirdi. Chunki graf (Lev Tolstoy) jamiyatning faxriy a’zosi va faxrli rus hushyor kishisi sanalardi, aynan mana shu hushyorligi uchun ham u xudojo‘y bo‘lolmasdi”.

Tolstoy atrofdagi voqealarga xotirjam qaradi, u indamay ishladi, o‘yladi, yer haydadi. Kutilmaganda hech qanday reja va sababsiz uyidan bosh olib ketadi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, u to‘g‘ri o‘lim tomon yo‘l olgandi. Yoki buning boshqa sababi bo‘lganmikin?

Foto: Pikabu

Mazkur sirli xatti-harakat bo‘yicha bildirilgan ko‘plab fikr-mulohaza va taxminlar ichida protoiyerey (oliy martabali ruhoniy) Sergey Bulgakov eng maqbul ta’rifni beradi: “Tolstoyning o‘limi uning ajoyib hayot yo‘lini yoritdi. U haqiqatga chanqoq odam edi”. Chindan ham Lev Tolstoy shunchaki oliy haqiqatni izlash uchun yo‘lga chiqqandi. Negaki, u bu haqiqatni o‘z uyida, o‘z atrofida topolmagandi. Yozuvchi buni o‘z o‘limida topgan bo‘lsa ajabmas.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.